Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // HAYOTNI NURLARGA 
 
To`lqin ziyoli oilasida dunyoga keldi. Otasi - ta'lim darg`asi Chorshanbi Eshto`raev tog`li Boysun tumanidagina emas, viloyatda ham tanilgan tajribali rahbar-pedagog, ko`p vaqt tuman xalq ta'limi bo`limini boshqardi.
O`n bir nafar farzandning buzrukvori Chorshanbi bobo bolalariga hamisha "Mehnatdan qo`rqmanglar, mehnatning oson-qiyini, yaxshi-yomoni bo`lmaydi, halol bo`lsa, bas. El-yurtga naflaring tegadigan bo`lsin...", deya ko`p tayinlardi. Otaning pandu nasihatlari zoe ketmadi. o`g`il-qizlarining hammasi ota izidan borishib, kasblarning eng olijanobi sanalgan - o`qituvchi bo`lishdi. To`lqin farzandlar ichidan
nozikta'bligi, shoirona tabiati bilan ajralib turardi. Shu bois, ota o`g`lini Boysun musiqa maktabiga olib borganida hech kim taajjublanmadi, aksincha, xursand bo`lishdi. Bolakayning o`zi ham musiqadan bir-ikki saboq olgach, quvonganidan-quvondi: u serjilva ertaklar mamlakatiga kelgandek edi go`yo.
Boysunning taniqli sozandasi, g`ijjakni yig`latib, xalqini sel qiladigan qayum aka Abdulhaev To`lqinga ustozlik qildi. o`rta maktabni bitirar chog`i yigit bir qarorga keldi: otasining va ustozining ishini davom ettiradi, ham o`qituvchi, ham san'atkor bo`ladi, musiqadan dars beradi. Shu niyatlar bilan 1988-1993 yillarda T.Eshto`raev Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining musiqa fakultetida o`qidi. Pedagogik ish faoliyatini Sherobod tumanidagi 52-maktabda boshladi. 1995 yildan hozirga qadar u Muzrabot tumanidagi 14-maktabda musiqa madaniyati fanidan o`qituvchilik qilib kelmoqda.
- To`lqinjon bizning faxrimiz, izlanuvchan pedagog, - deydi maktab direktori qudrat opa To`xtaeva. - Uning har bir darsidan ko`ngil yayraydi, o`quv jarayoni bayramga aylanadi. Musiqa, qo`shiqchilikka oid mavzularni ma'naviy-ma'rifiy targ`ibot va tarbiya faoliyati bilan bog`lab olib boradi. Umuminsoniy va milliy qadriyatlarimizni bolalar ongiga qo`shiq orqali yetkazishga intiladi. o`z mashg`ulotlarida interfaol uslublardan, ayniqsa, dars-musobaqa, dars-tanlov, kichik guruhlarda ishlash, klaster singari metodlardan unumli foydalanadi. Ishida yuqori ta'lim samaradorligiga erishayotgani tufayli 2005-2006 o`quv yilida u modernizasiya qilingan 6-sinf o`quv dasturining tajriba-sinov maydonchasiga rahbarlik qildi. Bu borada atroflicha tahlil va tadqiq ishlarini bajarib, yaxshi natijalarga erishdi. Bundan tashqari, To`lqinjon maktab va tuman miqyosidagi turli bayram tadbirlari, adabiy, mavzuiy kechalar, ko`rik-tanlovlarning faol ishtirokchisi hamdir, - deya davom etdi so`zida direktor. - Musiqa to`garagini ochgan. Biz bu tashabbuskor muallimga imkon qadar yordam beramiz. Uning kabinetini musiqa asboblari, ovoz kuchaytirgich qurilmasi va boshqa zarur
jihozlar bilan ta'minladik. o`ziga ham zimmasidagi ish yuklamasini sifatli bajarayotganligi munosabati bilan 35 foiz ustama ish haqi to`layapmiz.
Birinchi toifali o`qituvchi To`lqin Eshto`raev maktab jamoasi va ota-onalar tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil mehnat qilayotir. U musiqaga qiziquvchi va iste'dodi bor bolalar bilan alohida ishlashga ham katta mas'uliyat bilan qaraydi. To`garagida 5 ta janr bo`yicha mashg`ulotlar olib boradi: musiqa, xor, akademik ijro, raqs, maqom. Bu serqirra faoliyatga ulgurish uchun u reja asosida ish ko`rishga o`rganib ketgan. Mashg`ulotlariga tayyorlanish jarayonida ko`plab o`quv qo`llanmalaridan, ilmiy maqola va metodikalardan foydalanadi. Darsda texnik vositalarni, ko`rgazmali qurollarni keng qo`llaydi. o`zi tomonidan yangi pedagogik texnologiya bo`yicha tayyorlangan uslubiy ishlanmalaridan bir nechtasi viloyat miqyosida ommalashtirilgan. San'at oshuftasi bo`lgan ustoz o`g`il-qizlarning musiqiy
savodini o`stirish barobarida iste'dodli yoshlarga ovoz imkoniyatlaridan to`g`ri foydalanishni, o`zbek milliy cholqu asboblarini chalishni, xalq qo`shiqchiligi janrlarida ijro etishni o`rgatib kelyapti.
"O`zbekiston - Vatanim manim" ko`rik-tanlovida o`quvchilaridan Davron haqberdiev va Nuriddin Aminov yakka ijroda, yosh ijrochilar guruhi - xor, maqom bo`yicha tuman, viloyat va respublika miqyosida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Uning Umid Choriev, Azim Ismoilov singari yosh shogirdlari rubob chalishda, Dilfuza Jumaniyozova, Surayyo Bozorova, Dildora Esonova, Nasiba Normurodova qo`shiq, maqom ijrosi bo`yicha o`z mahoratlarini oshirmoqdalar. Sobiq o`quvchilaridan bir nechtasi ustoz izidan borib, san'at yo`nalishidagi kollej va oliy ta'lim muassasalarida tahsil olmoqdalar. Asliddin Sharipov, Anvar Rahmatov, Shuhrat va Shavkat Sattorovlar shular jumlasidan.
Shuncha ish-tashvishdan ortib To`lqinjon kuy bastalash, olti xil musiqa asbobida o`zbek mumtoz asarlarini yuksak mahorat bilan ijro etib, shirali ovozda chiroyli qo`shiqlar aytishni ham qoyillatadi. Bayram tadbirlari uchun ta'sirli ssenariylar tuzadi, sahna ko`rinishlarini qo`yadi. Bunchalik serqirra va sermahsul faoliyatga u qaerdan kuch-quvvat, vaqt topar ekan, dersiz? Buning uchun o`z kasbini
astoydil sevmoq kifoya, deb hisoblaydi muallim.
- Tevarak-atrofimdagi do`st-birodarlar, hamkasblar, shogirdlar ishimdan zavqlanishsa, ko`ngillari orom topsa, go`zallikka mehru muhabbatlari oshsa, bulardan ilhom olaman, ishimdan qanoatlanib, yangi-yangi rejalar tuzaman, - deydi u. - Ayni paytda fan kabinetimni qayta ta'mirlab, uni jihozlashni, zamonaviy talablar darajasiga yetkazishni o`z oldimga maqsad qilganman. o`ylab yurganlarimdan yana: yoshlar hayotiga oid ta'sirli sahna ko`rinishlari yaratsamu, shu asnoda yigit-qizlarimizning istiqbollari porloq bo`lishiga yordam bersam. Chiroyli kuylar bastalashni, betakror va jozibali qo`shiqlar yaratib, o`quvchilarimga o`rgatishni orzu qilaman. Toki bu qo`shiqlar qadim diyorimiz o`ngirlaridan oshib, respublika bo`ylab yangrasa, yoshlarimizga nafosat va ezgulikdan so`zlab, tarbiyalasa... Shogirdlarim bu qo`shiq bilan butun o`zbekistonga mashhur bo`lishsa... Yana bir orzuim - farzandlarim Temurbek va Mohinur ota-bobolariga munosib farzand, halol inson bo`lib o`sib-ulg`ayishsa...
Bu, yaqinda "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2006" tanlovining respublika bosqichida musiqa fani bo`yicha g`olib chiqqan jonkuyar pedagog, mahoratli san'atkor, Surxonning tanti va zahmatkash o`g`loni To`lqinjon Eshto`raevning orzulari. Sezgan bo`lsangiz, barchasi zamondoshlarining hayotini yaxshilamoq, bezamoq, nafosat va san'at nurlariga chulg`amoq bilan boqliq. Oddiy qishloq muallimining yuragida Boysun yurtining hur shamollari, afsonaviy Alpomishning fidoyiligi, mayin chanqovuzning ertaklari yashab kelayotgan bo`lsa, ajab emas.
 
 
 


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi