Xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablarining faol sardorlari uchun xalqaro fan olimpiadalari g‘olib o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchilari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, Xalqaro fan olimpiada ishtirokchilari hamda ularning o‘qituvchilari va OАV vakillari ishtirok etdi.

 

Davra suhbati avvalida Xalq taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Аlisher Umarov mamlakatimizda olib borilayotgan fan olimpiadalari sohasidagi islohot va o‘zgarishlar to‘g‘risida keng maʼlumot berdi. Shu bilan birga, joriy yildan umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining 4-11-sinf, akademik litseylarning 1-2-bosqich va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida yangi turdagi onlayn fan olimpiadasi tashkil etilishi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

2k2a3310.jpg

- Mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan yoshlarga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda fan olimpiadalarining yangi tizimi joriy etildi, - deydi Xalq taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Аlisher Umarov. – Аvvalo, mamlakatimiz o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalarida ishtiroki soni sezilarli darajada oshdi. G‘olib o‘quvchilarni munosib rag‘batlantirish maqsadida yangicha taqdirlash tizimi ishlab chiqildi. Ushbu olimpidalarda kumush medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar 66 mln. 900 ming so‘m, ularning o‘qituvchilari 55 mln. 750 ming so‘m pul mukofoti bilan, bronza medalini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar 44 mln. 600 ming so‘m, ularning o‘qituvchilari 33 mln. 450 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. G‘oliblar Oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli kirishga ega bo‘ldi.

2k2a3519.jpg

Tadbirda xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish hamda ishtirok etish bo‘yicha o‘z tajribalari haqida o‘rtoqlashdi. Xususan, xalqaro olimpiadalarda muntazam ravishda ishtirok etib, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Eshonqulov xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, 60-Xalqaro matematika olimpiadasining bronza medali sovrindori Jasurbek Imomov xalqaro olimpiadadagi ishtiroki va muvaffaqiyati haqida maʼlumot berdi.

Davra suhbati yakunida uchrashuv ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining barcha savollariga batafsil javob berildi.

Share to: