T A B I I Y O T
1–4-sinflar
TUSHUNTIRISH XATI
Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilarni tevarak-atrofdagi tabiat bilan tanishtirish, ularda olam tuzilishi va tabiat hodisalari haqida boshlang‘ich tasavvur hosil qilish, ilmiy dunyoqarash kurtaklarini shakllantirish, tabiatga muhabbat uyg‘otish va undan oqilona foydalanishni o‘rgatish “Tabiiyot” (I-II sinflarda “Atrofimizdagi olam”, III-IV sinflarda “Tabiatshunoslik”) o‘quv fani orqali amalga oshiriladi.
Boshlang‘ich ta’limda “Tabiiyot” o‘quv fani mazmunining negizi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: bizning maktab, bizning mahalla, ko‘chada yurish va tabiatda o‘zini tutish qoidalari, kun tartibi, shaxsiy gigiyena qoidalari, jonli va jonsiz tabiat, tabiat hodisalari, jism va moddalar, madaniy va yovvoyi o‘simliklar, o‘simliklarning organlari, xona o‘simliklari, o‘simliklardagi mavsumiy o‘sgarishlar, madaniy o‘simliklarni parvarish qilish va hosilini yig‘ish, dehqonlarning bahor, yoz va kuzdagi mehnati, hayvonot dunyosi, uy va yovvoyi hayvonlar, hasharotlar, qushlar, suvda yashovchi hayvonlar, hayvonlarning yashash sharoiti, odamning ichki va tashqi organlari, salomatlikni saqlash, suvning uch holati, tabiatda suvning aylanishi, ob-havo, atmosferadagi hodisalar, bulut va yog‘inlarning hosil bo‘lishi, Koinot, yulduzlar, Quyosh - eng yaqin yulduz, Oyning Yer atrofida aylanishi, globus, Yerning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishi, kun va tun, yil fasllarining davriy almashinishi, yarimsharlar xaritasi, tabiiy xarita, Yer yuzasining asosiy shakllari, Yer yuzasi tabiatining xilma-xilligi, o‘lkamiz tabiati: tog‘ va tekisliklari, cho‘llari, dashtlari, o‘rmonlari, asosiy daryolari, ko‘llari va suv omborlari, yer osti boyliklari, mamlakatimiz poytaxti, viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining tabiati, inson va tabiat orasidagi munosabat, tabitni muhofaza qilish.
“Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” o‘quv fanlari integratsiyalashgan bo‘lib, unda tabiiy-ilmiy (biologik, geografik, fizik) bilim elementlari ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy, tarixiy bilimlar bilan mujassamlashgan. Bu esa atrofimizdagi olam, tabiat haqida butun tasavvur hosil qilishga yordam beradi.
“Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslari sinfdagina emas, balki ayrim darslar tabiat quchog‘ida ham o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekistonning iqlim sharoitini hisobga olgan holda tabiatshunoslik ob`yektlarini kuzatish mavsumiy taqvim bo‘yicha emas, balki shu joy tabiatining o‘zgarishlari bilan bog‘liq holda tashkil etilishi lozim.Kuzatishlar va tabiatga ekskursiyalar asosida o‘quvchilar yil fasllari almashinishining tartibini tushunadilar, yil fasllarini, masalan, kuz bilan bahorni, qish bilan yozni taqqoslash natijasida ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirishni o‘rganadilar.
Kursni o‘rganishda qo‘llaniladigan shakl, uslub va vositalar turlicha bo‘lishi mumkin. Ularni tanlash o‘qituvchi ixtiyoriga beriladi. Dasturda ayrim amaliy mashg‘ulotlar va ekskursiyalar keltirilgan. O‘qituvchi darslar mazmunidan, sharoit va imkoniyatdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlar va ekskursiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Maqola sanasi: