Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // ORZULAR USHALADIGAN YURT 
 
Obiljon bolaligidan tarixga qiziqardi, tarixchi pedagoglarga havas qilardi. Orzusiga yetgach, yangi marra tomon -shu sohaning ilg`ori bo`lishga intildi. Uning bu niyati o`ttiz uch yoshida ro`yobini topdi. Avvaliga u Namangan shahar huquq fani o`qituvchilari o`rtasida, keyin esa viloyatdagi bellashuvda g`olib chiqdi. Minglab pedagoglar orasidan saralab olingan o`n to`rt nafar fan o`qituvchisi Xorazmda respublika bosqichida g`oliblik uchun o`zaro bilimlarini sinadilar.
Namaganlik yosh pedagogning muammoli, an'anaviy dars o`tish, kompyuter savodxonligi, sahna darslariyu falsafa, ixtiro himoyasi bo`yicha har bir chiqishi, test savollariga bergan aniq javoblarini nufuzli hay'at a'zolari yuqori baholadi. Uning tarix, huquq va burch mavzularidagi qarashlari ko`pchilik e'tiborini tortdi.
"Ko`hna tarix qanchadan-qancha bosqinlarni, alg`ov-dalg`ovlarni boshdan kechirdi. Mo`g`ul bosqinchilariga qarshi Jaloliddin Manguberdi boshchiligidagi xalq kurashi hech qachon unutilmaydi. Sohibqiron Amir Temur yagona qudratli davlat barpo etish uchun butun hayotini bag`ishladi. Boburmirzo shoh bo`lib, o`z Vatani tuprog`ini qo`msab o`tdi. Ana shu buyuk inson kindik qoni to`kilgan Andijon viloyati zaminida bundan bir yil oldin ro`y bergan xunrezlik hamon qalbimizni larzaga soladi. Bir guruh nonko`rlar o`z vatandoshlariga qurol ko`tardilar. Minglab begunoh insonlarning qoni to`kildi, "Akromiylar" deb nomlanmish bu kazzoblar tarix oldida albatta javob beradilar". Vodiylik bu yigitning teran fikrlarga boy nutqida huquq va burch tushunchasi alohida bo`rtib turgani bois, tanlov ishtirokchilari e'tiborini tortdi. "Mamlakatimiz o`z mustaqilligiga erishgan kundan boshlab qadriyatlar tiklandi. Millatidan qat'i nazar, har bir kishi diniy marosimlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`ldi. Bu o`zbekiston Bosh qomusida qonun yo`li bilan mustahkamlab qo`yildi. Afsuski, ana shunday ne'mat qadriga etmagan kimsalar ham topildi. o`z huquqini yaxshi bilgan, ammo burchini unutgan, islom dinini qurol qilib olib, xalifalikni tiklamoqchi bo`lgan bunday kimsalarga eng og`ir jazo xalq nafrati hukmidir. Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, o`zbek xalqi hech kimdan kam emas, kam bo`lmaydi ham. Uning osoyishta hayotiga rahna solmoqchi bo`lganlar xalq g`azabiga uchraydilar. Ona tuproqqa zor bo`lib o`tadilar..." Falsafiy mag`zi to`q fikrlar ko`rik-tanlov ishtirokchilarining o`y-fikrlari bilan hamohangligidanmi, bellashuvda raqib hisoblangan hamkasblari tomonidan ham alohida kutib olindi. Barcha shartlar
bo`yicha ballar jamlanganda 80,8 ball to`plagan Obiljon Xoliqov g`olib deb topildi.
Obiljon Namangan viloyatining Namangan tumani, Past qiyot qishlog`ida tavallud topgan. Tumandagi 23-umumta'lim maktabida o`qib yurgan kezlarida boshlang`ich ta'lim ustasi Mavludaxon Tojiboeva, fan o`qituvchilari g`aniyaxon Yunusova, g`anijon o`rinov, Zulfiyaxon qo`chqorova, Mahmudjon Sharipovlar uning qalbida o`qituvchilik kasbiga bo`lgan qiziqishni alangalatdilar. Ayniqsa, yuqorida ta'kidlaganimizdek, tarix fani uning uchun g`oyatda aziz edi. Tarixiy asarlarni ko`proq mutolaa qilganidanmi yoki yuqorida nomlari zikr etilgan ustozlar sababmi, hujjatlarini hech ikkilanmay Namangan davlat universitetining tarix fakultetiga topshirdi. Besh yil ham ortda qoldi. o`zi o`qigan maktabda ish boshlaganiga ham mana, qariyb o`n yil bo`ldi. Birinchi yiliyoq u o`zining izlanuvchan va talabchanligini namoyish eta bildi. Tarix va huquqshunoslik fanlaridan darslarni noan'anaviy tarzda o`tib, ustozlari ishonchini qozondi. qator yillardan buyon o`quvchilari tuman va viloyat miqyosidagi fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, faxrli o`rinlarni olib kelishyapti.
Obiljondagi tashkilotchilik qobiliyati haqida alohida to`xtalib o`tish joiz. 1998 yildan buyon u O`zbekiston Konstitusiyasini targ`ib qilish, yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida "Siz qonunni bilasizmi?" ko`rik-tanlovini o`tkazib kelmoqda. U tayyorlangan "Adolat" va "qalqon" guruhlari viloyatda birinchi o`rinni egallab, respublika bosqichida yuqori natijalarga erishdi. 2004-2005 o`quv yilida viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta'limi va sog`liqni
saqlash boshqarmalari, "Kamolot" YOIH viloyat kengashi bilan hamkorlikda o`tkazilgan "huquqiy madaniyat - buyuk kelajak asosi" ko`rik-tanlovida "qalqon" guruhi "Eng navqiron guruh" yo`nalishi bo`yicha g`olib deb topildi.
Hikoyamiz qahramoni maktabda yoshlarga puxta bilim berish uchun tinmay izlanadi. Gazeta-jurnallar, internet axborotlarini muntazam kuzatib boradi. Shu bilan birga o`zi ham maqolalar yozadi, she'rlar mashq qiladi. "Amir Temur - buyuk e'tiqod va iymon sohibi", "Konstitusiya - huquqiy davlat poydevori", "Siz bayroqni bilasizmi?", "Daxldorlik hissi" kabi mavzularda yozgan ilmiy-siyosiy maqolalari tuman, viloyat va respublika gazetalarida chop etilgan. Ko`plab dars ishlanmalari esa ommalashtirishga tavsiya etilgan.
- O`zbekiston orzular amalga oshadigan buyuk mamlakat, - deydi Obiljon Xoliqov. - Bugun men ishlayotgan maktabda 1200 nafardan ziyod o`g`il-qiz tahsil olayapti. Ularning puxta bilim olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi tumanimizda ham izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Bu xayrli harakatda maktabning 60 nafar pedagoglari faol qatnashmoqda. Men ham ular safida ekanimdan faxrlanaman.


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi