Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // KELAJAKNI BUGUN 
 
Narpay azal-azaldan ilmu ma'rifatga ko’ngil qo’ygan insonlar Vatani. Shu yurtda tug’ilib-o’sgan yuzlab olimu shoirlar, oqilu donolar elimiz shuhratini olamga yoyib kelgan. Bunda albatta, fidoyi va zahmatkash pedagog-o’qituvchilarning o’rni beqiyosdir. Tumanning ta'lim sohasida erishayotgan yutuqlari viloyatda oldingi o’rinlarda turgani bois, doimo davralarda shu tuman o’rnak qilib ko’rsatilishi ham ayni haqiqat. o’qituvchilarning tajribalari tez-tez ommalashadi, ko’rsatkichlar yuqori, fan olimpiadalarida tuman mudom oldingi o’rinlarda. Yaqinda yana bir xushxabar tarqaldi. Bu ham narpaylik fidoyi pedagoglarning navbatdagi yutug’i haqida edi.
            64-umumta'lim maktabining kimyo fani o’qituvchisi Nigora Boboeva "Yilning eng yaxshi fan o’qituvchisi" ko’rik-tanlovida g’olib deb topildi. Bu yangilikdan nafaqat maktab jamoasi, balki uning umr yo’ldoshi, shogirdlari, ota-onasi, yaqinlari, tuman va viloyat ma'rifat ahli ham quvonishdi. Biz Nigora bilan suhbatlashgani borganimizda u ishlayotgan maktabda hayot har kungidek qaynardi. Toza-ozoda, zamonaviy maktab binosi, ajoyib bog’, anvoyi gullarning uforidan bahri-dilimiz ochilgan bo’lsa, bir-biridan fidoyi o’qituvchilar, ilmga chanqoq yoshlarni ko’rib ularga havasimiz keldi. Turli xil ko’rgazmali qurollar, kitobu daftarlarni qo’ltiqlab olgan Nigora bilan uning darsiga kirdik.
-Bugungi mavzuimiz-Kraxmal, - deya darsni boshladi o’quvchilar bilan salom-alikdan so’ng Nigora Boboeva. -O’tgan galdagidek darslarimizda barchaning faol ishtirokini ta'minlash maqsadida mashqulotni konferensiya tarzida o’tamiz. Xo’sh, unga hamma tayyorlanib kelganmi? Biolog, ekolog, bioximik, geokimyogar, texnolog, shifokor, o’qituvchi, maslahatchi, dorishunos, kimyogar, hamma shu yerdami? Barcha kasb egalari sohalari bo’yicha o’quvchilarga ma'lumot berishi lozimligini bilasiz-a.
-Ha ustoz, bilamiz.
-Unda darsni boshlaymiz...
Nigora Boboeva darslarini o’zi yaratgan uslublarda olib borishni yaxshi ko’radi. Dars o’tishning konferensiya tarzdagisiga ham mavzuga oid savollar o’quvchilarga oldindan berib qo’yilgani bois, hamma yaxshi tayyorlanib kelgandi. har bir o’quvchi o’zi sevgan va tanlagan kasbi bo’yicha biolog, ekolog, bioximik, geokimyogar, texnolog, shifokor, o’qituvchi, maslahatchi, dorishunos va kimyogar sifatida darsda ishtirok etdi.
Boshqaruvchi darsni boshlagach, kasb egalari o’zlariga taalluqli sohalardagi mavzu doirasida kimyoviy modda uning xalq xo’jaligidagi ahamiyati haqida ma'lumot berishdi. Masalan, dorishunos kraxmalning dori-darmon ishlab chiqishdagi ahamiyati haqida gapirsa, ekolog uning tabiatga o’tkazayotgan ta'siri xususida, shifokor tibbiyotdagi rolini, xullas har qaysisi o’z sohalariga taalluqli tomonlarni aytishdi. Shu tarzda barcha kasb egalari darsda bevosita ishtirok etib, o’qib-o’rganganlarini bayon etdilar, tenglamalar yechilib, ko’rgazmali qurollardan keng foydalanildi. o’z-o’zidan dars jarayonida muammo va munozarali holatlar tug’ildi. o’amma navbati bilan munozaraga aralashib, o’zining fikrini ayta boshladi. o’quvchilarning burro-burro gaplaridan, fikrlarini isbotlab berishayotganidan darsga
yaxshi tayyorlanib kelishgani bilinib turardi. Nigora esa mashg’ulotga hammani qamrab olar,
turli-tuman savollar bilan o’quvchilarga murojaat etar, barcha-barchani bahsga chorlash orqali
darsning qiziqarli chiqishini ta'minlardi. Dars jarayonida texnolog kimyogarga, shifokor dorishunosga savollar berib, aniq va lo’nda javoblar oldi. Fikrga qarshi fikrlar ilmiy asoslangan holatda olib boriladi. N.Boboeva ko’zlagan maqsadga ko’ra, shu xil mashqulotlarda o’quvchilar nutqi, fikrlash doirasining o’sishi o’z isbotini topgani bilinib turardi. Eng muhimi, bolalarning o’zlashtirishi ko’zga tashlanardi. o’quvchilarni baholash ham shunga qarab aniqlandi. Dorishunos rolini ijro etgan o’quvchi kraxmalning dori-darmon ishlab chiqarishdagi ahamiyati haqida kengroq to’xtalib, yaxshigina ma'lumot bergani uchun unga yuqori ball qo’yildi. Kimyogar fikrlarini to’liq ifodalab bera olmadi. Unga quyiroq ball qo’yildi.
            Shundan so’ng kelgusi mashg’ulotlar uchun uyga vazifa berildi.
"Nima uchun qog’oz yonib kulga aylanadi?", "Sutdan qanday qilib qatiq olinadi?", "qor osmonda qanday paydo bo’ladi?", "Biz nima bilan nafas olayapmiz?" kabi savollar yosh Nigoraning qalbida kimyo faniga muhabbat uyg’otdimikan yoki pedagoglar oilasida tug’ilgani uchunmi bunisi noma'lum, ishqilib zukko qizaloq ana shu savollarga javob olish maqsadida ilm o’rganishga, o’rganganlarini boshqalarga ham o’rgatishga juda yoshligidan ahd qilgandi.
Farzandlaridagi bu g’ayratu shijoatni, ilmga chanqoqlikni ko’rgan Amirqul aka bilan Mohiya opa qizaloqlari uchun barcha sharoitni muhayyo qilishdi. Nigoraning orzusiga yetishishi uchun keng yo’l ochib berdilar. U maktabda a'lo baholarda o’qib, o’quv maskanini kumush medal bilan bitirdi. Samarqand davlat universitetida ham ana shunday kuch, ana shunday shijoat bilan o’qishni davom ettirdi. Ilmga chanqoqligi, o’ziga talabchanligi bilan boshqalardan ajralib turdi. Talabalik yillarida Nigora universitetning Mendeleev bilim jamiyati qoshidagi akademik O.Sodiqov nomidagi stipendiyani olishga muvaffaq bo’ldi.
Oliy dargohni bitirgach, pedagogik faoliyatini o’zi tahsil olgan ilm maskanida boshladi. Sevimli ustozlari, jonajon maktabi yana uni o’z quchog’iga oldi. o’shlarga shijoat bilan ilm o’rgatishga kirishdi. Ota-onasi, ustozlari, turmush o’rtog’i unga suyanchiq bo’ldilar. qisqa vaqtda jamoaga singishib ketgan yosh muallima mehnati, ijodkorligi va izlanuvchanligi, mehribon va shirinsuxanligi bilan maktab va mahallada hurmat qozondi. Elda yaxshi degan nom oldi. Maktab va oliy dargohdagi ustozlari - Nazira Primova, Gulnora Rustamova, Roza Bulatova, Xursand Mustafoeva, Sora Murzina, Isan Lutfullaev, Jo’rabek Eshonqulov, Abdulla Nasimov, Ergash Oripov, Rahima Nosirovalardan o’rgangan bor bilimini yanada oshirdi, uni shogirdlariga ham o’rgatdi.
-O’qituvchi deganda ko’z o’ngimda mudom zukko, bilimdon, donishmand kishi gavdalanadi, - deydi Nigora Boboeva. -Onam tarix fani o’qituvchisi, otam esa oliy ma'lumotli hisobchi bo’lib ishlardilar. Oilamiz ziyolilar oilasi bo’lgani uchun doimo uydagi suhbat ilm-fanga, ma'rifatga bog’liq bo’lar, kattalar biz bolalarni ham suhbatga qo’shishardi. Shu bois, bolalik chog’larimda o’qituvchi kasbiga mehr qo’ydim. Bilmadim, balki o’qituvchilikka qiziqish menga qondan o’tgandir. Mana, orzularim ushalib o’zim sevgan kasbimda mehnat qilmoqdaman. Endigina kimyo haqida tushunchaga ega bo’layotgan o’quvchilarda mazkur
fanga qiziqish uyg’otish, ularning murg’ak qalbini kimyo olami hayratlari bilan to’ldirish,
mo’'jizalaridan bahramand etish oson kechmagan hech qachon. Men ana shu mashaqqatli vazifani sidqidildan ado etishga ahd qilganman. o’quvchilarimga fan sirlarini chuqurroq o’rgatish maqsadida ular bilan qo’shimcha mashg’ulotlar o’taman. Birgalikda muammoli masalalar yechimini topishga harakat qilamiz. Qo’shimcha adabiyotlar menga doimo yordam beradi.
Masalan, bir kuni Yurtboshimizning "O’zbekiston - XXI asr bo’sag’asida" asari menda shu mavzuni o’quvchilarimga chuqurroq o’rgatish istagini paydo qildi. Shogirdlarim bilan o’rgandik, izlandik, shuning natijasida "O’zbekistonda D.Mendeleevning davriy jadvalidagi barcha elementlar mavjud" deb nomlangan ko’rgazmali xarita yaratdik. Unda o’zbekistondagi mavjud qazilma boyliklar, ularning joylashish hududlari haqida keng va sodda ma'lumotlar berilgan. Bu ham bizning o’quvchilar bilan qo’lga kiritgan yana bir katta yutug’imiz, desam xato bo’lmas. Men har bir mavzuni o’tish jarayonida mazkur asarga tayangan holda Respublikamizdagi xom-ashyo zahiralari, ularning tarqalishi haqidagi ma'lumotlardan keng foydalanaman. Shu bilan birga Respublikamizda vujudga kelgan ekologik muammolar va ularni bartaraf etish choralari, boyliklarimizdan oqilona foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon standartlari darajasiga ko’tarish uchun malakali kadrlarning kamligi singari masalalarga urg’u berib, o’quvchilarni kimyo sohasidagi turli kasblarga qiziqtirishga harakat qilaman.
- Nigorada ijodkorlik, mehnatkashlik bor, - deydi 64-umumta'lim maktabi direktori Nazira Primova, - har bir darsga biror yangilik olib kirmasa ko’ngli to’lmaydi. Noan'anaviy dars o’tishning hadisini olgan. Yangicha uslubda o’tilgan darslarini ko’p kuzatganman, u har bir darsini yangilik bilan boyitib borish bilan birga o’quvchilarning unga, uning o’quvchilarga yaqinlashgani, to’g’rirog’i do’stlashgani sezilib turadi. o’quvchining ko’ngliga yo’l toparkansan, albatta maqsadingga erishasan. Buni Nigora ham uning boshqa hamkasblari ham yaxshi biladi. Shu bois, darslarda o’zlashtirish ham ko’ngildagidek bo’ladi. Biz tanlovgacha va tanlovdan keyin ham Nigoradan ko’p narsani o’rgandik. U har bir o’quvchi bilan ishlashdan, kitob, gazeta va jurnal titishdan charchamaydi. o’z fikrlarini olg’a surib, mahalliy va markaziy matbuotda tez-tez ko’rinib turadi. Ahamiyatlisi, o’rganganlarini ma'lum bir daftarchaga yozib boradi
va kerakli joylarda ishlata oladi. Darsdan keyingi to’garak mashg’ulotlariga jalb etilgan o’quvchilar soni Nigoraning sa'y-harakatlari bilan kundan kunga ortib borayotir. Ularning bilim darajasini, aniqrog’i muallimaning yutuqlarini shogirdlarining fan olimpiadalaridagi ishtirokidan, yuqori ball bilan oliy o’quv yurtlariga o’qishga qabul qilinayotganidan ham bilsa bo’ladi. Yaqinda u maktabimizda kimyo fanidan iqtidorli bolalar sinfi tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Nasib bo’lsa bu tashabbusni ham amalga oshiradi. Nigora ajoyib uy bekasi sifatida piru badavlat qaynona-qaynotasi xizmatida, turmush o’rtog’i O’tkirjon bilan uch nafar farzandni oq yuvib, oq tarab tarbiyalashmoqda.
Mehribon ustoz sifatida ham Nigora barchaga o’rnak. Shogirdlarining hammasi unga farzanddek bo’lib ketgan. har biri bir olam, ularni kashf qilish esa mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Muallima ishni shirinsuxanlik, chiroyli muomala bilan boshlaydi. Kimyo faniga o’quvchilarni jalb etish maqsadida laboratoriyada qiziqarli mashg’ulotlar tashkil etadi. Suyuqlikning boshqa rangga kirishi, kimyoviy moddaning boshqa ko’rinish kasb etishi o’quvchilarni qiziqtiradi. Davriy jadvaldagi aniqlik, moddalarning joylashuvi, og’irligi, tartib raqami mashg’ulotlar davomida noan'anaviy tarzda tushuntiriladi. Ana shunga asoslanib turli xil o’yinlar tashkil etgan. o’quvchilar o’yin davomida ham musobaqalashadilar, ham bilimga ega bo’ladilar.
- Ustozimiz Nigora Boboevaning har bir yangi mashg’uloti bizni hayratlar olamiga yetaklaydi, - deydi 9-sinf o’quvchisi Nodira Jo’raeva, - Mening o’zim ham dastlab kimyo faniga unchalik tushunmaganman, qiziqishim ham yo’q edi. Muallimamizning turli xil o’yinlar, musobaqalar, topishmoqlar, ko’rgazmali qurollar va qiziqarli laboratoriya ishlari bilan boyitilgan mashg’ulotlari nafaqat meni, balki sinfimizdagi barcha o’quvchilarni o’ziga jalb etdi. Ana shundan so’ng menda kimyo faniga qiziqish paydo bo’ldi. Kelajakda men ham Nigora Boboevaga o’xshab universitetda o’qiyman, kimyo fani o’qituvchisi bo’lib, yoshlarga saboq beraman.
Nigora doimo ta'lim sohasida biror yangilik yaratish ishtiyoqi bilan mehnat qiladi, o’qib-izlanadi. Uning kelajakdagi orzulari ham bir olam. Turmush o’rtog’ining yordami bilan yoshlarni oliy o’quv yurtiga tayyorlaydigan markaz ochish niyatida. Izlanuvchan o’qituvchining ezgulik yo’lida amalga oshirmoqchi bo’lgan niyatlari ijobat bo’lishiga ishonamiz.
 
 


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi