Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // YURAKDAGI HALOVAT 
 
Muallim haqida so`zim ushbudir:
Muallim kamolot ichra ko`zgudir
Abdulla ORIPOV
 
"Fanda keng va ravon yo`l yo`q. Kimki uning chaqir tikanakli o`nqir-cho`nqir so`qmoqlaridan o`ta olsagina, orzu-maqsadlariga erishadi". Bu hikmat Namangan davlat pedagogika institutining (hozirgi NamDU) asosiy o`quv binosi kiraverishida katta-katta harflar bilan yozib qo`yilgandi.Dilorom Uchqo`rg`on tumanining Yashiq qishlog`idagi 12-o`rta maktabni tamomlab, ilk bor institut ostonasiga qadam qo`yganidayoq mana shu so`zlarni o`qigan. Orzulari bir olam bo`lgan bu qizning shuuriga butun ma'no mantig`i bilan naqshlangan bu kalom hali-hanuz uni oldinga chorlaydi. qishloqning o`ziga xos sharoitlarida qiynalgan kezlari taskin va dalda, biror yutuqqa erishganida esa yana g`ayrat, yana kuch beruvchi sehrga ega. U qariyb 25 yildan beri qishloq maktabida muallimlik qiladi va bugun orzu-maqsadlariga birin-ketin erishmoqda.
Bu haqda o`ylaganda, shogirdlariyu mahalla-ko`yning e'zozu hurmatiga sazovor bo`lganda o`qituvchilik kasbiga ilk havas va mehrni uyg`otgan ustozlari yodiga tushadi. Ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi Odiljon o`rinboev haqida u quyidagilarni eslaydi: "8-sinfda o`qib yurgan kezlarimizda bir mavzu yuzasidan yozma ish yozib kelish vazifasini oldik. o`shanda men berilgan topshiriq bo`yicha mavzuni o`zimcha o`zgartirib qishlog`imiz chetidagi olma daraxtiga atab yozgan maktub inshomni ko`tarib kelgandim. o`sha yozma ishimni topshirishga topshirdimu aytilgan mavzuni yozmaganligim uchun o`qituvchi meni koyimasmikan, deya rosa qo`rqdim. Ustiga-ustak ustozimiz ijodiy ishlarimizni o`zimizning oldimizda tekshira boshladi. Bunaqa bo`lishini oldin o`ylamaganim uchun juda izza tortdim. Domla inshoimni hayrat bilan o`qib chiqdilar. o`shanda ustoz men o`ylagandek achchiqlanmadilar, aksincha, "Sendan yaxshigina adabiyot o`qituvchisi chiqadi deb yurardim. qoyil, sen nafaqat o`qituvchi, balki tuzukkina yozuvchi bo`lishing ham mumkin ekan", dedilar. Bu menga katta rag`bat bo`ldi. Domlaning e'tibori bilan boshqa o`qituvchilarimizda ham menga nisbatan ishonch ortib bordi.
Ba'zan o`qituvchimizning yordami bilan (o`shanda ustozlarim menda o`qituvchilikka mehr uyg`otishni xohlagan bo`lsa kerak) sinfimizga yangi mavzuni o`tib berardim. Domlamizdan darsni tushunolmaydigan sinfdoshlarim, men o`tgan mavzularni osonroq qabul qilishardi. Shunday holatlar sabab bo`lib, ta'lim tizimiga hozirgi ibora bilan aytganda "noan'anaviy dars uslublari" kirib kelgandi...
Izlanuvchan muallima o`qitishning noan'anaviy interfaol usullaridan unumli foydalanmoqda. Global ta'lim dasturining asosiy g`oyalarini yangi pedagogik texnologiyalar yordamida o`quvchilar ongiga singdirib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan qishloq maktabida uch mingdan ziyod takomillashtirilgan ijodiy ishlanmalar, ko`rgazmali qurol va tarqatma materiallariga ega bo`lgan, zamonaviy jihozlangan ona tili va adabiyot xonasi mavjud. qator yillardan buyon uning o`quvchilari fan olimpiadalari va iqtidorli o`quvchilar ko`rik-tanlovlarining tuman, viloyat va respublika bosqichlarida yuqori o`rinlarni egallashmoqda.
- Davr, davlat siyosati ko`p narsani belgilaydi. Bugungi g`oyaviy kurashlar davrida o`qituvchining jamiyat oldidagi shaxsi, u qaysi fanni o`qitishidan qat'iy nazar, birinchi o`rinda ifodalanib turishi kerak. Shaxmat bo`yicha jahon chempioni Rustam qosimjonov bilan garchand yaqindan tanish bo`lmasam-da, ommaviy xborot vositalari orqali uning g`alabasi haqida eshitgan zahotim o`quvchilarimga u haqida samimiy va
ta'sirli ma'lumot berishim kerak deb hisobladim, - deydi Dilorom. - Bu, bolalarda milliy g`urur va iftixor tuyg`ularini shakllantiradi. Bu, tarix o`qituvchisining ishi yoki bu, jismoniy tarbiya fani darslarida aytiladigan gap, deb kundalik voqealarni chetlab o`tish, menimcha, bugungi kun o`qituvchisiga yot bo`lishi kerak.
Uning pedagogik faoliyatiga nazar tashlarkanmiz, oddiy, ammo qishloq bolalari uchun shu yurtga sadoqat, milliy istiqlol g`oyalariga hurmat kabi qadriyatlarning yorqin tahlili deyishga arziydigan amaliy ishlari talaygina ekanini ko`ramiz. U o`quvchilarga xalq og`zaki ijodi namunalaridan saralab, qo`shiqlar o`rgatdi. Maxsus taklifnoma bilan maktabga qishloq faollari, ota-onalar, ishlab chiqarish ilg`orlaridan vakillar chorlab, tadbirlar o`tkazdi. o`ali tadbirlar taassurotidan olingan gap-so`zlar tugamay turib, yangi to`garak ochdi. qo`g`irchoq teatriga qiziqmagan, ta'sirlanmagan, unda ishtirok etmagan o`quvchi qolmadi hisob.
"Ma'naviyat - qalbim quyoshi" mavzusidagi adabiy-badiiy kompozisiyasi viloyat pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan ommalashtirildi. 1997 yilda o`quvchilar bilan yakka tartibda ishlash bo`yicha yuqori samaradorlikka erishdi. o`sha yili 9, 10, 11-sinflardan olimpiadaga tayyorlagan o`quvchilarining uch nafari ham tuman va viloyatda birinchi o`rinni egallab, respublika bosqichida ham kattagina muvaffaqiyatlarga erishdi. Diloromning amalga oshirayotgan bu ishlari munosib qadrlandi - u 2000 yilda "Xalq ta'limi a'lochisi" ko`krak nishoniga loyiq ko`rildi.
Dilorom Xolmirzaevaga dadasi Mirzakamol akaning yozib qoldirgan esdaliklaridagi quyidagi so`zlarga e'tibor bering: "Mehr bersang, mehr ko`rasan, o`quvchiga rag`batli muhit kerak"... Demak, bu
jonkuyar o`qituvchi yoshligidan ta'lim-tarbiya uchun jon kuydiradigan, ziyoli bir muhitda o`sib ulg`aygan. Dilorom ana shu hikmatlarga amal qiladi. o`zi ham hikmatlar yaratib yashamoqda va ishlamoqda.Odamning yuragida halovat bo`lsin. Agar kishi vijdon so`roqlariga xolis javob berishda qiynalmasa yurakka eng ulug` halovat inadi. Dilorom doimo mana shu qoidaga amal qiladi.
Dilorom Xolmirzaeva bu yil "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining Respublika bosqichida ona tili va adabiyot fani yo`nalishi bo`yicha g`olib deb topildi. Tanlov doirasida muammoli va an'anaviy dars o`tish usullarida o`ziga xos tajriba, chuqur bilim, bolalarga bo`lgan mehr muvaffaqiyatning asosiy omili bo`lib xizmat qildi, desak xato bo`lmasa kerak.
"Homiylar va shifokorlar yili"ning eng yaxshi fan o`qituvchisi" Dilorom Xolmirzaeva oilada ham baxti bekam onalardan. qishloq xotin-qizlarining maslahatgo`yi. So`zimiz yakunida unga ezgulikdan unar halovatlar tilab qolamiz.


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi