O`shanda Jahonmurod 7-sinfda o`qirdi. Guliston tumanidagi 1-maktabda chizmachilik fanidan dars beradigan sevimli ustozi Abubakir Hamroev bir gal uning qo`liga kattagina bir kitobni tutqazib, o`qib chiqishni tayinladi. o`sha kuni uyiga borib onasiga "Bu kitobni qanday qilib o`qib chiqaman?" deya yig`lagani hamon esida. Jahonmurodning beg`ubor bola qalbi, ustiga-ustak undagi tirishqoqlik ustozni aldash yoki kitobni shunchaki hafsalasiz o`qib chiqishni hazm qilolmasdi. Shuning uchun kattagina hajmdagi bu kitobni o`z talabiga ko`ra o`qib chiqish uning qalbiga qo`rquv solgani rost. Onasi Tojigul opa ham o`sha maktabda kutubxonachi bo`lib ishlardi. Shu kuni onasi Jahonmurod bilan juda uzoq suhbatlashdi. Kitob o`qigan odam elda aziz va ehtiromga loyiq kishilar bo`lishini, agar u ham ishtiyoq bilan kitob o`qisa, xuddi otasidek ziyoli inson bo`lib yetishishini tushuntirgandi. Ana shu voqeaga o`n uch yil bo`lganda, o`z bilimi, mahorati bilan kasbdoshlari, ustozlari, ota-onasini xursand qiladigan katta bir yutuqni qo`lga kiritganida Jahonmurod o`sha suhbatni yana bir bor yodga oldi...
Jahonmurod ota-onasining doimiy e'tibori, ilmga, maktabga nisbatan oilada shakllangan muhit sabab yoshligidan "a'lo" baholarga o`qidi. o`qituvchilarining daldasi, maqtovi unga yanada qanot bag`ishlar, bundan ham ko`proq o`qishga va bola tasavvuricha yanada ko`proq maqtov eshitishga harakat qilardi. Onasi kutubxonada ishlagani bois, eng sara kitoblarni Jahonmurodning qo`liga tutqazardi. U boshlang`ich
sinfni bitirib, yuqori sinfga o`tganda ko`pgina o`qituvchilar uni o`z yo`nalishi bo`yicha tayyorlashni, fan olimpiadasiga olib borishni xohlashgandi. Chunki u ona tili va adabiyot, tarix, matematika, kimyo, biologiya, chizmachilik fanlarining barchasidan yuqori baholarga o`qirdi. Ammo chizmachilik faniga bo`lgan undagi alohida iqtidor va qobiliyatni ko`rgan chizmachilik fani o`qituvchisi Abubakir Hamroev uni boshqa o`qituvchilarga bergisi kelmasdi. 7-sinfdagi o`sha voqeadan so`ng Jahonmurod chizmachilik faniga qattiq qiziqib qoldi. Ehtimol, bunda ustozi Abubakir hamroevning mahorati, bolani shu fanga qiziqtira olishi, o`quvchidagi iste'dodni yuzaga chiqarishdagi ustamonligi muhim rol o`ynagandir. harqalay, Jahonmurod shundan so`ng o`sha kitobni qo`lidan qo`ymadi. hatto, qisqa vaqt ichida bir necha bor qaytadan o`qib chiqdi.
7-sinfdan boshlab chizmachilik fanidan turli musobaqalar, hududlararo fan olimpiadalarida g`olib bo`ldi. har yili tumanda 1-o`rinni egallab kelardi. 2000 yilda esa chizmachilik fani bo`yicha respublika bosqichida qatnashish yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Garchi yakuniy bosqichda 1-o`rin nasib qilmagan bo`lsa-da, bu musobaqa uning hayotida, o`qish va intilishida muhim rol o`ynagani rost.
2000 yil Jahonmurod Guliston davlat universitetiga muhandislik yo`nalishi bo`yicha o`qishga kirdi. U har bir yutug`ida ustozlarining mehrini, ko`magini his qilib turardi. Shu bois ham yuragiga eng olijanob, ezgulik timsoli, sifatida muhrlangan o`qituvchilariga hurmat uning qalbini hech qachon tark etmasdi. Otasi Ro`zimurod Ro`ziev ham shu kasb-kor orqasidan elaro hurmat topgan inson. U Guliston tumanidagi musiqaga ixtisoslashgan lisey-internatda matematika fanidan saboq beradi. Mana shu omillar sababmi, Jahonmurodning maktab deb atalmish muqaddas dargohga mehri bo`lakcha edi.
Bugun esa uning o`zi ham o`qituvchi. Bolalarga chizmachilik fanidan saboq berib keladi. Dars berganda ham ustozlaridan olgan bilim, bildirilgan ishonchga munosib tarzda chin ko`ngildan o`tishni xohlaydi. Shu boismi, yosh bo`lishiga qaramay tez orada jamoadoshlari, o`quvchilar oldida hurmatga sazovor bo`ldi. Guliston davlat universitetini bitirib, Toshkent davlat texnika universitetiga magistratura yo`nalishi bo`yicha o`qishga kirganda maktabga bo`lgan mehr uni poytaxtdagi 218-maktabga yetaklab kelgan edi. Tez orada maktab rahbariyati bildirgan ishonchni oqlab, dars samaradorligida yaxshi ko`rsatkichlarga erishdi. Ko`p yillik tajribaga ega bo`lgan ustoz-o`qituvchilar bilan juda ko`p suhbatlashdi. Ularning darslarini kuzatdi. Natijada, maktab jamoasi "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanloviga uning nomzodini hech ikkilanmay ko`rsatishdi. Bildirilgan bu ishonch esa Jahonmurodning zimmasiga yana bir katta mas'uliyatni yukladi. Endi nima qilib bo`lsa ham tanlovda yaxshi ishtirok etish, maktabining, jamoasining yuzini yerga qaratmasligi shart edi. Dastlabki natija quvonarli bo`ldi. Jahonmurod Ro`ziev tanlovning tuman va shahar bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi.
- Respublika bosqichi murosasiz va juda qizg`in bo`lishi aniq edi, - deydi Jahonmurod Ro`ziev. - Mamlakatimizning turli hududlaridan eng kuchli, bilimli, tajribali o`qituvchilar qoliblik uchun bellashdilar. Tasviriy san'at, mehnat va chizmachilik fani yo`nalishlari bo`yicha tanlovning yakuniy respublika bosqichi Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 16-maktabda bo`lib o`tdi. Men "qurilish chizmalari" mavzusi bo`yicha muammoli dars o`tdim. Tanlov shartlariga ko`ra, muammoli dars mavzusi o`qituvchiga oldindan ma'lum qilinmaydi. Bu juda to`qri talab deb hisoblayman. Chunki o`qituvchi har qanday sharoitda muammoli, interfaol usulda dars o`tishga tayyor bo`lishi kerak. Shuningdek, an'anaviy dars ham juda qiziqarli tarzda o`tdi. Shu o`rinda ta'kidlashim lozimki, biz dars o`tgan sinflar o`quvchilari chuqur bilimi, zakovati, iqtidori bilan darsni ko`ngildagidek tashkil etishimiz uchun katta yordam berishdi. Men yurtimizning chekka hududlarida ham o`quvchilarga har tomonlama chuqur bilim berilayotganligidan juda quvondim. E'tiborlisi, ushbu maktab o`quvchilari haqidagi iliq fikrlarni boshqa o`qituvchilardan ham eshitdim. o`z navbatida ana shu Termiz shahridagi 16-maktabning chizmachilik fani o`qituvchisi Soliya opa Payg`amova bilan ham bu borada uzoq suhbatlashdik. Bu fidoyi muallimaga o`z minnatdorchiligimni bildirdim.
Jahonmurod Ro`ziev tanlov shartlariga ko`ra jami 81,33 ball jamg`arib, "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida g`olib deb topildi. U ushbu nufuzli tanlovning eng yosh ishtirokchisi va eng yosh g`olibi sifatida ham ko`pchilikning e'tiboriga tushdi. Jahonmurod 23 yoshida "Xalq ta'limi a'lochisi" nishoniga sazovor bo`ldi. Bu xushxabarni otasiga telefon orqali aytganida, bir umr farzandlarini shu sharafli va mashaqqatli kasb orqasidan tarbiyalayotgan padari buzrukvori o`zini yig`idan tiya olmadi. Albatta, bu farzandi yutug`idan sevinch, g`urur va iftixor ko`z yoshlari edi. Jahonmurodga ilk chizmalarni o`rgatgan, shu sohaga yo`llagan ustozi Abubakir hamroev esa birgina so`z bilan sevimli shogirdiga nisbatan ishonch, mehr, bergan bilimidan minnatdorlik, erishgan yutug`idan quvonch tuyg`usini izhor etdi: "Men senga ishonardim". Shu birgina jumla zamirida o`qituvchi shogirdiga tolmas qanot bag`ishladi, desak xato bo`lmas.
Jahonmurod har bir ishida ota-onasi, o`qituvchilari bilan bir qatorda yoshligidan uni ilmga, izlanishga undagan har daqiqada ma'naviy-ruhiy ko`makdosh bo`lgan tog`asi, sharqshunos olim Nazrulloh Rasulzodaga ko`p bor suyanib kelgan.
- U kishidan eshitgan quyidagi so`zlarni hech qachon yodimdan chiqarmayman, - deydi u. - "Ilm bamisoli buloqdek gap, buloqning ko`zini yopmoqchi bo`lib unga xas, tosh tashlagan bilan buloq boshqa joydan sizib chiqaveradi, har qanday martabaga erishsang ham kerilma, kerilish va takabburlik ilmning ofatidir".
Jahonmurod bilan suhbatlashar ekanmiz, undagi tiniq, mantiqiy fikrlar, yuragidagi g`ayrat, chaqnoqlikni ko`rib, to`g`risi quvondik. quvonchimizga sabab bo`lgan narsa esa kelajagimiz tarbiyachisi bo`lgan o`qituvchilarimiz safi ana shunday serg`ayrat va bilimli yoshlar bilan to`layotganidadir. Ular har jabhada o`zlarini namoyon qilishmoqda. Vatan taraqqiyoti, farzandlarimiz kamoli uchun hammamiz mas'ulmiz, ammo, bu borada muallim yelkasidagi yuk zalvorliroqdir.
Maqola sanasi: