Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 5 avgustdagi 372-son qaroriga 7-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi to‘g‘risida NIZOM
Mazkur Nizomga O‘zR VM 02.10.2006 y. 207-son Qaroriga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Vazirlik tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) xalq ta’limi bo‘limlari hamda idoraviy mansub boshqa muassasalar, korxonalar va tashkilotlar kiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) xalq ta’limi bo‘limlari ikki tomonlama bo‘ysunishda bo‘ladilar va Vazirlikka hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga hisob beradilar.
4. Vazirlik o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek Vazirlik tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlikka ajratiladigan mablag‘lar doirasida davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari, idoraviy mansub boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar yuridik shaxs hisoblanadilar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladilar.
II. VAZIRLIKNING VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, pedagog kadrlarning, ayniqsa boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilarining malakasini va kasb darajasini oshirish;
umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standartlarini, har tomonlama rivojlangan va mustaqil fikrlashga qodir bo‘lgan shaxsni shakllantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlaydigan maktabgacha va maktabdan tashqari ta’limga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish;
o‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mamlakatning taraqqiyoti va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan milliy mustaqillik g‘oyalarini amalga oshirish;
idoraviy bo‘ysunushidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim uchun o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodlari yaratilishi va nashr etilishini tashkil etish;
idoraviy mansub ta’lim muassasalarida moddiy-texnik shart-sharoitlarning yanada mustahkamlanishini ta’minlaydigan normativ baza yaratish, jamiyat va davlat manfaatlarini qoniqtiradigan ta’lim sifati va mazmunini oshirish;
tizimli asosda pedagog kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish, jamiyatda ta’lim xodimlarining ijtimoiy maqomini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ta’lim muassasalarida bolalar sporti rivojlantirilishini ta’minlash va ularning sport bazasini mustahkamlash.
8. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda "Ta’lim to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi, vazifalari va qoidalarini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini va uning aniq bo‘g‘inlarini rivojlantirishning ilmiy asoslangan prognozlarini ishlab chiqadi;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchun davlat talablarini belgilaydi;
ta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayoniga ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
ta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’lim, professional pedagogik ta’lim davlat standartining joriy etilishini ta’minlaydi;
umumta’lim, fundamental, ijtimoiy-gumanitar hamda umumiy kasb-hunar predmetlari va fanlarini o‘qitishning o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, Vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalari uchun o‘quv-metodik hujjatlarni tasdiqlash va chiqarish tartibini belgilaydi;
o‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o‘quv-metodik komplekslarini yaratadi va o‘quv-tarbiya jarayonini didaktik ta’minlaydi;
o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlariga metodik rahbarlikni amalga oshiradi, ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
maktabgacha ta’limning, shu jumladan bolalarni oila sharoitlarida tarbiyalash sharoitlarida ham, samarali psixologik-pedagogik metodlarini qidirib topish va joriy etishni amalga oshiradi;
o‘quvchilar bilan maktabdan tashqari ishlarning, shu jumladan bolalar turizmi va xalq hunarmandchiligining mavjud turlari va shakllarini takomillashtiradi, ularning milliy turlari va shakllarini qayta tiklaydi va yangilarini joriy etadi;
bolalar sportini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil qiladi;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining, o‘quv-pedagogik markazlar va kabinetlarning pedagoglar jamoalarini o‘quv-metodik materiallar va darsliklarni tezkorlik bilan ishlab chiqishga, yangi pedagogik texnologiyalarni, barcha turdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga istiqbolli yondashuvlarni ishlab chiqishga, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish muammolarini hal etishga keng jalb etishni ta’minlaydi;
o‘sib kelayotgan avlodni ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashning milliy mustaqillik g‘oyalariga, boy milliy madaniy-tarixiy an’analarga, xalq urf-odatlariga va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy hamda pedagogik shakl va vositalarini ishlab chiqadi va joriy qiladi, shaxsni tarbiyalash va har tomonlama kamol toptirish ustuvorligini ta’minlaydi;
umumta’lim o‘quv yurtlarini o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablarni ishlab chiqadi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda umumta’lim maktablarini zamonaviy maktab partalari, axborot texnologiyalari va o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga tanlov savdolari o‘tkazadi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar bilan birgalikda ilg‘or pedagogik tajribani ommalashtirish va joriy etishni ta’minlaydi;
Vazirlik tizimi ta’lim muassasalarining ota-onalar, oilalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar bilan ijodiy faol, O‘zbekiston mustaqilligi g‘oyalariga sadoqatli va jamiyat taraqqiyotiga aniq ulush qo‘shishga layoqatli shaxsni kamol toptirish bo‘yicha o‘zaro yaqin hamkorligini amalga oshiradi;
iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishning metodologiyasini, psixologik-pedagogik va tashkiliy shart-sharoitlarini yaratadi hamda ma’lumotlar bankini shakllantiradi, iqtidorli bolalar va yoshlar monitoringini olib boradi;Vazirlik tizimida xorijiy tillarni faol o‘rganish hamda ularni o‘rganishning jadallashtirilgan metodlarini joriy etish, davlat tilida lug‘atlar va ma’lumotnoma adabiyotlarni nashr etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
o‘qituvchilarning (o‘quv fanlari va soatlari bo‘yicha) o‘rin almashish tartibini belgilaydi, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining sinfdan tashqari faoliyatini tartibga soladi;
umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining bilimlarini baholashning reytingli tizimini, pedagog kadrlar tayyorlash sifati hamda Vazirlik tizimida ularga bo‘lgan ehtiyojlar monitoringi tizimini ishlab chiqish va joriy etishda qatnashadi;
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va "Ta’lim to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni amalga oshirilishi monitoringini olib boradi;
to‘liq davlat ta’minoti asosida yetim bolalarni hamda ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni davlat va nodavlat ta’lim muassasalari ta’minotiga olish, o‘qitish, tarbiyalash va kasb-hunarga tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratadi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni o‘qitish, tarbiyalash va ta’minlashni tashkil qiladi, kasb-hunarga tayyorlashni takomillashtiradi, ularning ijtimoiy- maishiy sharoitlarini va moddiy ta’minotini, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va sog‘lomlashtirishni takomillashtiradi, ixtisoslashtirilgan maktabgacha tarbiya muassasalari va maktablar shoxobchalarini rivojlantiradi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda aholining maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, maktabgacha yoshdagi bolalarni to‘laqonli jismoniy va aqliy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi, bolalar va o‘smirlar uchun maktabdan tashqari va o‘quv-tarbiya muassasalari shoxobchalarini rivojlantiradi, o‘sib kelayotgan avlodning ijodiy faoliyatini va sog‘lom hordig‘ini, ularning qiziqishlari va istaklarini qondirishni, qobiliyati va iste’dodini har tomonlama rivojlantirishni ta’minlovchi muassasalar komplekslarini tashkil qiladi;
ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish qoidalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
Vazirlik tizimidagi oliy pedagogika ta’lim muassasalari, o‘quv-tarbiya va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda ta’lim sohasida vazirlikning ilmiy-texnika dasturini ko‘rib chiqadi va shakllantiradi, uni amalga oshirishga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilaydi; (O‘zR VM 02.10.2006 y. 207-son Qarori taxriridagi xat boshi)
oliy pedagogika o‘quv yurtlari, Qori-Niyoziy nomidagi Respublika ilmiy tadqiqot instituti, Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti huzurida aspirantura va doktorantura orqali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasiga fanlar doktori va nomzodi ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalar himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kengashlar raislari nomzodlarini hamda shaxsiy tarkibini kelishish, tegishli kengashlarga dissertatsiyalarni himoya qilish uchun qabul qilib olish, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish huquqi beriladigan mutaxassisliklar ro‘yxatini kelishish va tasdiqlash uchun taqdim etadi;
aspirantura va doktorantura orqali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash rejalarini ishlab chiqadi; (O‘zR VM 02.10.2006 y. 207-son Qarori taxriridagi xat boshi),
pedagogika institutlari rektorlari lavozimiga tayinlash uchun nomzodlarni Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etadi;
idoraviy mansub oliy pedagogika o‘quv yurtlari, Vazirlik tizimidagi respublika korxonalari, tashkilotlari va muassasalarining ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
o‘quvchilarni yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risidagi va ta’lim muassasalarida eksternat to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha qonun hujjatlari va Hukumat qarorlari loyihalariga doir takliflarni belgilangan tartibda kiritadi;
ta’lim masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishni tashkil qiladi, respublikada umumiy o‘rta ta’limning ahvolini qiyosiy tahlil qiladi, uni rivojlantirish tendensiyalarini belgilaydi;
ilmiy-metodik jurnallar, gazetalar, Vazirlik buyruqlari va yo‘riqnomalari to‘plamlarini nashr etish yo‘li bilan ta’lim sohasidagi ilmiy-texnik va pedagogik axborotlarni ommalashtiradi;
ta’lim muassasalarining moddiy bazasini mustahkamlash va rivojlantirish hamda ularni texnika bilan qayta jihozlash, Vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarda moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalanish sohasida normativ talablarni ishlab chiqadi va yagona yondashuvni ta’minlaydi;
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan o‘quv-tarbiya muassasalari qurilishi bo‘yicha bosh buyurtmachi funksiyasini bajaradi;
ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida marketingni rivojlantirish, pulli maslahat berish va qo‘shimcha (asosiy ta’lim dasturlarida nazarda tutilmagan) ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish yo‘li bilan ta’lim xizmatlarining raqobat bozorini shakllantiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bolalar, o‘quvchilar va pedagoglar salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlashni ta’minlash ishlarini amalga oshiradi;
respublikaning manfaatdor vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari, uyushmalari bilan birgalikda maktab sport musobaqalarini, turistlar slyotlarini, texnika ijodkorligi ko‘riklarini, maktab olimpiadalarini, pedagog xodimlar o‘rtasida sport musobaqalarini hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tarbiyalash va shaxsni kamol toptirishga yo‘naltirilgan o‘quv-tarbiyaviy tusdagi boshqa tadbirlarni tashkil qiladi va o‘tkazadi;
belgilangan tartibda maktabgacha, maktabda, maktabdan tashqari, oliy pedagogik ta’lim va malaka oshirishning muhim masalalari bo‘yicha kengashlar, seminarlar va konferensiyalar chaqiradi;
Vazirlik tizimidagi pedagog xodimlarni, o‘quvchilar va talabalarni, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar xodimlarini mehnatda va o‘qishdagi yuqori ko‘rsatkichlari, o‘quvchi yoshlarni o‘qitish va tarbiyalashdagi faol ishtiroki hamda homiylik ko‘magi uchun Hukumat mukofotlariga belgilangan tartibda taqdim etadi va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlaydi;
ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish va kontingenti ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi, respublika budjetidan moliyalashtiriladigan muassasalar ta’minotiga hamda Vazirlik tizimidagi markazlashtirilgan tadbirlar uchun navbatdagi rejalashtirilgan yilga budjet buyurtmanomalarini shakllantiradi, davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobini tashkil qiladi;
ta’lim darajalarining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash, o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarni uyg‘unlashtirish uchun Vazirlikning Umumiy o‘rta, kasb-hunar ta’limi markazi bilan faoliyatini muvofiqlashtiradi;
vasiylik kengashlari faoliyati tashkil etilishiga va umumta’lim maktablari bilan jamoatchilik o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ta’minlashga ko‘maklashadi;
umumta’lim maktablarida axborot-tahliliy va prognoz ishlari olib borilishini ta’minlaydi;
ilg‘or tajribani o‘rganish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida umumta’lim muassasalari tomonidan, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning maktab ta’limi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratilishi ishlarini tashkil etadi va ularni qo‘llab-quvatlaydi;
Vazirlik va umumta’lim muassasalari faoliyatini keng yoritish yuzasidan ommaviy axborot vosistalari bilan ish olib borilishini tashkil etadi.
9. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek hududiy bo‘linmalar, tasarrufidagi boshqa muassasalar orqali hal qiladi.
III. VAZIRLIKNING HUQUQLARI VA JAVOBGARLIGI
10. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tegishli vazirliklar va idoralardan, Vazirlikning hududiy bo‘linmalaridan statistik, prognoz va hisobot ma’lumotlarini olish;
ta’lim bo‘yicha alohida masalalarni hal etish, ta’lim muassasalari ishlarini takomillashtirish, ularning o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadrlarni tayyorlash, davlat ta’lim muassasalari xodimlarining, o‘quvchilar va talabalarning belgilangan ijtimoiy muhofazasini ta’minlash yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
maktabgacha, maktabda, maktabdan tashqari, oliy pedagogik ta’lim muassasalari tomonidan, ularning mulkchilik shakllari va bo‘ysunishidan qat’i nazar, "Ta’lim to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda ta’lim masalalari bo‘yicha boshqa qonun hujjatlari bajarilishini belgilangan tartibda tekshirish;
ta’lim masalalari bo‘yicha qonun hujjatlari qo‘llanilishi amaliyotini umumlashtirish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
ta’lim tizimini va uning muayyan bo‘g‘inlarini rivojlantirishning dolzarb va istiqbolli muammolarini ishlab chiqish uchun vaqtinchalik ilmiy jamoalar tashkil etish;
o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari hamda metodik materiallar to‘g‘risida xulosalar tayyorlash, pedagogika fani yutuqlaridan va ilg‘or tajribadan foydalanish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish uchun ilmiy-metodik kengash tashkil qilish, metodik kengash tarkibini va kengash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
davlat budjeti mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda jamlash hamda ushbu mablag‘larni darsliklar sotib olishga va yil mobaynida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa markazlashtirilgan tadbirlarga yo‘naltirish.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar bajarishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga haqlidir.
Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
12. Vazirlik maktabgacha, umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, oliy pedagogik ta’lim sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash hamda pedagog kadrlar malakasini oshirish, shuningdek o‘ziga yuklangan vazifalarning zarur darajada bajarilishi uchun javob beradi.
IV. VAZIRLIK FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
13. Vazirlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan vazir boshqaradi.
Vazirning uch nafar o‘rinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
14. Vazir:
vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z o‘rinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, o‘z o‘rinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning Vazirlik faoliyati alohida uchastkalariga rahbarligi va idoraviy mansub organlar va muassasalar ishlari uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida uning shtat jadvalini, shuningdek Vazirlik markaziy apparatining, idoraviy mansub organlar va muassasalarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiruvchi idoraviy mansub boshqa muassasalarning nizomlari (ustavlari)ni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, hududiy bo‘linmalar rahbarlarini, Vazirlik tizimiga kiruvchi idoraviy mansub boshqa muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Vazirlikda tarkibida Vazir (hay’at raisi), Vazir o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra) va Vazirlikning boshqa rahbar xodimlari bo‘ladigan to‘qqiz kishidan iborat hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning shaxsiy tarkibi Vazirning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik hay’ati Vazirlik faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rib chiqadi, Vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, idoraviy mansub boshqa organlar va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi, Vazirlikning muhim buyruqlari va boshqa hujjatlari loyihalarini muhokama qiladi.
Hay’at qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir bilan hay’at o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda, Vazir o‘z qarorini amalga oshiradi. Vazir paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor qiladi.
16. Hududiy bo‘linmalar o‘z faoliyatini tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri tomonidan tayinlanadilar.
Tumanlar (shaharlar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri tomonidan tayinlanadilar.
17. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
"O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami", 2004 yil, 31-son, 356-modda.
Maqola sanasi: