Eng yaxshi darslik- u yillar davomida yaratiladi
Ma'lumki, mamlakatimizda barcha jabhalarda bo’lgani kabi ta'lim sohasida ham keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar negizida darsliklarning yangi avlodini yaratish va ular bilan o’quvchilarni ta'minlash eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu sohada ham keyingi yillarda qator o’zgarishlar bo’lib, yangiliklar kiritilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, islohotlar nafaqat qurilish sohasida, balki ta'limning negizi bo’lgan uning mazmuni, samaradorligi va sifatini oshirish bo’yicha ham olib borilmoqda.
Umumta'lim maktab o’quvchilarining darsliklar va o’quv qo’llanmalar bilan ta'minlanganligi hamda DTS, o’quv dasturlarining takomillashtirilishi va ular asosida yangi avlod darsliklarining yaratilishi ta'lim mazmunining sifat darajasini oshirishda asosiy omillardan hisoblanadi.
Bugungi kundagi o’zgarishlar va natijalar o’z-o’zidan amalga oshib qolgani yo’q. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o’z taraqqiyot yo’li va istiqlolini belgilab olgan mamlakatda bugun amalga oshirilayotgan islohotlarning poydevoriga asos solingan edi. Xususan, darsliklarni yaratish borasida o’tgan qisqa davrga nazar solsak, bu borada ham ko’lamli ishlar amalga oshirilganligining guvohi bo’lamiz.
Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi 4-sonli qaroriga binoan 1-sinflar va maxsus maktab o’quvchilaridan tashqari darsliklar ochiq savdo orqali amalga oshirilishi belgilangan edi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo’naltirilgan tarzda qo’llab-quvvatlash maqsadida 2002 yildagi Vazirlar Mahkamasining 33-sonli qarori asosida kam ta'minlangan oila farzandlari darsliklar bilan har yili bepul ta'minlanib kelinmoqda.
Aytish mumkinki, bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi "2005-2009 yillarda umumta'lim maktablari uchun darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalar nashr etish dasturi to’g’risida"gi 548-sonli qarori asosida takomillashtirilgan davlat ta'lim standartlari va modernizatsiya qilingan o’quv dasturlari talablariga javob beradigan zamonaviy darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalarning yangi avlodini tayyorlash, nashr etish va maktablarni ular bilan ta'minlashning kompleks tizimi yaratildi.
Ma'lumki, darsliklar asosan Rossiyalik mualliflar tomonidan yaratilar va boshqa tillarga tarjima qilinib, markazlashtirilgan holda tarqatilar edi.
Mustaqillikka erishilgandan so’ng ta'limning negizi bo’lgan darsliklar masalasiga hukumat tomonidan jiddiy e'tibor qaratila boshlandi. Ushbu e'tibor va sa'y-harakatlar samarasi o’laroq, hozirgi kungacha barcha fanlar bo’yicha darsliklarni yaratuvchi mualliflar guruhlari to’liq shakllantirishga erishildi.
Ularning tarkibiga sohaning yetuk mutaxassislari - olimlar, metodistlar va tajribali o’qituvchilar jalb qilindi.
Endilikda to’la e'tirof eta olamizki, mamlakatimizda maktab o’quvchilari uchun zamon talablariga mos darsliklarni yarata oluvchi mualliflar guruhi shakllandi va samarali faoliyat ko’rsatmoqda.
Mualliflar tarkibini tanlash orqali ular orasida vujudga kelgan sog’lom raqobat natijasida darsliklarning mazmuni yanada boyitildi va sifati yaxshilandi.
Darslik mazmun jihatidan mukammal bo’lsa-da, uning sifati, ko’rinishi o’quvchi yoshiga va fan yo’nalishiga mos kelmasa, estetik did bilan bezatilmasa, u bolani o’ziga jalb eta olmaydi.
Bola dastlab darslikni qo’liga olishi bilan kitob uni o’ziga rom etishi, undagi illyustratsiyalar va rasmlar qiziqtirishi, bir so’z bilan aytganda, bolaga yoqishi va uning o’qishga bo’lgan mehrini oshirishi zarur.
Shu ma'noda, qo’lyozmalarni tanlash, darsliklarni nashr etish yuzasidan nashriyotlar va bosmaxonlar o’rtasida tender savdolarini o’tkazish orqali darsliklarning matbaa sifati va dizayni hamda chidamliligi yaxshilanishiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Bu o’z navbatida matbaa korxonlarning zamonaviy, eng so’ngi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlanishiga va buyurtmachining talablari darajasidagi mahsulotni yetkazib berishiga ijobiy ta'sir etayapti.
Natijada, bu yil o’tgan yillarga nisbatan sifatli va dizayni mukammal ishlangan darsliklar qabul qilib olinishiga erishildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Umumta'lim maktablarini darsliklar bilan ta'minlashni takomillashtirishning qo’shimcha chora tadbirlari to’grisida"gi qarorida o’quvchilarni darsliklar bilan ta'minlashning mavjud tizimini yanada rivojlantirish, darsliklarni nashr etishga buyurtmalarni shakllantirish mexanizmi hamda ijara tizimini, shuningdek darsliklar chakana savdosi keng tarmog’ini tashkil qilishni takomillashtirishning aniq yo’nalishlari belgilab berildi.
Ushbu qarorda darsliklar bilan ta'minlashning yangi tartibi, ya'ni, darsliklarning 1-sinf o’quvchilari uchun har yili, 2-4 - sinf o’quvchilari uchun har 2 yilda, 5-9 - sinf o’quvchilari uchun har 4 yilda yangilanishi joriy etildi.
Shuning bilan birga umumta'lim maktablari kutubxona fondlarini xatlovdan o’tkazish, joylarda tashkil etiladigan darsliklar va o’quv qo’llanmalarning ixtisoslashtirilgan ko’rgazma-yarmarkalarini tashkil etish orqali chakana savdoni rivojlantirish, bu jarayonga ota-onalar, pedagoglar jamoasini keng jalb etish orqali yangi o’quv yili uchun prognoz kvotalarni shakllantirish borasida aniq ko’rsatmalar berildi.
Hukumatimiz tomonidan o’quvchilarni darsliklar bilan ta'minlashga yuksak e'tibor qaratilayotgan bir paytda, davlat byudjeti mablag’lari evaziga xarid etilayotgan darsliklarni asrab-avaylash o’ta muhim masalalardan biridir.
Qarorda ushbu masalaga ham e'tibor qaratilgan bo’lib, kutubxonalardagi darsliklar va o’quv metodik qo’llanmalarni saqlash uchun tegishli shart-sharoitlarni ta'minlash hamda o’quvchilar o’rtasida darsliklarni avaylab-asrash tuyg’usini rivojlantirishga yo’naltirilgan tarbiyaviy ishlar olib borilishini tashkil etish umumta'lim maktablari kutubxonachilari ishining asosiy mezonlaridan biri ekanligi belgilab berilgan.
O’z navbatida, ishiga sidqidildan yondashib, o’rnak ko’rsatib mehnat qilayotgan kutubxonachilar faoliyati ham e'tibordan chetda qolmaydigan bo’ldi.
Joriy yilning 1 sentabridan boshlab direktor jamg’armasi mablag’lari hisobiga kutubxonachilarning tarif stavkasiga mansab maoshining 20 foizigacha miqdorda ustama haqi belgilanib, ularni rag’batlantirish mexanizmi joriy etildi.
- Ta'kidlash joizki, ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida, eng avvalo o’quvchi va ota-onalar uchun qulayliklar yaratish, ayniqsa kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadi mujassam.
Darsliklarni ijaraga berish tizimi ham xuddi shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida darsliklarning narxi balandligini inobatga olib, ota-onalarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, davlat mablag’laridan samarali foydalanish, darsliklar sifatini yaxshilash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 5 fevraldagi "Ona va bola" Davlat dasturi to’g’risida"gi 68-sonli qaroriga binoan, 2001-2002 o’huv yilidan boshlab Respublikamizning umumta'lim maktablarida o’quvchilarni darsliklar bilan ta'minlash ijara tizimini joriy etish bo’yicha tajriba-sinov ishlari boshlandi.
Bu tizim ota-onalar, o’qituvchilar tomonidan qo’llab-quvvatlanganligi bois 2002-2004 yillar davomida 2,3,4,5 va 9-sinf darsliklari respublika miqyosida ijaraga kiritildi.
O’tgan o’quv yilida ushbu tizim bosqichma-bosqich joriy etilib, 6-7 - sinflar hamda 2006-2007 o’quv yilidan esa 8-9 - sinflar to’liq ijara tizimiga o’tkazildi.
Bu demak, ota-onalar va o’quvchilarga qulaylik yaratgan ijara tizimi maktablarimizning 2-9 - sinflarida to’liq joriy etildi va mazkur tizim bugungi kunda muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Umumta'lim maktablari uchun darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalarni moliyaviy mablag’larni birlashtirish yo’li bilan byudjet va byudjetdan tashqari mablag’lar hisobidan chop etish, yetkazib berish va sotilishining barqaror hamda uzluksiz moliyalashtirilishini ta'minlash, shuningdek ulardan maqsadli foydalanishni samarali boshqarish va amalda nazorat qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 1 iyundagi "O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Respublika maqsadli kitob jamg’armasini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori e'lon qilindi.
Qarorda umumta'lim maktablari o’quvchilarini darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalar bilan ta'minlash uchun mo’ljallangan byudjet va homiylik mablag’lari, xalqaro moliya institutlarining kredit va grant mablag’lari, darsliklarning ijara to’lovlarini jamlash, ushbu mablag’lardan samarali foydalanishni tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, umumta'lim maktablari kutubxona fondlari, shu jumladan ijara tizimi asosida darsliklar bilan o’quvchilarni ta'minlash uchun darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalarni sotib olish va yetkazib berishni moliyalashtirish ham qarorda o’z aksini topgan.
Nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob savdosi bilan shug’ullanuvchi korxonalar ishini yanada takomillashtirish va muntazam ishda qo’llab-quvvatlash uchun ularga qisqa muddatli maqsadli ssuda ajratish yo’li bilan ko’maklashish ko’zda tutilgan.
Jamg’arma mablag’lari tushumi, ulardan maqsadli va samarali foydalanish ustidan monitoringni amalga oshirish kabi vazifalar ham mazkur qarorda belgilab berildi.
-2006-2007 o’quv yili uchun jami 21,4 mlrd. so’mlik 23,9 mln. nusxa, o’tgan o’quv yilidagiga (16,8 mln. nusxa, 14,2 mlrd. so’m) nisbatan 7,2 mlrd. so’mlik yoki 7,1 mln. nusxa ko’p darslik va o’quv qo’llanmalarini chop etish bo’yicha shartnomalar imzolandi hamda davlat byudjeti hisobidan 14,4 mln. nusxa (13,1 mlrd. so’mlik), ORB krediti hisobidan 4,2 mln. nusxa (3,3 mlrd. so’mlik), Darsliklar Aylanma Jamg’armasi hisobidan 5,3 mln. nusxa (5,0 mlrd. so’mlik) darsliklar xarid qilindi.
Shundan 2,6 mln. nusxani (1,6 mlrd. so’mlik) 1-sinflar uchun, 584 ming nusxani (0,3 mlrd. so’mlik) kam ta'minlangan oila farzandlari va mehribonlik uylari hamda maxsus maktab o’quvchilari uchun, 20,7 mln. nusxani (19,5 mlrd. so’mlik) ijara tizimi uchun darsliklar tashkil etadi.
Natijada, o’tgan 2005-2006 o’quv yili uchun 463 nomda 16,8 million nusxada darsliklar va o’quv-metodik qo’llanmalar chop etilgan bo’lsa, 2006-2007 o’quv yili uchun 7,1 mln. nusxa ko’p darsliklar chop etildi.
Respublika umumta'lim maktablari o’quvchilarining darslik va o’quv qo’llanmalar bilan umumiy ta'minlanishi 2005 yil boshida o’rtacha 82.3 % ni tashkil etgan bo’lsa, 2006 yilda 92,1 % ni tashkil etdi, ya'ni umumiy ta'minlanish 9,8% ga o’sdi.