Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // ISHONCH MENING QANOTIM 
 
"Yaxshi o`qituvchi bo`lish uchun nimani o`qitsang o`shanga,
kimni o`qitsang o`shalarga mehr qo`ymog`ing kerak".
V.Klyuchevskiy
 
Nigora yoshligidan bir so`zli, qat'iyatli edi. Boshlang`ich sinflarda o`qigandayoq ana shu xislatlari bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Yuqori sinflarda u a'lo o`qishi bilan birga jamoat ishlarida ham faol qatnasha boshladi. Sinf, maktab miqyosidagi tadbirlar tashkilotchilarining yaqin ko`makchisiga aylandi. o`ziga ma'qul kelgan ko`rik-tanlovlarda ishtirok etsa, albatta g`oliblikni begona qilmasdi. U bunday tadbirlarda nomigagina ishtirok etishni xushlamasdi. Aksincha, har qanday bellashuvda faqat g`oliblikni mo`ljallab, sahnaga chiqardi. Bu xislat keyinchalik Jizzax davlat pedagogika institutida tahsil olganda ham unga qo`l keldi.
2001 yil institutni tamomlagan Nigora Nurmatova o`zi o`qib katta bo`lgan qadrdon bilim maskani- Jizzax shahridagi 11-maktabga ishga keldi. 6-8-sinflarga kimyo-biologiyadan dars bera boshladi. Maktabda ishlayotgan Nigora va uning boshqa tengdoshlari mustaqillik yillarining o`qituvchilari bo`lib, shuning uchun ham ularning dars o`tish metodi va yo`nalishi zamon talabiga to`la hamohang edi. Bugungi dars kechagiga o`xshamasligi, mashg`ulotlar noan'anaviyligi Nigora ish faoliyatining asosiy mag`zini tashkil etishi bilan tahsinga loyiq. Deyarli har bir dars yangi pedagogik texnologiyaning u yoki bu ko`rinishi talabiga albatta javob beradi.
-Agar o`quvchilarim darsdan keyin maktabdami, ko`chadami, uydami biron savol bilan menga murojaat qilsa, bu ham yangi innovasiyaning bir ko`rinishi, - deydi Nigora. - Chunki o`qish, fikrlash, mushohada savol-javoblarda charxlanib, mustahkamlanib boraveradi. Buning uchun o`quvchiga imkon yaratish - o`qituvchi bilan o`quvchi orasidagi ko`zga ko`rinmas to`siqqa barham berish - ta'lim-tarbiyada
samaradorlikka erishishning eng maqbul yo`li. o`quvchi qanchalik erkin fikrga ega bo`lsa, o`qituvchi bilan do`stona munosabatga kirisha olsa - demak u davr taqozosi - davlat ta'lim standartlari talabini bajarish imkoniga ko`proq ega bo`ladi.
Biz Nigora Nurmatova bilan mamlakatimizda ilk bora o`tkazilgan "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovi haqida suhbatlashib, taassurotlari bilan qiziqdik.
- Ko`rik-tanlovning yuqori nuqtasi - Respublika bosqichiga yetib kelish oson bo`lmagandir, shunday emasmi?
- Avvalo, tanlovning quyi bosqichi - maktab birinchiligida ishtirok etishga ishonch bildirgan metod birlashmadan xursandman. Yosh bo`lishimga qaramasdan zimmamga shunday katta mas'uliyat yuklanganidan g`ururlanib ketdim. Va shunda, dastlabki bosqichga tayyorgarlik ko`rish jarayonida xayolimda "Men albatta respublika bosqichigacha boraman..." degan qat'iy fikr yarq etdi. Keyinchalik, shahar, viloyat bosqichida meni qo`llab-quvvatlab turgan maktabimiz jamoasidan ham behad minnatdorman.
- Tanlovning yakunlovchi bosqichi hayajonli kechishi aniq. Kuchlilarning kuchlisi bilan ro`baro` kelish - bahslashishning o`zi bo`lmaydi-ku?
- Avvalo, tanlovda ishtirok etishga yetarli sharoit yaratib bergan viloyat hokimligi, xalq ta'limi boshqarmasi, otaliq tashkiloti - 8-don mahsulotlari korxonasiga rahmat aytaman. Ko`rgazmali qurollar, menga yordam beruvchi o`qituvchilarning yonimda bo`lishi uchun to`la imkon yaratildi. Ana shu e'tibor va g`amxo`rlikning o`zi ham menga ma'naviy kuch bag`ishladi.
O`rni kelganda shuni ta'kidlashim kerakki, tanlovdagi eng yosh ishtirokchi edim. Lekin bu menga hech bir qiyinchilik tug`dirmadi. Kimlardir bunday bellashuvlarda raqiblarining xatosi, boy berilgan imkoniyatlarini kutadi. Men esa ularga ham omad tilagan holda, o`zimga dalda beradigan iboralarga qattiq suyandim. "Aql yoshda emas, boshda", "Ko`ringan cho`qqining uzog`i bo`lmaydi" kabi iboralar menga kuch-quvvat manbai bo`ldi. Eng muhimi, Farg`onadagi bellashuvlar halollik va oshkoralik ruhida tashkil etilganligidir. Dastlabki shartlar - noan'anaviy va an'anaviy darslarning har biridan eng yuqori ball - 25 baldan, jami 50 ball to`pladim.
Noan'anaviy va an'anaviy darslar o`tishga qo`yilgan talablar - o`qituvchining mavzuni mukammal bilishi, o`quvchilarni o`ziga jalb etish, darsni amaliyot bilan boqlash, o`quvchilar ongiga milliy qoyani singdirish, texnika vositalaridan foydalanishdan iborat. o`rni kelganda shuni aytishim kerakki, Farg`ona shahridagi 41-"Shodlik" gimnaziyasi o`quvchilarining bilimi juda yuqori ekan. Men notanish bolalar bilan emas,   sinfimda dars o`tgandek his etdim o`zimni. Biz o`quvchilar bilan juda tez til
topishib ketdik. Kimyo-biologiya o`qituvchisi butun dunyo xalqlari oldida turgan global vazifa - tabiat va inson munosabati, ekologik muhit, o`simlik va hayvonot dunyosini asrashda "qizil kitob"ning ahamiyati, hayvonot dunyosiga qiron keltirayotgan kimsalarga qarshi kurash borasida o`quvchilarga yetarli bilim bergan bo`lishi kerak. Farqonalik o`quvchilarning bu boradagi bilimi meni nihoyatda xushnud etdi. Shu bois, 5-sinfda noan'anaviy va 7-sinfda an'anaviy darslarni hech qiynalmasdan ko`ngildagidek olib bordim.
- Ko`rik-tanlovning g`olibi deb e'tirof etilgan hayajonli lahzalarda xayolingizdan nimalar kechdi?
- Esimni taniganimdagi birinchi ustozim, sinf rahbarim Muqaddas opa Jo`raeva ko`z oldimga keldi. U ona tili va adabiyot fanining bilimdoni sifatida katta hurmat va izzat sohibasi. Opa tashkil etgan har bir tadbir maktabda o`zgacha bir ruh, ko`tarinki kayfiyat bilan o`tardi. U ana shu tadbirlardan birontasini mensiz o`tkazmasdi. hatto, ba'zi uchrashuv va adabiy kechalarni butunlay menga topshirib qo`yardi. Bilasizmi, men shifokorlar oilasida tug`ilib, voyaga yetganman. Otam - Shokirjon Boboev - vrach, onam - Xolida opa hamshira. Men ham shifokor bo`lishni orzu qilardim. Lekin Muqaddas opaga bo`lgan havas tufayli o`qituvchilik kasbini tanladim. Shu kasbni egallaganimdan baxtiyorman. Institutni bitirib, ishga kelganimda Muqaddas opa maktabga rahbarlik qilardi. o`qituvchilik faoliyatimdagi birinchi ustozim ham - u. Bolalar bilan ishlash sirlarini undan o`rgandim. Men rahbarlik qilayotgan 8-"D" sinfida 32 nafar o`quvchi bor. Sinfimda sifat ko`rsatkichi 93-95 foizga yetishida ham ustozimning maslahat va ko`rsatmalari asqotayapti. Bir necha kun davom etgan ko`rik-tanlovda ham bir nafas yonimdan jilmadi. Shunday ustozlar bilan ishlash chinakam baxt emasmi? hayotda shunday muallimaga shogird bo`lganligimdan Yaratganga shukronalar aytaman.
- O`qituvchi sifatida odamlardagi qanday kamchiliklarni yoqtirmaysiz?
- Ikkilanish va tushkunlikni. Bunday kayfiyatdagi odamlardan yaxshilik kutish qiyin. qushning kuchi qanotida bo`lganidek, insonni insonlarga chorlovchi kuch ham ishonch va umiddadir.
Nigora bilan suhbatlashar ekanman, uning hozirgi yoshlar, ustoz-shogird an'analari, ta'lim-tarbiyada yangilanayotgan jarayonlar xususida o`ziga xos mustaqil fikr va kuzatishga ega ekanligiga amin bo`ldim. Zero, iste'dod va iqtidor yosh tanlamaydi. Kimdir 20-30 yilda qila olmagan ishlarni yoshlar bir necha
yilda uddalayotganligi oddiy haqiqat. Mehnat faoliyati boshlanganiga endi besh yil bo`lgan Nigora Nurmatovaning "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" nomiga sazovor bo`lishi ham fikrimiz dalilidir. Bu ona-Vatan, yurt ishonchini oqlash yo`lida tashlangan dastlabki mustaqil odimlardir. Mustaqil diyorimizda yoshlar tarbiyasiga butun kuch va bilimni sarf etish - Nigoraning qalb da'vati, yurak amri. Ana shu yurak amri bilan yashashda ishonch Nigoraga qanot baxsh etishiga astoydil umid bog`laymiz.
 
 


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi