Xalq taʼlimi vazirligi axboroti

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyatida masofadan oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berilayotgani, lekin internet tezligi pastligi sabab oʻqituvchilar ham, oʻquvchilar ham qiynalayotganiga oid maʼlumot tarqatildi. 

Mazkur maʼlumotda Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining rasmiy sayti keltirilgan (http://rppm.uz/). 

Xalq taʼlimi vazirligi mazkur xabarni oʻrganib chiqdi. Hozirgi kunda mamlakatimizda yangi professional taʼlim muassasalari tashkil etilmoqda. Oʻquvchilarni ularda qabul qilish va oʻqitishni samarali tashkil etish maqsadida Respublika tashxis markazi oʻquvchilarning maʼlumotlar bazasini shakllantirmoqda. 

Maʼlumotlar bazasini yaratish topshirigʻi (https://t.me/xtv_press/778) psixologlarga mehnat taʼtiliga chiqishi yoki masofadan ishlash boʻyicha topshiriq berilishidan avval berilgan. 

Psixologlar qonunchilik bilan oʻrnatilgan tartibda mehnat taʼtiliga chiqishi yoki imkoniyati boʻlsa masofadan ishlashi lozim. 

Xalq taʼlimi vazirligi masofadan ishlash uchun faqat uyida imkoniyati bor xodimlarni jalb qilish boʻyicha hududiy boshqarmalarga qoʻshimcha topshiriqlar berdi. 

Mazkur topshiriq oʻquvchilarning masofaviy taʼlim olishiga umuman aloqasi yoʻq. 

Xalq taʼlimi vazirligi viloyatlarda va uzoq hududlarda internet tezligi pastligini hisobga olgan holda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda videodarslarning telekanallar orqali namoyish etilishini tashkil etmoqda. 

Internet va elektr energiyasi taʼminoti bilan muammoga duch kelinsa, oʻquvchilar darsliklari va telefon orqali oʻqituvchilari bilan bogʻlangan holda bilim olishi mumkin.

Share to: