Bola tabiati xo`p qiziq-da. Bahorning "yolg`onchi" ob-havosiga o`xshaydi. Bir zumda sizni butun vujudi bilan sevib qolishi yoki bir zumda sizdan butkul ko`ngli qolishi mumkin. Goh munchoqdek ko`zlarida quvonch porlasa, goh "ichimdagini top" qabilida qovoq uyub oladi. Ba'zan sizni onasidek suyub ko`nglidagini to`kib solsa, ba'zan sarkash daryodek qaysarlanib, o`zanidan-da chiqqisi keladi. Baribir, u
qanday bo`lmasin, bir mukarram zot uchun doim ardoqli. Bu zot uni o`z onasidek suyadi, injiqliklarini ko`taradi, yutug`idan quvonadi. Bu - muallimdir.
E'tibor berganmisiz, muallimlardan "Bolalaringiz nechta?" deb so`rasangiz, "30 ta yoki 32 ta" deb ikkilanmasdan javob berishadi. Chunki muallim doimo o`z farzandlari qatorida sinfdagi o`quvchilari haqida ham o`ylab yuradi. "Bolangiz" deganda ko`z oldiga o`quvchilari ham kelishi shundan. To`y-hasham, ziyofatlarda, hatto, ikki o`qituvchi suhbatlashsa, gap albatta, maktabga borib taqaladi. U o`z farzandi haqida kam so`zlaydi, ko`proq o`quvchisi haqida faxrlanib gapiradi. Eng og`ir, eng katta sumka ham muallimaniki. Undan, albatta, ruchka, daftar, kitob qatorida yozuv taxtasi uchun zarur bo`lgan bo`rni ham topasiz. Bu fidoyi kasb egalari maktab deb erta tongdan ko`z ochadi. Kun bo`yi qutlug` ostonada bolalarga ilm sirlarini o`rgatib, o`z ishidan qoniqish hosil qilgach, ko`ngli biroz taskin topadi. Ana shunday fidoyi muallimlardan biri Yunusobod tumanidagi 273-maktabning geografiya fani o`qituvchisi
Lola Boltaevadir.
Ziyolilar oilasida tarbiyalangan qizaloq bog`chadayoq sanash, o`qish, yozishni o`rganib olgan edi. Shanba, yakshanba kunlari ham bog`chaga boraman, deb xarxasha qilardi. Sababi, u o`rganishni yaxshi ko`rardi. Sobir Rahimov tumanidagi 119-maktabda o`qish jarayonida ham sardorlikni qo`ldan bermadi. o`n yil sinf sardori bo`ldi.
- Onam - Mavjuda Zafarova O`zMU(avvalgi ToshDU)da 35 yil geografiya fanidan saboq bergan. Otam esa, asli muhandis bo`lgan. Shunga qaramay otam amaliyot davrida onam bilan birga bo`lib, bu fanga qiziqib qolgan va geografiya fakultetida o`qigan. Garchi maktabda matematika fanini o`rganishga ishtiyoqim baland bo`lsa-da, onam va otam ta'sirida bo`lsa kerak, geografiya fakultetida o`qidim. Lekin kirish
imtihonida matematikadan "5" oldim. Shunda ustozim Shomil akaning "Matematikani bilgan o`quvchi geografiyani ham biladi" degan gapi haq ekaniga ishondim. Turmush o`rtog`im ham geograf, uch o`g`lim ham
geografiyaga qiziqadi, har kungi suhbatimiz ham geografiyaga borib taqaladi, - deydi Lola.
Haqiqatan ham qonida o`qituvchilik jo`sh urib turgan Loladagi bolalarga mehrni amaliyot vaqtidayoq 22-maktab direktori hakimjon hoshimov darhol payqadi va uni 4-kursdayoq ishga oldi. Lola ham serharakat emasmi, kunduzgi o`qish bilan bir qatorda maktabda ishladi, nomzodlik stipendianti bo`ldi. Bu haqda ustozi, o`zMU geografiya fakulteti Ijtimoiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyot kafedrasi mudiri, geografiya fanlari doktori, professor Abdusami Saliev shogirdi bilan faxrlanib so`zlaydi:
- Universitetda o`qib yurgan chog`idayoq Lolada ilmga qiziqish sezilib turardi. U tinimsiz izlanardi, bir necha kutubxonalarga a'zo edi. hozir ham biz bilan hamfikr, bilmaganlarini so`raydi. Ustoz sifatida darslarini kuzatib guvoh bo`ldimki, Lolaning dars berishi hozirgi zamon talabida bo`lib, u an'anaviy geografik nomenklatur bilimlarnigina emas, balki voqea va hodisalarning turli hududlarda sodir bo`lish qonuniyatlarini ham o`rgatishga harakat qiladi. Masalan, biror hududda yog`ingarchilik ko`p deyishadi, lekin uning sababini izohlashmaydi. Lola esa tabiiy geografiyadan iqtisodiy geografiyani chiqarib olishga, har ikkisini bir-birlari bilan bog`lashga harakat qiladi. Darsga bunday pedagogik va ilmiy yondashuv geografiyani zamonaviylashtiradi, nufuzini ko`taradi. Afsuski, respublikamizda aynan ana shunday usul bilan maktablarda geografiyani o`qitadigan o`qituvchilar ko`p emas. Lolaning hozirgi pedagogik faoliyatini takomillashtirish maqsadida izlanishlar olib borayotgani ham quvonarlidir. Ishonchim komilki, Lola kelgusida ilmiy darajaga munosib tadqiqotlar olib borishga qodir.
Ustoz haq so`zni aytdi. Lola universitetni imtiyozli diplom bilan bitirdi. Ilmiy ish olib borish salohiyatiga ega edi, ammo maktab uni ohanrabodek o`ziga tortdi. U talabaligidanoq 22-maktabda dars berdi, 1994 yildan esa 273-maktabda o`g`il-qizlarga geografiya fanidan saboq berib kelmoqda. O`quvchilari uning saboqlarini orziqib kutishadi. Sababi, u har bir darsida interfaol usullardan foydalanadi, o`quvchilarni kichik guruhlarga bo`lib, muammoli savollar yechimini topishga undaydi. Turli ko`rgazmali qurollar tayyorlab, darslarini qiziqarli o`tishga harakat qiladi. Yangi adabiyotlarni topadi, gazeta-jurnallardan faniga oid yangiliklarni axtaradi, yangi usullarni o`rganadi. "Geografik nomlarni bilasizmi?" elektrodoskasini ham o`zi ixtiro qilgan. Darslarini aniq maqsadga yo`naltirib olib boradi.
Yaqinda u "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" respublika ko`rik-tanlovida "Markaziy Osiyo" mavzusidagi darsini o`tdi. Dars uchun o`zi tayyorlagan Yevrosiyo davlatlari bayrog`i maketidan, o`simlik va hayvonot olami rasmlaridan, yarim sharlar tabiiy xaritasi, Yevrosiyoning tabiiy va iqlim xaritalari, atlas, elektrodoska va film namoyishi uchun televizor, videomagnitofondan foydalandi. Bir soatlik darsda "Aqliy hujum", "Kichik guruhlarda ishlash", "Loyiha texnologiyasi", "Charxpalak" kabi usullarni qo`lladi, "Markaziy Osiyo tabiati" filmidan olingan parchani o`quvchilarga namoyish etdi. U darsda Xitoy xalq hikmati: "Menga aytsang unutaman. Menga ko`rsatsang, eslab qolishim mumkin. o`zimga ishlashga imkoniyat ber, shunda u batamom meniki bo`lib qoladi"ga amal qilib, o`quvchilarni mustaqil ishlashga undadi. Izlanuvchan o`qituvchi har gal yangi mavzuni tezkor savol-javoblarining bosh harflaridan keltirib chiqaradi. Muallima bu usul bilan ham o`tgan mavzuni mustahkamlash barobarida yangi mavzuni e'lon qiladi. Bu ham uning o`ziga xos dars o`tishdagi usullaridan biri.
Lola Boltaeva o`quvchilarini "Sayyohlar", "Geologlar", "Iqlimshunoslar", "Biologlar" guruhlariga bo`lib, har bir guruhga yangi mavzu bo`yicha topshiriqlar berdi. "Sayyohlar" guruhi "Markaziy Osiyoning geografik o`rni", "Geologlar" "Markaziy Osiyoning relefi va foydali qazilmalari", "Iqlimshunoslar" guruhi "Markaziy Osiyoning iqlimi", "Geologlar" guruhi "Markaziy Osiyoning o`simlik va hayvonot olami" mavzusini xarita va darslikdan foydalanib, yoritib berdilar. Muallima ularga ushbu mavzular bo`yicha kichik matnlar ham tarqatdi. o`quvchilar taqdimoti har gal jonli va qiziqarli o`tadi. Dars jarayonida o`qituvchi shirin muomalasi, bilimdonligi bilan o`quvchilarni o`ziga jalb qilib oladi. Lola ko`rgazmali qurollar tayyorlashdan aslo charchamaydi, har bir darsiga o`ziga xos yondashib, estetik did bilan ishlaydi. o`quvchilarni rag`batlantirishda ham turli predmetlardan, aytaylik, gul, kitobdan ko`p foydalanadi. Ayniqsa, u yasagan Yevroosiyo mamlakatlarining kichik bayroqchalari e'tiboringizni tortadi. har bir guruh bu bayroqchalarni olish uchun faollashib, tezroq javob topishga harakat qiladi. Tinib-tinchimas o`qituvchida mavzuga oid bir necha hujjatli filmlar ham bor. Darsda ular namoyishi o`quvchini fanga yanada qiziqtirishi bilan ahamiyatlidir.
Lola O`zbekiston qahramoni, Xalq o`qituvchisi Mavluda Ismatova rahbarlik qilayotgan maktabda ishlaydi. Mavluda opa qanchalik talabchan bo`lsa-da, baribir uning darsidan qoniqish hosil qiladi:
- Lola maktabimizning sardor o`qituvchilaridan biri, - deydi faxrlanib M.Ismatova. - Uning darslarini kuzatib, o`zimni katta bir fan ummoniga kirgandek his qilaman. Lolaning har bir darsi o`zgacha. Amaliyot bilan nazariyaning uyg`unlashuvini, yangi usullardan foydalanishni, ijodiy izlanishni bu o`qituvchi faoliyatida muntazam ko`raman. qiziq, bugun ko`rgan darsim kechagi ko`rgan darsimdan tubdan farq qiladi. har bir darsda elementar muammolar o`z yechimini topayotgan jarayonda o`qituvchining o`quvchilarni o`z faniga qiziqtira olgani, yoshlarni kelajakka undaydigan xislatlari meni o`ziga tortadi. Uzoqqa bormaylik, yaqinda 9-sinf o`quvchilarining "Tafakkur bellashuvi" bo`lib o`tdi. Bellashuvda o`quvchilarning sidqidildan berayotgan aniq javoblari geografiya o`qituvchisining haqiqatan ham bilimni o`quvchilar ongiga singdira olganligi, o`z ustida tinmay izlanayotganligi, birgina o`ziga emas, balki o`quvchilariga ham o`ta talabchanligi meni hayratlantirdi. Lola Boltaeva nafaqat o`quvchilariga, qolaversa ota-onalarga ham talabchan. Ota-onalardan olingan anketa savollari va uning tahlili muallimaning zukkolik qobiliyatini ravshan ko`rsatib beradi. Ota-onalardan Amina Fayzullaeva, Baxtiyor Omon ham Lolaning katta muvaffaqiyatga erishuvida kasbiga mehr-muhabbat, sabr-toqat borligini ta'kidlaydilar. U har bir ota-onalar majlisini ma'lum mavzu bo`yicha o`tadi. Ular ham farzandlari kabi sinf yig`ilishlarida guruhlarga bo`linib, muammoning echimini topadilar.
Muallima darsda xarita bilan ishlash muammosini ham hal qilishga erishdi. o`zi turli xil xaritalarni ishlab chiqaradigan fabrikaga borib, zarur jihozlarni olib keldi. Ayni damda u o`qitayotgan sinfdagi har bir o`quvchida kontur va atlas xaritalar, globuslar bor. Ba'zan u bularni o`z mablag`i hisobiga sotib olgan vaqtlari ham bo`lgan. Jamoatchi ustoz "Bioekosan" qoshidagi "Yosh ekolog" to`garagi rahbari hamdir.
To`garak a'zolari bir necha bor shahar va respublika miqyosidagi "qushlar va gullar" bayramida faxrli o`rinlarni egallagan. Bu yil esa, uning o`quvchisi - Yulduz Yo`ldosheva fan olimpiadasining shahar bosqichida geografiya fanidan 1-o`rinni egalladi.
"Eng yaxshi fan o`qituvchisi" respublika ko`rik-tanlovi g`olibi Lola Boltaevadan avvallari tanlovda nega qatnashmagani sababini so`raganimizda u shunday javob berdi: "Bu yilgi tanlovda men geograflar
bilan bellashdim. Avvalgilarida esa turli fan o`qituvchilari qatnashar edi. Men adabiyot fani o`qituvchilari bilan bellashishdan "qo`rqardim", negaki ular sahna ko`rinishlari, she'rni chiroyli o`qishlari bilan g`olib bo`lib ketishlari mumkin edi". Lekin Lola Boltaevaning darsida qatnashgan hay'at a'zolari uning darsni she'r bilan boshlaganini, unda san'atkorlik qobiliyati borligini alohida ta'kidlashdi. Bu esa, uning kamtarligidan dalolatdir.
Muallima bilan suhbatlashar ekanmiz, u "Tanlovda menga berilgan eng katta sovg`a Samarqandlik bolalarning savoli bo`ldi", - dedi. Anglashimizcha, samarqandlik o`quvchilar dars tugagach, uning atrofini o`rab olib: "Muallim, endi sizni yana qachon ko`ramiz. Bizga dars o`ting. Samarqandga ko`chib kelasizmi?!" deb so`rashgan. haqiqatan ham, bir soatlik darsda begona o`quvchilarni o`ziga rom qilib olish, ularni sog`intirib yashash har qanday o`qituvchining ham qo`lidan kelavermaydi. Zero, o`qituvchi uchun eng katta baxt - uning darsini o`quvchilari sog`inib, intiqlik bilan kutishidir.
Maqola sanasi: