Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // YAXSHI ASAR SOHIBASI 
 
Dehqon yetishtirgan hosili, sanoatchi ishlab chiqargan mahsuloti, quruvchi binosi, hunarmand buyumi, san'atkor asari evaziga obro’ oladi. Muallim-chi? Tarbiyalagan shogirdlari bilan, dersiz. To’g’ri. Ammo, uning mehnatini hech qanday tarozi yoki o’lchamda aniqlab bo’lmaydi. Uning birgina darsida sarflaydigan quvvati, bilimi, ta'bir joiz bo’lsa, asabini hisoblab ko’ring. Shuning uchun ham bir soatlik yaxshi dars san'at asari bilan tenglashtirilgan-da!
Lazizaxon Usmonova ham ustozlar izidan borib, o’ziga yo’l ochaman deb o’ylamagandi. hayot esa shuni talab qildi. U shu yo’ldan "Yilning eng yaxshi fan o’qituvchisi" ko’rik-tanlovining respublika bosqichigacha yetib keldi. qoidaga ko’ra qattiqqo’l hakamlar uning ikki soatlik darsini kuzatishdi. Dars Buxoro shahridagi 6-ixtisoslashgan maktabda bo’ldi. U mutlaqo notanish o’quvchilari bilan salomlashib, tanishuvning yangi yo’lini tanladi. U bolalarga o’zini kimligini tanishtirdi, maqsadini aytdi. Ulardan qadrdon partasiga ismi-shariflarini yirik harflarda yozib, stollariga ko’rinarli qilib qo’yishlarini so’radi. Mehmon o’qituvchi o’quvchilarning ismini aytib murojaat qilishi o’rtadagi begonasirash pardasini ko’tardi. o’quvchilar Lazizaxonning xush chehrasi, mayin ovozini yoqtirib qolishdi. Ular savollarga tortinmay javob berishib, bilimdonliklarini namoyish qilishdi.
Lazizaxon fizika darsini o’zi belgilagan tarzda bosqichma-bosqich olib bordi. U so’zlar, bu videotasvir orqali teleekranda aks etardi. Uzilishlarga yo’l qo’yilmasdi. Muallima o’quvchilar olgan bilimni nazorat qilish maqsadida ularni "inkor", "tasdiq", "xulosa" guruhlariga ajratish jarayonida bildiki, bu ular uchun yangilik. o’quvchilar tezda usulni o’zlashtirib, hatto qiziqib ham ketishdi. Kelishuvga ko’ra "inkor" guruhi tabiatdagi fizika qonunini yo’qqa chiqarishsa, "tasdiq"chilar ularga qarshi turib qonunlarni ishonchli dalillar yordamida isbotlab berishadi. "Xulosa" guruhi ularga odilona hakamlik qilib, to’g’ri fikrni yoqlaydi. har uch guruh o’z so’zini o’qituvchi avvalroq tavsiya qilgan ko’rgazmali vositalar, hayotiy misollar, ommaviy axborot vositalari ma'lumotlari bilan quvvatlaydilar.
Hakamlar o’qituvchining mahoratiga, ayniqsa, vaqtini aniq-tiniq taqsimlaganiga qoyil qolishdi. Darsni 45 daqiqalik "o’lib-tirilish" deb bejiz aytishmagan-da, axir!
 
 
 
 
BAXT NIMADA?
Lazizaxon dars davomida, o’rni kelganda o’quvchilarning baxtni qanday tasavvur qilishlarini savol-javoblar orqali aniqlab oldi. So’ngra munozaraga o’zi yakun yasab, dedi:
- Baxt ba'zilar aytganidek boylik, pul, dang’illama uy, jihozlar, xorij mashinalari, qimmatbaho kiyimu taqinchoqlarda emas. Baxt tushunchasining ma'nosi keng. Masalan, 25-30 yoshgacha ilm va hunarni puxta egallash ham baxt. Undan keyin yaxshi ishlab orzu-havaslarga yetsa, inson chinakam baxtiyor bo’ladi. Ayol kishi uchun baxtning zo’ri sevimli kasbi, ahil, osuda oila farzandlariyu ularni tarbiyalashdir. Erkaklar uchun ham bu birinchi shart, deb hisoblayman. Mashhur bashoratchining aytishicha endilikda ayollar saltanati hukmronlik qilarmish. Buni ish, tijorat uchun ko’plab ayollarning ko’chaga chiqib ketishayotgani bilan izohlashmoqchi bo’lishadi. Ammo, bu vaqtincha va o’tkinchi jarayon. Buzning sharqona
qadriyatlarimizga ko’ra er podsho, xotin vazir. Shunda oila mustahkam, farzandlar tarbiyali bo’ladi. Oila boshliqlari, ya'ni o’g’il bolalar qizlarga qaraganda bilimli, tadbirkor, chidamliroq bo’lishlari kerak. Agar sizlar dangasa bo’lsangizlar, bashoratchining taxmini to’g’ri bo’lib chiqadi. hech qachon bunday bo’lmasino’ Yigit va qizlar chinakam baxtga erishsinlar. Tabiat qonuni kuchlilarni yoqlaydi, iloho yigitlarimiz kuchli bo’lishsin!
 
HIMOYA
 
Ko’rik-tanlov shartlaridan biri "himoya" deb ataladi. Unda har bir ishtirokchi o’z fani va kasbini, hayotga qarashlarini himoya qiladi. So’z Lazizaxonga berilganda, hakamlaru tomoshabinlar uni nima der ekan, deb og’zini poylashdi. U yuragidan chiqarib, fikrlarini ishonch bilan bayon qildi. Fizika fanini bilmay, texnika taraqqiyotiga erishib bo’lmaydi, - dedi muallima. Yigirma birinchi asr texnika va axborot asri deb atalmoqda. Afsuski, keyingi paytlarda qator oliy o’quv yurtlarida fizika ikkinchi darajali bo’lib qoldi. Mamlakatimizni yanada rivojlantirishingiz uchun boshqa fanlar qatorida fizikaning ham maqomini oshirishimiz zarur bo’ladi. Rivojlangan davlatlar tajribasi ham shuni ko’rsatmoqda. Murakkab texnologiyalarni qo’ya turaylik, avtomobilsozlikni raqobatbardoshligini ko’tarishda fizikaning chuqur bilimdonlari bo’lgan milliy yetuk mutaxassislarimizni ko’paytirmog’imiz kerak. Yurtimizga zamonaviy aloqa vositalari va maishiy texnikalar kirib kelayotgani odamlarimizda ilmiy tafakkurning o’sishini taqozo etadi. Texnika sohasida ko’plab kadrlar tayyorlashda biz o’qituvchilarning qo’shayotgan hissamizdan o’zimiz ham qoniqish hosil qilganimizcha yo’q. Ozon tuynugini qisqartirishda, ekologiyani himoya qilishda fiziklar hammadan ko’p ish qila oladilar.
 Lazizaxon himoyada shu kabi dolzarb masalalarga e'tiborni qaratdi va hakamlar hay'atining yuksak bahosiga sazovor bo’ldi. U ko’rik-tanlovning barcha talablarini bajarishda raqiblaridan o’zib ketdi. Namangan viloyatining Uchqo’rg’on tumanidagi 43-ixtisoslashgan maktabning fizika fani muallimasi Lazizaxon Usmonova "Yilning eng yaxshi fan o’qituvchisi" ko’rik-tanlovining respublika bosqichida g’olib deb topildi. Bu namanganlik xalq ta'limi xodimlari uchun yilning yana bir sovg’asi bo’ldi.
 
USTOZLAR QUVONCHI
 
Yaxshi xabarning qanoti bor, deyishadi. Buxoroda Usmonovaning erishgan g’alabasi haqidagi xushxabar o’sha kuniyoq Namanganga, Uchqo’rg’onga yetib keldi. U yoqdan maktab direktori Nosirjon Ummataliev Lazizaxonning ota-onasiga qo’nqiroq qilib, ularni tabrikladi.
- Qizimizning yaxshi qatnashishiga shart-sharoit yaratib berganligingiz uchun hammalaringizga katta rahmat, - dedi g’olibning dadasi qosimjon aka Usmonov. So’ngra qo’shib qo’ydi: - Onasi halimaxon ayangiz sevinganidan yig’lab, sizlarni duo qilyapti.
Qosimjon aka quruvchilikdan, halimaxon opa o’qituvchilikdan nafaqaga chiqishgan. Ular ahillikda ikki qiz, ikki o’g’il ulg’ytirishdi. Laziza maktabda qizlarni, kuchsizlarni himoya qilar, adolatsizlik bilan chiqisha olmasdi. U maktabni oltin medal bilan bitirganda, dadasi shuni hisobga olib, huquqshunos bo’lgin, bizdan ham prokuror chiqsin, dedi. qarindoshlari uni oq xalatda ko’rishni, ya'ni vrach bo’lishini orzulashdi. halimaxon opa esa "qalbing nimani buyursa, shuni qil", dedi.
Qizini fizika fani o’qituvchisi bo’lish istagida ekanidan xabari bor edi opaning. halimaxon Tojiahmedova boshlang’ich ta'lim ustasi sifatida nainki viloyatda, balki respublikada ham yaxshi nom qozongan ustozlardan. Uning ko’p yillik samarali xizmatlari munosib bahosini topgan. Ikkinchi darajali "Sog’lom avlod uchun" ordeni bilan taqdirlangan. qizi Toshkent davlat universitetiga (hozirgi o’zMU) muvaffaqiyatli (bitta imtihon bilan) o’qishga kirganda "o’qituvchi bo’lsang, peshqadam bo’l", dedi. Onasi Maktabda unga fizikadan dars bergan ustozi Sharifjon hakimov (hozir nafaqada) shogirdiga oq yo’l tiladi.
Laziza universitetni bitirib, Uchqo’rg’ondagi maktablarda bolalarga sevimli fanidan ta'lim berdi. Keyin uni tanlov asosida mazkur ixtisoslashgan maktabga o’qituvchi qilib olishdi. o’n to’rt yildirki, u sharafli kasbini ardoqlab kelmoqda. Uning munosib shogirdlari viloyat fan olimpiadalarida doim faxrli o’rinlarni olmoqda. Maktabning sobiq o’quvchilaridan ko’plab fizika fani o’qituvchilari ham etishib chiqqan. Ular Lazizaxon Usmonovani ustoz deb bilishadi.
Yaqinda Respublika Ta'lim markazi L.Usmonovaning ish tajribasidan maxsus kitobcha chop ettirdi. Uchqo’rg’onlik ta'lim ustasining ish tajribasi mamlakatimizga keng targ’ib etildi.
Lazizaxonning umr yo’ldoshi, quruvchi-muhandis Shavkatjon haydarov uning muvaffaqiyatlaridan quvonib, "Bo’sh kelma, bu yil axir sening muchal yiling. Omad ustiga omad kelaversin", debdi. Shavkatjon va Lazizaxonlarning oilasida uch qiz o’syapti.
Laziza Usmonovaning yuragida bir dunyo orzulari bor. Orzuga ayb yo’q. Zotan, inson orzular qanotida yanada yuksakroq parvoz qiladi.
 
 
 
 


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi