Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // HAYOT DARSI 
 
... O`shanda o`g`lining maktabdan he yo`q-be yo`q "Firma tashkil etmoqchiman" deya kirib kelishi Oykarom opani o`ylantirib qo`ygan edi. U farzandining muallim bo`lishini orzu qilardi. Xayolan ko`cha-ko`yda "Ustozning onasi" deya marhamat ko`rsatishlarini yuz boralab tasavvur etgandir. Bugun esa bolasi "Firma ochaman" deb turibdi. Azizjon ham oyisining bu havaslarini ko`ngildan his etadi. Turli muammolar sabab o`zi o`qituvchi bo`lish sharafiga erisholmagan ona farzandlarining muallim bo`lishini juda-juda xohlashi ayon. Shundanmi, onasining hafsalasi pir bo`lgan odamday bo`shashib qolganini tez tushundiyu:
- Oyijon, bizga ustozimiz ijodiy ish sifatida Firma tashkil etish topshirig`ini berdi. "Oila a'zolaringiz bilan maslahatlashib ish tutingki, amalingiz qishloqdoshlaringizga ham, ro`zg`oringizga ham nafi tegadigan bo`lsin" deya tayinladilar, - dedi tezgina muddaoga o`tib. - Bunda siz menga yordam berishingiz kerak. Avvalo, boshlang`ich mablag` va Firma faoliyatini belgilash masalasi turardi.
- Konfet, turli shirinliklar ishlab chiqarsak-chi? - dedi Aziz. - qishloqdagi yagona do`kon ham necha chaqirim narida. U yerda sotiladigan shirikliklar turi ham kam. Atrofimizda maktab, bog`cha bor. Menimcha, sotilishi yomon bo`lmaydi. Balki qo`shni qishloqlardagi do`konlar bilan shartnomalar tuzarmiz...
Boshlang`ich mablag`ni oila a'zolari kengashib, to`plab beradigan bo`lishdi. Dastlabki hisob-kitoblarni ham Azizjon ustozining ko`rsatmalari asosida rejalashtirib chiqdi: kichik sex qurilishi, olinadigan kerakli mahsulotlar, ishchi-xizmatchilarga beriladigan haq, soliq to`lovlari... Xullas, oila byudjetiga qoladigan foyda ham yomon emasdi. "2-3 nafar yetuk mutaxassislarni chetdan jalb etishimiz mumkin. Lekin, asosan, qishlog`imizdagi kam ta'minlangan oilalarning bo`sh yurgan o`g`il-qizlarini ishga olmoqchiman... Sarmoyamizdan eng yaxshi o`qiyotgan sinfdoshlarimga stipendiyalar tashkil etaman..." Onaizor dilbandining bu gaplarini eshitib uzundan-uzoq duo qilgan, ustozi esa uning ijodiy ishi taqdimotini yuqori baholab, rag`batlantirgandi o`shanda...
"Shuhrat" medali sohibasi, "Iqtisodiy bilim asoslari" fani o`qituvchisi Karomat Norjigitovaning har bir darsi shogirdlarini ana shunday ijodkorlikka undar, saboqlar hayot maktabi misol kecha, bugun, ertalarning jon tomirlarini birlashtirib turardi go`yo. Iqtisodiy bilim - iqtisodiy barqarorlikka, jamiyatning taraqqiyoti - elning ma'murligi, ezgu niyatlarning amalga oshishiga yo`l ochadi. Aziz ana shunday xulosa bilan 1998 yili bugun o`zi mehnat qilayotgan Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi 16-umumiy o`rta ta'lim maktabining 9-sinfini tugatib, tumandagi iqtidorli bolalar liseyida, so`ngra esa Toshkent iqtisod universiteti qoshidagi ixtisoslashgan oliy biznes maktabida tahsil oldi. 2004 yili "Iqtisodiy bilim asoslari fani o`qituvchilarini qayta tayyorlash" kursida o`qib, sertifikat egasi bo`ldi. Yosh, izlanuvchan yigit shu yil "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, birinchi o`rinni egallashga muvaffaq bo`ldi. Uning ish boshlaganiga endigina 4 yil bo`lgan bo`lsa-da, 2004, 2005-2006 yillarda o`quvchilari fan olimpiadalarining viloyat bosqichi miqyosida ishtirok etib, faxrli o`rinlarni egallashdi.
- Men tanlovda pedagogika va andragogikaning o`qitish jarayonidagi farqlarini o`qituvchi tomonidan yaratilgan ixtiro sifatida olib chiqdim. o`ylaymanki, bu farqlarni yaxshi bilish hamda ulardagi muvaffaqiyatli jihatlarni to`g`ri ilg`ab, o`z ish uslubiga olib kirish har bir o`qituvchi uchun juda muhim, - deydi A.Qo`shboev. - Masalan, o`qitish muhiti pedagogikada rasmiy bo`lsa, andragogikada do`stona, o`zaro hamkorlik tarzida. Xuddi shunday baholashda pedagogika o`qituvchining baholashiga, andragogika esa o`quvchining o`zini-o`zi o`qituvchi, hamkasblari, mutaxassislar belgilagan mezonlar asosida baholashiga tayansa, pedagogikada o`quvchi mustaqil bo`lmay, andragogikada o`quvchining mustaqilligi va o`zini nazorat qilishi ortib borar ekan... Tadbir so`ngida viloyatlardan kelgan hamkasblarimning bu ijodiy ishimdan ko`chirma olib ketishlari o`z-o`zimga bo`lgan ishonchimni yanada oshirdi. Ayni paytda men ham tanlov bahona ajoyib tajribalardan o`rgandim. Ko`plab fidoyi muallimlar bilan tanishdim.
Aziz Qo`shboev "Kamolot" YoIh viloyat kengashining treneri sifatida ham yoshlarning do`sti, hammaslagiga aylana olgan. Uning fikricha, muallim o`quvchisining do`sti bo`la olmas ekan, unga ta'lim-tarbiya bobida ustozlik qilishi qiyin. "Shunga erishmoq kerakki, - deb alohida urg`u berib o`tmoq bo`ladi u, - kezi kelganda bola sizga dardu muammolarini aytsin, quvonchlariga sherik qilishga shoshilsin". Azizjonning bu qarashlari, ayniqsa, maktabda ancha tarqoq sanalib, ba'zi tajribali muallimlarni ham o`ylantirib qo`ygan 8-"G" sinfga rahbar etib tayinlanganida juda qo`l keldi. Sinf o`quvchilarida o`qishga ishtiyoq, bahamjihatlik, ustozlarga izzat-hurmat ruhini shakllantirguncha Aziz kuniga necha bora o`spirinlik dunyosiga qaytib, o`qil-qizlar ko`ngliga quloq tutar, hayotiy qarashlari bir-biriga o`xshamagan ota-onalarni tushunib, o`z mulohazalarini tushuntirishga harakat qilardi. 8-"G" ning yaqin o`rtog`i, yo`lboshchisi, hamfikr, hammaslagiga aylangan Aziz nihoyat sinfni atrofida jamlay oldi. Sinfda a'lochi, tashkilotchilar soni ortdi. Fan o`qituvchilari ham tartib-intizom, darsni qoldiruvchiyu kechikuvchilardan nolimaydigan bo`lishdi.
- Bir voqea menga o`qituvchi ruhshunoslik ilmini, albatta, egallashi shart, ustoz bag`ri keng, mehribon, qalblarga yo`l topa oladigan inson bo`lmay turib, yaxshi muallim bo`lishi qiyin degan hayotiy hikmatni anglatganday bo`ldi, - deya suhbatimizni davom ettiradi Aziz. - Sinflardan birida quvnoq, xushfe'l, ko`zlari doim kulib turadigan a'lochi o`quvchi bor edi. Bolalarning kayfiyatini kuzatish, e'tibor qaratish odatim bo`lgani uchun ham undagi bir necha kundan buyon davom etayotgan ma'yuslik diqqatimni tortdi. Avvaliga indamadim. Tanaffuslarda ursa osmonga sapchiydigan yigitcha hech kimga qo`shilmas, bir chetda atrofga loqayd termulgancha xayol surib o`tirardi. Oxirgi darsdan so`ng yonimga o`tkazdim-da, u bilan dildan suhbatlashdim. Bolajonning dili to`la alam, qanday yo`l tutishga ojiz, titrab so`zlardi.
Angladimki, uning oilasida notinchlik. Ota-onasining murosasi anchadan buyon kelishmay, ur-surlarning zahri o`g`illarining dilini vayron etayotgan edi. Uyiga borib oila a'zolari bilan gaplashdim. Xonadonlarida osudalik hukm surib, bolakay o`sha men uchun qadrdon bo`lgan sho`xliklariga qaytguncha bu ostonaga necha bora qadam qo`ydim. Ko`ngil tinch bo`lsagina ish o`nglanadi deganlaridek, yigitcha ham yana bilimdonlar qatoriga ko`tarildi. Shu-shu ularning oilasi bilan qadrdon bo`lib qoldim.
Aziz o`zi dars berayotgan "Iqtisodiy bilim asoslari" fanini hayot darsiga o`xshatadi. Darsning jihozi sifatida kompyuter, audio, videomagnitafonlar qatorida o`zi tayyorlagan ko`rgazmali qurollardan ham keng foydalanadi. Mashg`ulot o`tish xonasini goh "doira", gohi "bahs-munozara", gohi "P" shakliga keltirib, stol-stul va moslamalarni joylashtirarkan, sinfni boshqarish bilan korxona, tashkilot, qo`yingki, butun davlat va jamiyatni boshqarishdagi bog`liqlikni o`zicha tasavvur etadi.
- Oila ham jamiyatning bir bo`lagi, - anglatmoq bo`ladi u o`quvchilariga. - har bir xonadonning o`z boshqaruvchisi bo`lishi kerak. Agar ro`zg`or boshlig`i ilmli, tadbirkor, uzoqni ko`ra oladigan bo`lsa, oila a'zolari bilan ahillikda rejali ish ko`rsa, turmushda iqtisodiy muammo tug`ilmaydi. Agar har kim o`z bilganicha to`rt tomonga tortib yashasa, bu yerdan qut-baraka ko`tariladi. Demak, mamlakatning har bir fuqarosi, avvalo, ahillik va tinchlikni mustahkamlash uchun o`z ulushini qo`shishi kerak.
Shu tariqa o`quvchilar tijorat, vositachilik, sug`urta, menejment, marketing kabi atamalarning mazmun-mohiyati, bu ilmlarni egallash bugungi bozor iqtisodi sharoitida nechoqlik muhim ekanligini idrok eta boradilar.
Mehribon ustozlari Maqsuda Umarova, Karomat Norjigitova, Ziyod Boymirzaevning ish tajribalaridan hamisha ibrat olib, yoshlik kuch-g`ayrati bilan samarali mehnat qilayotgan Aziz Qo`shboevning ikkinchi iste'dodi murabbiylik faoliyatini to`ldirib turadi. U ajoyib she'rlar mashq qiladi. Uning ijodi o`z fani mazmun-mohiyatini nazmiy satrlarda o`quvchilariga yanada ta'sirchan, maroqli yetkazib berishga xizmat qiladi. har bir dars o`z shiori bilan boshlanadi. "Zakovat", "Yosh iqtisodchi", "Boshqaruv ilmi" kabi bir-biriga o`xshamagan saboq turlarini she'riy misralar bilan boyitish uchun esa, albatta, qalamkash "Iqtisodiy bilim asoslari"dan boxabar bo`lishi kerak.
- Hukumatimiz tomonidan murabbiy shaxsining ulug`lanayotgani ayni paytda ta'lim maskanlarida fidoyi o`qituvchilar safining kengayishiga turtki bo`layapti. Biz bir sinfni bitirgan 4 nafar sinfdosh o`zimiz ta'lim olgan ilm dargohida ustozlarimiz faoliyatini davom ettirayapmiz. Darslarim davomida o`quvchilarimda ham pedagoglik kasbiga ishtiyoq, muhabbat uyg`otishga harakat qilaman. O`qituvchilik nihoyatda mashaqqatli kasb ekan, bu zalvorli sohaning yuki zahmatini yelkalovchilar safida muallimalar bilan birga muallimlar sonining ham ko`payishini xohlardim. Chunki maktabning dardi - mamlakatning, millatning dardi-da!
 
***

... Oykarom opa ko`chadan mamnun bo`lib qaytarkan, kitob varaqlab o`tirgan o`g`lini o`zgacha g`urur bilan bag`riga bosadi. "Jonim bolam, mahallada kim bilan duchlashsam, sen haqingda biram yaxshi gaplarni aytadi-ey. Seni bergan Xudoyimdan aylanay. Soyangda soyalab, davralarda yashnab-yashnab yashayapman-a, o`g`lim..." Aya ko`zidagi sevinch yoshlarini ro`molining uchiga arta-arta dilbandini alqagandan-alqaydi. Chindan-da bu yoruq olamda farzandining ortidan izzat ko`rib g`ururlanmoq, o`g`il bo`lib volidai muhtaramasiga shu baxtiyorlikni hadya etmoqdan ortiq baxtning o`zi yo`q-da!



Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi