Ziyonet
 
Kitob.uz
 

Ob-havo.uz
 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // UNING NOMINI O`LANLARGA QO`SHIB AYTISHADI 
 
 
Yoshi endigina o`ttizga borgan nozik jussali, chaqqon va ziyrak qizning harakatlarini kuzatib o`tirib, o`qituvchilarning ENG, ENG, ENG sarasini tanlab oladigan tanlovda ishtirok etib, O`zbekiston Respublikasida birinchi o`rinni olganlar safida bo`lganligining mohiyatini his qilgandek bo`ldim.
- O`zimizning o`quvchimiz, xuddi shu maktabga 1-sinfga kelgan, o`n yil bag`rimizda ilm olib oliy dargohga ketgan. Mana, institutni tugatib kelganiga ham to`qqiz yil bo`layotir. Bugun o`zi ustoz! Ta'lim bergan o`qituvchilari bilan yonma-yon, hamkorlikda mehnat qilayapti, - deydi Nukus shahridagi 31-maktab direktori Oybek Do`spanov. - o`quv muassasamizni tugatib ketgan yoshlarning ko`pchiligi o`qituvchi
mutaxassisligi bilan yana qaytib kelishayotganligining o`zi quvonarli. Maktabimizning qandaydir sehri bor. Doimo o`ziga tortib turadi. Klara sokin gapiradi, fikrlarini dona-dona qilib tushuntiradi. So`zlashib zerikmaysiz, kasbini nihoyatda sevib, qadrlaydi.
- Otam Jolg`osboy oddiy ishchi, onam Arzayim kutubxonachi edilar, - xayolan bolaligiga ketib qoladi Klara. - Oilamizda o`n nafar farzandning to`qqizinchisi edim. Otam shifokor bo`lishimni xohlardi. "Bizlar keksayib qolganda boxabar bo`lib turasan", derdi. Ammo men va ikki opam o`qituvchilikni tanladik. Otamning ra'yini qaytarganim uchun o`ksirdim. Farzandlik bo`lsam, albatta ota rizoligi uchun shifokor qilaman, deb niyat qilganman.
- Maktabda o`qib yurganimizda "qoraqalpoq tili va adabiyoti"dan saboq beradigan Polsanim Sirg`aboeva degan o`qituvchimiz bo`lardi, - shirin jilmayadi Klara, - o`zini tutishi, so`zlashishi, madaniyati, muomalasi qo`yingki, eng go`zal fazilatlari bilan bizga o`rnak bo`la olardi. Uning daftarlar liq to`la sumkasini ko`tarishga "ko`maklashib" yurishni faxr bilardik. Gapirganda ham ustozga taqlid qilardik. Tengqurlarimiz bilan "Maktab-maktab" o`ynaganimizda Polsanim opa bo`lish, ya'ni o`qituvchi rolini ijro etish talash bo`lib ketardi... Shu-shu qoraqalpoq tili muallimamiz yuragimizga chuqur o`rnashdi. Sabog`i davomida o`quvchilarni o`ziga jalb qila olardi. Asarlardagi qahramonlar obrazlarini me'yoriga etkazib tushuntirardi. Shunday paytlarda o`zimizni adabiyot dengiziga sho`ng`ib ketgandek his qilardik. Opa O`zbekiston va Qoraqalpog`iston Xalq ta'limi a'lochisi, II darajali "Sog`lom avlod uchun" ordeni nishondori edilar. Bugun ham ustozdan ko`p narsa o`rganayapman. Keksalik nafaqasida bo`lishiga qaramay, u kishini tez-tez bezovta qilamiz. Bizning har bir tashrifimiz opa uchun quvonchli kechadi. Zarur maslahatlarini beradilar, ko`maklarini ayamaydilar... hatto bugungi yutuqlarimda ham, shu kasbni tanlashimda ham Polsanim Sirg`aboevaning o`rni borligini ich-ichimdan his etaman. Bir paytlar shifokor bo`lishimni istagan otam muvafaqqiyatlarimni ko`rib quvonadi. "o`z yo`lingni topib olding, qizim. Bolalarga saboq berasan, ilm o`rgatasan. Bundan ham buyuk ish bormi dunyoda. Sendan roziman", deydi sevinib...
Qoraqalpoq tili va adabiyoti muallimasi Klara Uteboeva "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" tanlovida avvalo Nukus shahri bo`yicha o`tkazilgan viloyat bosqichida 42 nafar hamkasbi bilan kuch sinashdi. So`ng qoraqalpog`iston miqyosidagi tanlovda 10 nafar o`qituvchi orasida birinchilikka sazovor bo`ldi.
- Tanlovda ikkita saboq olib bordim, - hayajonli lahzalarni ko`z oldiga keltiradi suhbatdoshim. - 8-sinf o`quvchilariga "Kirish so`zlarning ma'nolari" mavzusini interfaol usulda, yangi pedtexnologiya asosida o`tdim. Ikkinchisi tarbiya sabog`i edi. "Navro`z - milliy bayramimiz" degan darsni menga butunlay notanish bo`lgan 7-sinf o`g`il-qizlariga tushuntirib berdim. o`yin-mashg`ulot tarzida bo`lgan sabog`imda qoraqalpoq xalqining urf-odatlarini ko`rsatib berishga harakat qildim. Milliy qo`shiqlar, aytishuv, qadimiy kiyimlar... o`quvchilar bilan darhol til topishib ketdik. Darsim ko`pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi chamamda, namunali baholashdi. Klara 8-sinf o`quvchilari uchun interfaol usulda, noan'anaviy dars o`tayotir. Mavzu: "Berdaqning tarixiy temadagi asarlari". Maqsad - o`quvchilarni adabiyot faniga qiziqtirish. Tarixiy asarlar orqali Vatan o`tmishini anglash, xalq botirlari haqidagi yoshlar bilimlarini kengaytirish, o`quvchilarni erkin fikrlashga o`rgatish, o`zaro do`stlikni rivojlantirish, odob-axloq, hayo kabi tuyg`ularni asrash, ona tuproqqa sadoqat tuyg`usini shakllantirish darsning mohiyatini tashkil etadi. o`quvchilar ikki guruhga bo`linishadi. Doskaga to`rtta gul yopishtirildi. Ularga taniqli qoraqalpoq yozuvchisi Berdaqning asarlari nomlari yozilgan. har guruh gulning barglarini javoblar bilan to`ldirib chiqishlari shart. o`quvchilarga gul yaproqlari berib chiqildi. qaysi guruh o`quvchisi javobni to`g`ri topsa doskaga yaproqlari to`lg`azib borilaveradi. Nihoyat doskada kattakon gul, uning yaproqlarida esa asarlar haqidagi ma'lumotlar paydo bo`ldi. o`yinning ahamiyati o`quvchini yangi mavzuni tez o`zlashtirishga, chaqqonlikka o`rgatadi.
"Kim toqqa birinchi chiqadi?" mashg`uloti esa kompyuterlar orqali bajarildi. Baland tog`ning surati. Tog` atrofida yangi o`tilgan mavzu bo`yicha so`roqlar joylashgan. har guruhdan bittadan o`quvchi chiqib, tog`ning atrofidagi so`roqlarga aniq javob topib berishi kerak. Javoblar qanchalik to`g`ri bo`lsa, tog`ning eng cho`qqisiga harakatlanaveradi. Beixtiyor darsga qiziqib boraverasiz. o`quvchilarning zukkoligi ko`ngilga quvonch bag`ishlaydi. Javoblar to`laqonli! hayratli! Shuning uchun ham uning o`quvchilari fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, faxrli o`rinlarni olib kelmoqdalar. Qunduz Do`simbetova, Gulxadicha O`tamurodova singari yoshlar muallimaning ertaga kasbini davom ettirish uchun intilayotgan umidli o`quvchilaridir.
- Internet bilan bog`lanishdaman, - deydi Klara. - "Ma'noli va ko`makchi so`zlar" degan mavzuda bir soatlik dars ishlanmasi yozib Internet bo`yicha o`tkazilgan tanlovda ishtirok etdim. Muallimaning tajribalari Nukus shahar maktablarida ommalashgan. har bir kunini ijodkorlik bilan o`tkazayotgan eng yaxshi fan o`qituvchisi taqdiridan, hayoti ahil xonadonda kechayotganidan minnatdor.
- Qaynotam Aminboy Ismoilov sport ustasi. Turmush o`rtog`im Baxtiyor sport maktabi mutaxassisi. hayotda bir-birimiz bilan hamfikr bo`lib yashab kelayapmiz. o`zim ham sportdan uzoqlashmayman. har tongni jismoniy mashqlar bilan kutib olaman. Buni qizchamiz ham o`rganib borayotir. Sportchilar deyishadi bizni...
7-"F" sinfning rahbari Klara Uteboeva bolalar tarbiyasida ota-onalar ko`magiga suyanadi. har bir oila bilan yaqin qarindosh bo`lib qolgan. Birorta o`quvchi darsga kelmay qolsa, Klara zudlik bilan uning oilasidan xabar oladi.
- Ota-ona bilan muallimning o`zaro aloqasi yaxshi bo`lsa, bola tarbiyasi oson kechadi, - deydi u.
Uzun bo`yli, oq-sariqdan kelgan qop-qora, qisiqroq ko`zlari, qalam qoshlari nozik, dumaloq yuzli muallimani bir qarashdayoq qoraqalpoq millatiga qiyoslaysiz. Oddiy mehnatkash, ishchi Jolg`osboy ota to`qqizinchi farzandi - ajoyib o`qituvchi qizi bilan faxrlanadi. Klara tanlovda birinchilikni olgan kun ota-ona qizining xonadoniga qadam ranjida etishdi.
- Yutug`ing qutdug` bo`lsin, - dedi qizining peshonasidan o`pib ota, ko`zlariga quvonch inib, - bovirim baxting beyik bo`lsin ilohim! Ona qo`lidagi bir quchoq gulni qiziga tutqazdi.
 - Guldek aziz bo` jigarim!
- Kelinimdan minnatdorman, - jilmayadi qaynota, - ilohim dard ko`rmasin. Chaqqon, ozoda, pazanda. Kelindan ham ziyoda - qizim bu!
Turmush tashvishlari, kattagina oila yumushlari, farzand tarbiyasidan ortib o`z malakasini oshirib borayotgan, nufuzli tanlovlarda faxrli o`rinlarga musharraf bo`layotgan oila bekasi, vafodor yor, mehribon ona, iboli kelin, yoshgina iqtidorli muallima - qoraqalpoq qiziga ko`plarning havasi keladi. Zero, dunyoga kelgandan keyin shu ona zamin, yurtdoshlaru Vatan taqdiri uchun kuyinib yashash kerak-ku! Bu
Klaraning qalb da'vatiga aylanib ulgurgan kuyinib yashashlik esa behalovat tunlar, mashaqqatli kasbning sharofati, uzluksiz mehnatning mahsuli - elning oldida yuzi yorug` bo`lmoqlik saodatdir! Bir tomoni qoratov va Sulton Uvays tog`lariga tutashgan, bir tomoni Ustyurtning kengliklariga, qumliklar bag`riga cho`zilib ketgan Nukus qal'asida istiqomat qilayotgan Klara Uteboeva haqida qoraqalpoq xalqi faxrlanib so`zlashadi. Uning nomini o`lanlarga qo`shib aytishadi. Bu o`lanlar barhayot o`lanlar. Xuddi Berdaq va Ajiniyoz o`lanlari kabi tarix zarvaraqlarida boqiy qoladigan alyorlardir!


Maqola sanasi:
  










 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi