Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // SHIFOKOR BO`LOLMAGAN BAXTIYOR AYOL 
 
Saboxon Ahmadalieva 1980 yilda Farg`ona viloyatining Uchko`prik tumanida tug`ilgan. 2001 yilda Qo`qon davlat pedagogika institutining ingliz tili fakultetini bitirib, Uchko`prik tumanidagi 29-maktabda mehnat faoliyatini boshlagan. 2004 yildan buyon esa tumandagi 2-ixtisoslashgan maktab-internatda yoshlarga ingliz tilidan saboq berib kelmoqda.
Oilali, ikki nafar farzandi bor. Bo`sh vaqtlarida stol tennisi va shaxmat bilan shug`ullanadi hamda ancha-muncha raqiblarini dog`da qoldiradi. hayotdagi shiori: "Bilimim - kuchim!"
 
OILA
Saboxon nonushtani qildiyu odatdagidek maktabga, o`qishga tayyorgarlik ko`ra boshladi. Uning ota-onasi esa bu paytda ishga otlanayotgan edilar. Saboxon ularning orqasidan havas bilan termulib qoldi, axir, uning otasi ham, onasi ham shifokor. hali-zamon ular shifoxonaga yetib boradilar-da, oppoq xalatlarini kiyib, bemorlarning atrofida parvona bo`ladilar. qanday yaxshi kasb!
Saboxon 29-maktabning yuqori sinflarida o`qib yurganda ham, shifokorlik kasbini egallash orzusi bilan yashardi. Lekin yetuklik attestatini qo`liga olgach, ota-onasi, ayniqsa, ammasi unga boshqacha yo`l ko`rsatdi:
- Senda o`qituvchilik qobiliyati borligini bolaligingdayoq payqaganmiz. Shuning uchun ham maslahatimiz shu: sen muallima bo`lishing kerak!
Shifokorlik kasbiga havasni yuragining tub-tubiga joyladiyu Saboxon ota-ona ko`rsatgan yo`ldan bordi - ingliz tili o`qituvchisi bo`ldi. Shunday bo`lsa-da, uning hayoti hamon shifokorlar bilan bog`liq: Saidjon ismli shifokor yigit bilan turmush qurishdi. Bundan tashqari, qaynotasi ham, qaynonasi ham shifokor!
 
JAMOA
Saboxon Ahmadalieva "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2006" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida mutloq g`oliblikni qo`lga kiritdi. Xo`sh, bu yutuq jamoaning yakkayu yagona yutug`imi yoki... Keling, avval shu haqda fikr yuritaylik. 1996 yilda Sanobarxon Sotvoldieva direktorligida tashkil etilgan ushbu bilim maskani dastlab "Ziyo" lisey-internati deb nomlanardi. Keyinchalik u 2-ixtisoslashgan maktab-internat deb yuritila boshlandi.
Keyingi besh yillik yutuqlarga nazar solaylik. 2001 yil. Bitiruvchilarning hammasi oliy o`quv yurtlariga kirishdi. Maktab o`quvchilarining "Ziyo" guruhi respublika televideniesining "o`yla, izla, top!" tanlovida yil bo`yicha mutloq g`olib bo`lishdi. 2003 yil. Bitiruvchi Nodir Mirzaqulov Daniya iqtisodiyot universitetiga o`qishga kirishga muvaffaq bo`ldi. 2004 yil. Maktab-internatning ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi Muhabbatxon Tojieva "Yil o`qituvchisi-2004" ko`rik-tanlovining viloyat bo`yicha g`olibi bo`lib, respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 2005 yil. Maktab jamoasi eng orasta kiyinuvchi maktab jamoasi tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, faxrli uchinchi o`rinni egalladi. 11-sinf o`quvchisi Farhod Akramov jamiyatshunoslik fani bo`yicha o`tkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida ikkinchi o`rin sohibi bo`ldi... Bu kabi yutuqlarning qo`lga kiritilishida direktor Sanobarxon Sotvoldievaning rahbarlik tajribasi, O.Yusupova, O.Mirzaev, M.Tojieva, A.Jo`raev, Z.Mirzalieva, Z.Umarqulova, S.Tojiboeva, K.Sobirova, Sh.To`ychieva, Z.hamdamova kabi maktab fidoyilarining sa'y-harakatlari asosiy omil bo`lmoqda. Demak, maktab jamoasi hamisha muvaffaqiyatlarga erishib kelgan bo`lib, Saboxon Ahmadalievaning yutug`i ham unga katta hissa bo`lib qo`shildi.
 
MUNOSABAT
G`oliba qahramonimiz bilan uchrashishdan oldin soha xodimlarining u haqdagi fikrlari, bu kabi omadlarga munosabati bilan qiziqdik.
Zamiraxon Umarova, tuman xalq ta'limi bo`limi uslubchisi, xotin-qizlar qo`mitasining raisi :
- Saboxon, eng avvalo, yaxshi ayol, oqila ona. U kabi insonlar hamisha ta'lim-tarbiyaning oldingi safida bo`lishadi.
Sanobarxon Sotvoldieva, maktab-internat direktori:
- "Sifatsiz o`tilgan dars kelajakka qilingan xiyonatdir". Jamoamiz a'zolari kabi Saboxon Ahmadalieva ham ta'limga oid ana shunday purma'no hikmatlarga amal qilgan holda mehnat qiladi. Uni respublika g`olibligi darajasiga ko`targan omillar quyidagilardir:
- Ilg`or jamoada o`z o`rnini topa olganligi;
- O`z kasbiga sadoqati tufayli ingliz tilini juda yaxshi bilishi;
- Kompyuterda ishlashni mukammal egallaganligi.
Jamilaxon Yoqubova, 21-maktab direktori:
- Maktab-internatning shiori shunday: "Ilg`or o`qituvchidan - ilg`or jamoaga!". Men shunday xulosa chiqarganman: bu so`zlar jamoa uchun oddiy shior emas, balki faoliyatlarida doimiy amal qilinadigan dasturilamaldir. qarang, Saboxon o`z ijodkorligi bilan maktab-internat nomini yana bir bor butun mamlakatga tanitdi. Ustozlarga rahmat!
Nazokatxon Solieva, 7-maktab direktori:
- Sanobarxon Sotvoldievaning jamoasi har yili turli ko`rik-tanlovlarda, tadbirlarda ishtirok etadi va albatta, yaxshi natijalarni qo`lga kiritadi. Men bir narsani kuzatib yuraman: maktab-internatda demokratiya kuchli. Demokratiya bor joyda esa rivojlanishning bo`lishi muqarrar.
 
MULOQOT
Shunday qilib, Toshkent shahrida ingliz tili bo`yicha "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanloviga yakun yasaldi. Tanlovda 15 nafar o`qituvchi ishtirok etdi. g`olib esa bitta: Saboxon Ahmadalieva. Biz uni g`alaba bilan qutlab, bozor iqtisodiga xos savol-javob bilan muloqotimizni boshladik:
- Poytaxtga qiynalmay borib keldingizmi?
- Unchalik emas.
- Faqat borib kelishning o`zi bo`lmaydi...
- Albatta. Mablag` va boshqa masalalarda ota-onam va turmush o`rtog`im homiylik qilishdi.
- Omadli ekansiz, stajingiz 5 yilu, respublika g`olibi bo`ldingiz.
- Besh yil davomida qanchalik tajriba to`plagan bo`lsam, birgina ko`rik-tanlov davomida ham shuncha tajriba orttirdim.
- Tanlovga munosabatingiz?
- Ko`rik-tanlov juda oshkora vaziyatda o`tdi. Tanlov ishtirokchilari bir-birlarining darslariga kirib, yangiliklarni e'tirof etishdi, kamchiliklarini ro`yirost tanqid qilishdi.
- Tanlovda notanish o`quvchilar bilan qiynalmadingizmi?
- "Ingliz tili darsida fanlararo integrasiya" mavzusidagi yangiligimni himoya qildim. Ochiq darsda poytaxtlik o`quvchilar faol ishtirok etishdi. Aniq bildimki, noan'anaviy mashg`ulotim ularga juda ma'qul bo`ldi. Bundan tashqari, sahna ko`rinishlarida ham toshkentlik o`quvchilar katta yordam berishdi.
- Kompyuterda ham yaxshi ishlay oladi, deb eshitdik.
- Maqtanmaymanu, lekin tanlovning shu yo`nalishdagi sharti bo`yicha faqat ikki kishigina yuqori ball oldik, xolos.
- G`olib bo`laman deb o`ylaganmidingiz?
- Dadam doim menga shunday gapni uqtiradilar: "Bilim - kuch. qaysi ishga qo`l ursang ham bilimingga, kuchingga ishon. o`zingda bo`lmasa, biz seni qancha qo`llab-quvvatlasak ham biron natija chiqmaydi". Dadamning bu so`zlari mening parvozimda qanotdir. Ushbu tanlovga ham aynan shu kayfiyatda kelgan edim. Axir, ishonch ham - yarim g`alaba.
- Bolalikdagi orzularingiz ro`yobga chiqdimi?
- Shu savolingizga men hozir: "Bolaligimdan o`qituvchi bo`lishni xohlardim. Mana, orzularim ushaldi", deya javob bersam ham bo`lardi. Lekin unda bolaligimdan menga hamroh bo`lib kelayotgan vijdonim qiynalardi. Chunki men o`quvchilik davrimdayoq shifokor bo`lishni orzu qilardim. Yaxshi odamlarning mendagi iqtidorni to`g`ri baholay olishlari natijasida o`qituvchi bo`lib yetishdim. Bolalikdagi orzuim ushalmadi, ammo men bu hayotdan o`qituvchilik tufayli baxtimni topdim.Har tong turmush o`rtog`imni ishga - shifoxonaga kuzatar ekanman, orqasidan asta termulib qolaman: men ham shifokor bo`lishim mumkin edi. So`ng maktabim, o`quvchilarim yodimga tushadi-da, xuddi kimdir meni maktabdan haydab chiqarayotganday, o`quvchilarimni tortib olayotganday bir seskanib tushaman. Kitob-daftarlarimni yig`ishtiramanu, qadrdon maktabimga, qadrdon o`g`uvchilarim istiqboliga oshiqaman...
 
XAYRLASHUV
O`qituvchilarning ko`p vaqtini olib bo`lmaydi. Axir, yaxshi o`qituvchi umrining har lahzasini izlanish, yangilik, ijodkorlik uchun sarflaydi. Shularni o`ylab, maktab ma'muriyati bilan xayrlashib, hovliga chiqdik. Mashinaga o`tirdik, lekin eshikni yopmay turib Saboxon Ahmadalievaga yana bir savol bilan murojaat qildik:
- Har holda yana qayta tug`ilganingizda, kim bo`lardingiz?
- Shifokor bo`lardim, - Saboxon shunday dedi-da, o`ychan ravishda maktabga nigohini qadadi: "Bir kuni, baribir maktabimga qaytib kelardim".


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi