QAHRAMONLAR - YURT FAXRI
O’zbekiston qahramoni- Manzura Abdullaevna Madalieva
Manzura Abdullaevna Madalieva 1947 yil Qo'qon shahrida tug'ilgan.
1965 yil o’rta maktabni tugatib, Qo’qon pedagogika institutida yangi tashkil etilgan matematika fakultetining qaldirg'och 25 nafar talabasidan biri bo’ldi o’qish davrida shahardagi 3-o’rta maktabda pedagogik amaliyotni o’tadi. Maktab sahnasida o’quvchilar ishtirokida o’zi ssenariy yozib, o’zi sahnalashtirib, matematika kechasi o’tkazdi. Bu kecha maktab o’qituvchilarida "Ertaga bizning o’rnimizga keladigan yosh mutaxassislar, o’z ishini eplab ketadi", degan ishonchni tug'dirgan bo’lsa, o’quvchilarda matematika faniga bo’lgan qiziqishni o'yg’otdi. Bolalar amaliyotchi opa ketidan qolmay, undan matematik amallarga, matematik terminlarga aloqador juda ko’plab savollarni so’ray boshladilar. Institutni tamomlagan yosh mutaxassisni shahar markazidagi 10-sonli o’rta maktabga matematika o’qituvchisi sifatida ishga yubordilar. Manzura Madalieva 30 yildan buyon matematika va hisoblash texnikasi asoslari fanidan o’quvchiilarga saboq beradi. Maktabda M.Madalieva ishga kelgan yildan boshlaboq matematika kechalari o’tkazila boshlandi. Dastlab, 5-6 nafar o’quvchi bilan boshlangan darsdan tashqari bo’ladigan to’garak mashg'ulotlari, keyinchalik 25-30 nafar o’quvchisiz o’tmaydigan bo’ldi. Algebra, geometriya fanlarini xushlamaydigan o’quvchiilar endi opaning izidan qolmaydigan bo’ldilar. "Opoy, manavi masalani ko’rib bering, opoy men matematika kechasiga qanday she'r yodlab kelay". hamma ishda eng qiyini boshlab olish. Ssenariylarni o’zi yozgan, sahna kiyimlarini o’z mablag'idan, o’zi tuni bilan uxlamay tikib chiqqan o’qituvchini bir narsa, matematikaga oid, turli xil formula va raqamlarni jonli va ifodali qilib ochib beradigan so’z va she'rlarning kamligi qiynardi. Tabiatan shoir emasmi, o’zi matematika kechalarida aytiladigan, to’rtburchak, uchburchak, aylana nomidan she'rlar yozib, keyinchalik she'r va ssenariylarni to’plab kitob holida nashr ettirdi. Jonkuyar, ijodkor o'qituvchi Manzura Madalieva 1997 yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov farmoni bilan "O’zbekiston Qahramoni unvoni" hamda "Oltin yulduz" medaliga sazavor bo’ldi
O’ZBEKISTON QAHRAMONI - MAVLUDA ISMATOVA
Mavluda Ismatova 1943 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan. 1968 yilda Toshkent davlat pedagogika institutini tugatgan. U pedagoglik faoliyatini 1968 yildan 273-maktabning boshlang'ich sinflariga saboq berishdan boshlagan. 1975 yildan esa M.Ismatova yuqori sinflarga ona tili va adabiyoti fanidan ta'lim bera boshladi. 1979 yildan ushbu maktabning o'quv-tarbiya ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari lavozimida ishladi. Tashkilotchilik qobiliyati inobatga olinib, 1983 yili maktab direktori etib tayinlandi. Maktab bir qavatlik moslashtirilgan binoda joylashgan edi. U ta'lim-tarbiya ishlarining sifat va samaradorligini qo’ldan bermagan qolda yangi bino qurilishi tashvishiga tushdi. Tashabbus quvvatlandi. Yunusobodning "Bobodehqon" mahallasida zamonaviy tipdagi barcha qulayliklarga ega yangi maktab binosi qad rostladi. Sinf xonalari kerakli jihozlar bilan ta'minlandi. Endi faqat ta'lim-tarbiya jarayoniga kuch berilsa bas. Shunday qilinmasa bu sharoitlarning uvoli tutadi. Opa butun jamoani ana shunday ruhlantirdi. 273-maktabda erishilayotgan muvaffaqiyatlarning salmog'i oshaverdi. Yildan yilga bitiruvchilarning nufuzli oliy o’quv yurtlariga kirayotganlari safi orta bordi. Ana shu ishlar natijasi o'laroq "Xalq ta'limi a'lochisi" nishoni bilan taqdirlandi. 2-Toshkent tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi), Pediatriya, Farmatsevtika, Moliya, Avtomobil yo’llari institutlari, ToshDU (hozirgi O’zMU), Nizomiy nomidagi pedagogika universitetlari bilan hamkorlik o'rnatib, ular bilan ilmiy, kasbga yo'naltirish va tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O’quvchiilari fan olimpiadalarida yutuqlarga erishishdi. M.Ismatova Malaka oshirish institutiga kelgan o’qituvchilar bilan davra suhbatlari o'tkazadi. Shahar kengashining deputati sifatida sessiyalarda ta'lim tizimidagi yutuq va muammolarni ko’tarib chiqadi. 1995 yili u rahbarlik qilayotgan o'quv muassasasi "Yil maktabi" ko’rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib faxrli 1-o’rinni egalladi. M.Ismatovaga shu yili "O’zbekiston Xalq o’qituvchisi" unvoni berildi.
M.Ismatova haqiqatda yonib ishlaydi. "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"ning qabul qilinishini u bir murabbiy sifatida quvonch bilan qarshi oldi va u dasturni hayotga tadbiq etishning jonkuyarlari safidadir. U 1999 yilda O’zbekiston qahramoni unvoniga sazavor bo’ldi
O’ZBEKISTON QAHRAMONI - VERA BORISOVNA PAK
Vera Borisovna Pak 1938 yilda Qoraqalpoqiston Respublikasi Qo'ng'irot shahrida tug'ilgan. 1961 yilda Nukus davlat pedagogika institutini tamomlagach, yo'llanma bilan Xiva shahridagi 3-maktabda ximiya-biologiya fani o'qituvchiligidan mehnat faoliyatini boshlagan. Tinib-tinchimasligi sabab 1975 yildan maktabdan va sinfdan tashqari ishlar tashkilotchisi lavozimiga taklif qilishdi. U 1985 yildan buyon Xiva shahridagi 20-"Mehribonlik uyi" direktori lavozimida faoliyat ko'rsatmoqda. V.B.Pak tajribali pedagog, talabchan rahbar, mehribon murabbiy, hozirgi kunda "Mehribonlik uyi"da tarbiyalanib turgan besh millat vakillaridan iborat bo'lgan 140 nafar o'g'il-qizga tom ma'noda Onalik qilmoqda. "Mehribonlik uyi" bolalarining barchasi Vera opani xorazm shevasida "ana", ya'ni ona deb chaqiradilar. Mazkur muassasa respublika miqyosida namunali hisoblanadi. U o'zining asosiy ish yo'nalishlaridan birini ota-ona tarbiyasidan chetda qolgan bolalarni ma'nan boyitib tarbiyalab, qayotda o'z o'rnini topishiga yordam berish deb biladi. Bolalarni boy merosimizni o'rgangan qolda, milliy an'analar ruhida oilada farzand, ota-ona o'rnini bilish, ularga nisbatan hurmatda bo'lishni tarbiyalashga alohida e'tibor beradi. Oilada to'ylar, uchrashuvlar va turli tadbirlar o'tkaziladi. Bolalar jamoalari ko'rik va tanlovlarning, sport musobaqalarining g'oliblari bo'lib kelmoqdalar. Bolalarda san'atga muxabbat tuyg'usini shakllantirish va rivojlantirish ishiga katta e'tibor qaratilgan. Dargohda "Shodlik" ansambli faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Vera-opa nafaqat bolalarning, balki barchaning ko’nglini topa bilish qobiliyatiga ega. Yuzlaridan nur yog'ilib turuvchi, hamisha kulib turadigan, o’zbek tilining Xorazm shevasida ravon va shirali so’zlovchi bu ayolni bir ko’rishdayoq ko’nglingizda unga nisbatan hurmat uyg'onadi. U "O’zbekistonda xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi" unvoni sohibasi. 2001 yili Mustaqilligimizning o'n yilligi arafasida esa u O’zbekiston Qahramoni unvoni hamda "Oltin yulduz" medaliga sazavor bo’ldi
O’ZBEKISTON QAHRAMONI - MARAT ZOKIROV
Marat Zokirov 1939 yilda Jizzax viloyatida tug'ilgan. 1956 yili Jizzaxdagi 8-maktabni oltin medal bilan bitirib, Samarqand davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o'qishga kirdi. o’qishni tugatgach, o'z faoliyatini Jizzax tumanidagi 16-maktabda fizika fani o'qituvchisi sifatida boshladi. U 1984 yilda Jizzax tumanidagi 36-o'rta maktabga direktor lavozimiga tayinlanadi. Fan kabinetini jihozlashda, maktabdagi fotohavaskorlar, kinohavaskorlar to'garaklarini tashkil etishda uning ijodkorligi, topqirligi, odamlarni birlashtirish va ezgu ishga yo'naltira olishdek noyob xislatlari namoyon bo’ldi Uning bu tajribasi keng ommalashtirildi ham. O’shanda u qoloq bolalar orasida ham ajoyib iqtidorlar yashirinib yotganini kashf qildi o'ziga. "Bola hech qachon qoloq bo'lmaydi, balki biz pedagoglarning bolaga to'g'ri yondasha bilmasligimizgina ulardagi qobiliyatlarning o'z vaqtida namoyon bo'lmasligiga sababchidir", degan fikrga keldi.
Marat Zokirovning pedagogika sohasidagi orzu-armonlari, ezgu niyatlari istiqlol yillaridagina ro'yobga chiqdi. 1995 yildan buyon u rahbarlik qilayotgan Jizzax DPI qoshidagi iqtidorli bolalarni o'qitishga ixtisoslashgan litsey-internatni kompyuterlashtirish, internet tarmog'iga ulash, masofadan turib dars o'tishni yo'lga qo'yish bilan birga, maktabda gimnastika shaharchasi, harbiy vatanparvarlik maydonchasi, tir qurildi. Fan kabinetlari eng zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlandi. U iqtidorli bolalar bilan ishlashni yaxshi yo'lga qo'ygan. Shogirdlari Sayyora Murodova (hozir u fan nomzodi), Dilfuza Rajabova, Gulruh Muhtorovalar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo'ldilar.
Marat Zokirov respublika Ta'lim markazi bilan hamkorlikda "Sog'lom avlod - millat ko'rki", "Hech kimga bermaymiz seni, O’zbekiston!", "O’zligini anglagan xalq", "Umumta'lim maktablarida o'quvchilarning bo'sh vaqtini ta'minlash" kabi qo'llanmalar, o'quvchilarning ma'naviy-ma'rifiy tarbiyasiga mo'ljallangan "Ma'rifiy saboqlar" kitobini chop ettirdi.
2002 yili O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Marat Zokirovga O’zbekiston Qahramoni unvoni hamda "Oltin yulduz" medali berildi.
O’ZBEKISTON QAHRAMONI - MAHMUDOVA ANOR MADAMINOVNA
Mahmudova Anor Madaminovna 1942 yilda Gurlan tumanida tug'ilgan. U 1964 yili Xorazm davlat pedagogika institutini tugatgach, faoliyatini Gurlan tumanidagi 1-maktabda matematika fani o'qituvchiligidan boshlagan. 1966 yilda tarbiyaviy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari, oradan olti yil o'tgach esa, ta'lim-tarbiya ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari lavozimiga tayinlandi. O’qituvchilik kasbiga bo'lgan mehr uni yangi pog'onalar sari yetaklardi. Tumanda opaning tajribasi keng ommalasha boshladi. Talabchanligi, yangilikka o'chligi, tashkilotchiligini hisobga olib uni 1972 yilda tumandagi 35-kasb-hunar bilim yurti direktorligiga tayinlaydilar. 12 yillik faoliyatdan keyin Gurlan shahar xalq ta'limi bo'limi mudiri lavozimiga taklif qiladilar. Ikki yil ishlagach, bolalar bilan ishlashga ko'nikkan pedagog uni yana maktabga, bolalari huzuriga qaytarishlarini iltimos qiladi. Mana u yigirma yildan buyon tumandagi 5-umumta'lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Uning rahbarlik faoliyati bir necha bor viloyat, respublika miqyosida ommalashtirilgan. U maktabida tahsil oladigan 1051 o'quvchining barchasini nomma nom biladi. Sport ishlari ham maktabda yaxshi yo'lga qo'yilgan. O’quvchilari "Umid nihollari" musobaqalarida viloyat bo'yicha voleyboldan birinchi, shaxmat va basketboldan ikkinchi o'rinni egalladilar. Voleybol bo'yicha Respublikada viloyat sharafini himoya qildilar. Maktabda qo'shimcha mablag' topish bo'yicha qator ishlar amalga oshirilgan. 2002 yilda viloyat miqyosida marketing xizmati bo'yicha amaliy seminar 5-maktabda o’tkazilganligi ham bu maktabning tajribasi borligini ko'rsatadi. Asosiysi, topilgan mablag'dan kam daromadli oilalar farzandlari uchun o'quv qurollari, kiyim-bosh olib beriladi, shuningdek maktabda kuniga bir marta bepul issiq ovqat tashkil etilgan, iqtidorli o'quvchilarga stipendiya joriy etilgan. A.Mahmudova O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 2004 yilda "O’zbekiston Qahramoni" unvoni hamda "Oltin yulduz" medali bilan taqdirlandi.