Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi brifingi

 

Oʻzbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi boʻyicha eʼlon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatiga oid savol va murojaatlarga JAVOBLAR 

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar! 

Eʼlon qilingan karantin rejimi hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun berilgan taʼtil davrida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatiga oid savol va murojaatlar kelib turibdi. 

Bugungi savollarning aksariyati onlayn darslar bilan bogʻliq boʻlgani uchun ularga javob berishdan avval yurtdoshlarimizga joriy yilning 30-mart kunidan boshlab 3 ta telekanalda onlayn darslarni efirga berishni boshlanganligini eslatib oʻtmoqchimiz. Onlayn darslarni efirga uzatish uchun 3 ta kanal toʻliq 24 soat ixtiyorimizga berildi, bu ham katta imkoniyat. Buning uchun, eng avvalo, shu jarayonlarni tashkil etishda bizni qoʻllab-quvvatlayotgan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi ijodkorlariga 6 mln.dan ortiq oʻquvchilar va ularning ota-onalari nomidan minnatdorchilik bildiramiz. 

Shuni alohida taʼkidlash joiz, onlayn darslarni tasvirga olishda qisqa muddatda keng qamrovli ishlar bajarildi. Bugungi kunga qadar 1200 dan ortiq darslar tasvirga olindi. Ushbu amaliyot birinchi marotaba boʻlgani bois oʻqituvchilar ham televizion darslar oʻtish koʻnikmasiga ega emas edi. Lekin shunga qaramay natijalar biz kutgandan ancha yaxshi. 

Masalan, soʻnggi 4 kunda 400 dan ortiq darslar efirda berilgan boʻlsa, shundan 3 ta darsda xatoliklar kuzatildi. Bu umumiy darslarning 1% i ham emas, demak 99% darslar ijobiy qabul qilindi. 

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan efirga uzatilgan darslar yuzasidan taklif olish uchun ijtimoiy tarmoqda alohida sahifa tashkil etildi. Ularga kelib tushayotgan takliflar asosida darslar sifatini kundan-kunga yaxshilash choralari koʻrib borilmoqda. 

Endi bugungi kungacha kelib tushgan murojaatlarga javob bersam. 

1-savol: Eʼlon qilingan dars jadvali boʻyicha bugun 2-sinf uchun soat 10.00dan 10.30gacha telekanallarda darslar berilishi kerak edi. Oʻsha vaqtda boshqa sinflar uchun (rus sinflar uchun) dars boʻldi. Shu oʻrinda tashkilotchilarga ekranda qaysi sinf uchun va qaysi fandan dars boʻlayotganligi yozib qoʻyilsa hamda haftalik dars jadvalini oʻzgarmas qilib belgilanishini soʻrayman. 

Javob: Avvalo, shuni taʼkidlash lozimki, oʻqituvchilar va televideniye xodimlari videodarslarni ilk bor tayyorlashmoqda. Tajriba yoʻqligi tufayli kamchiliklar mavjud. Darslarni namoyish etish vaqti videodarslardagi baʼzi xatoliklarga ham tegishli. 

Efirning birinchi kuni (30-mart) 1-4-sinflar uchun namoyish etilgan kanalda boshlangʻich sinflarda qaysi sinfda dars boʻlayotganligi ekranda (titr) koʻrsatilmagan edi. Berilgan taklif asosida ikkinchi kundanoq bu taklif inobatga olinib, qaysi sinfda qanday dars boʻlayotganligi barcha kanallar (3 ta kanal) ekranida doimiy koʻrsatish imkoniyati yaratildi. 

Darslarning efirga berish vaqti boʻyicha ham takliflar oʻrinli. Biz darslarni oʻrtacha 15 daqiqaga rejalashtirgan edik, lekin birinchi kun berilgan darslar oʻqituvchilarda ilk dars sabab hayajon boʻlgani uchun ayrim joylari montajda qisqartirilishiga toʻgʻri keldi. 

Mazkur muammo Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi ijodkorlari bilan muhokama qilindi. Bugungi kunga kelib barcha sinflarda darslar oʻrtacha 10-15 daqiqaga yetkazildi. 

Xalq taʼlimi vazirligi bir necha kun avval aholidan videodarslarni takomillashtirish maqsadida taklif va tavsiyalar uchun maxsus sahifa ishga tushirdi. Mazkur sahifaga kelib tushayotgan takliflar tegishli mutaxassislar bilan oʻrganib chiqilyapti va videodarslarga tatbiq etib borilmoqda. Shu bilan birga, takliflarning hammasini bir zumda amaliyotga joriy etishning imkoni yoʻq. Takliflar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. 

Shu oʻrinda eslatib oʻtmoqchimiz, efir barcha kanallarda soat 8.30 da boshlanib, oʻz vaqtida koʻrish imkoni boʻlmagan yoki 2-3 nafar farzandi boʻlgan oilalar uchun barcha darslar soat 17.00 dan boshlab takroran efirga uzatilmoqda. Qolaversa, Youtube.com (https:// youtube.com/c/Ozbekiston Respublikasi Xalqtalimivazirligi), Mover.uz https://mover.uz/ channel/ uzeduuz/) va https://t.me/uzedu onlinemaktab Telegram-kanali orqali ham koʻrishingiz mumkin. 

2-taklif: Onlayn darslar efir vaqti 3-4 farzandli oilalar uchun noqulay boʻlmoqda, uyda televizor bitta, darslar bir paytda boshqa kanallarda yoki takroriy efir uchun kun boʻyi bolalar televizor tagida oʻtirishiga toʻgʻri kelarkan. Shuningdek, chekka hududlarda internet sifatida muammo bor. Shu sababli sinflar ketma-ketligini oʻzgartirish, masalan, 1-2-3... kabi emas, balki avval toq keyin juft sonli sinflar darsini efir setkasiga joylansa, hammaga qulay boʻlardi. 

Javob: Avvalo, takliflaringiz uchun katta rahmat! Bildirgan taklifingizni Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi ijodkorlari bilan muhokama qilib, kelgusi efirlarda inobatga olishga harakat qilamiz. 

Shu bilan birga, berilgan taklif baʼzi oilalarga toʻgʻri kelib, boshqa oilalarga noqulayliklar yaratishi mumkin. 

Yuqorida ham aytib oʻtilganidek, oʻz vaqtida koʻrish imkoni boʻlmagan yoki 2-3 nafar farzandi boʻlgan oilalar uchun barcha darslar soat 17.00 dan boshlab takroran efirga uzatilmoqda hamda Youtube.com (https://youtube.com/c/O-zbekistonRespublikasiXalqtalimivazirligi), Mover.uz (https://mover.uz/ channel/ uzeduuz/) va https://t.me/uzedu onlinemaktab Telegram-kanali orqali ham koʻrishingiz mumkin. 

3-savol: Farzandlarimiz uchun darslar telekanallar orqali onlayn berilayotganidan mamnunmiz. Shu oʻrinda baʼzi savollarimiz bor. Bugun oʻzbek sinflari uchun ingliz tili darsi berildi. Nega rus tilida ingliz tili darsi berilmadi? Internetda darslar hajmi 30 dan 70 MV gacha, hammada ham uni koʻrish imkoni mavjud emas. Shu sababli telekanallar orqali takroriy darslarni qanday koʻrish mumkin? Javob: Eslatib oʻtamiz, barcha darslar oʻzbek va rus tillarida tasvirga olinmoqda. Shu jumladan, ingliz tili darsi ham oʻzbek va rus tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilar uchun alohida-alohida tasvirga olib, namoyish etilmoqda. Buning uchun Sizga vazirlik rasmiy sayti yoki online maktab telegramm kanalida dars jadvallarini va darslarni kuzatib borish tavsiya etiladi.

Oʻz vaqtida darslarni koʻrish imkoniyati boʻlmasa, har kuni soat 17.00 dan takroran koʻrish imkoniyati mavjud. Yuqorida aytilganidek, videodarslar internet tarmogʻida berib borilmoqda. Aholini hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanishga chaqirib qolamiz. 

4-savol: Nega onlayn darslar belgilangan vaqtdan koʻra kamroq oʻtilyapti? Bunga nima sabab? 

Javob: Yuqorida shunga oʻxshash savolga javob berildi. 45 daqiqalik darsning asosan yangi mavzuni mustahkamlash va uyga vazifani tushuntirish qismini inobatga olib, darslarni oʻrtacha 15 daqiqaga rejalashtirgan edik. Lekin birinchi kun berilgan darslar oʻqituvchilarning ilk darsi va hayajoni boʻlgani uchun ayrim joylari montajda qisqartirilishiga toʻgʻri keldi. 

Shu bilan birga, videodarslar davomiyligi mavzu qamroviga qarab farqlanadi. 7-10 daqiqalik darslar ham, 20-30 daqiqlik darslar ham mavjud. Baʼzi qiyinroq mavzular esa bir necha videodarslarga boʻlinib ham oʻtiladi. 

5-savol: Shu yil farzandim 1-sinfga chiqishi kerak. Mazkur vaziyatda nima qilishim kerak? Farzandimni navbatga qoʻyishim kerakmi? 

Javob: Bolalarni maktabga qabul qilish masalasi boʻyicha qonunchilik hujjatlariga koʻra maktablarga qabul iyun-avgust oylarida tashkil etiladi. Iyun oyiga qadar hali vaqt bor. Karantin muddati bu vaqtga qadar yakunlansa, qabul oʻrnatilgan tartibda tashkil etiladi. Karantin muddati choʻzilsa, tegishli tashkilotlar bilan qabul tartibiga oʻzgartirish kiritish masalasi koʻrib chiqiladi. 

Hozirda farzandingiz maktabgacha yoshdagi bolalar uchun tayyorlanayotgan dasturlarni “Bolajon” kanali orqali kuzatib borishini tavsiya etamiz. 

6-savol: Biz karantin munosabati bilan masofadan turib ishlayapmiz. Men oʻqituvchiman, sinfda 30 nafar oʻquvchi bor, shu kabi 3 ta sinfim bor. Kun davomida masofadan turib oʻquvchilar va ota-onalar bilan ishlayapmiz, ularni daftarlarini tekshiryapmiz, vazifalar beryapmiz. Endi shu oʻrinda savolimiz quyidagicha: maktab oʻqituvchilariga 31-mart – qoʻshimcha mehnat taʼtil muddati tugashi munosabati bilan oʻz hisobidan taʼtil berilishi toʻgʻrimi? Shuningdek, muddatidan oldin berilgan mehnat taʼtili munosabati bilan yozda oʻqituvchilar oʻz hisobidan taʼtilga chiqariladimi?

Javob: Barcha pedagog xodimlarga 18-20-mart hamda 28-30-mart kunlari uchun mehnat taʼtili berildi.

Endilikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Maxsus komissiyaning tegishli qarori bilan taʼlim muassasalari (tashkilotlar)ning asosiy ish faoliyatiga taʼsir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish belgilandi. Bu borada Xalq taʼlimi vazirligining tegishli buyrugʻi qabul qilinib, 1-apreldan boshlab, barcha oʻqituvchilar mehnat taʼtilidan chaqirilib, masofadan turib ishlash tartibiga oʻtkazildi. Buning uchun ularga oylik ish haqi toʻlanadi. 

Shu oʻrinda eslatib oʻtmoqchimiz, masofadan turib mehnat faoliyatini davom ettirayotgan pedagoglar efirga uzatilyotgan onlayn darslarni oʻquvchilarga toʻliq yetkazilishiga, yaʼni ota-onalarning murojaatlariga asosan imkon qadar oʻquvchilarga mavzularni mustahkamlab borishlari zarur. 

Bu jarayon ortiqcha hisobotbozlikka, majburiy tartibga aylanmasligi zarur. 

7-savol: Videodarslar uch tilda tayyorlanmoqda. Nima uchun qardosh tillarda videodarslar mavjud emas? 

Hozirda TV orqali 3 ta tilda (oʻzbek va rus, qoraqalpoq) darslar namoyish etilmoqda. Hududlarda qardosh tillarda taʼlim berilayotgan maktab pedagoglari tomonidan masofaviy tarzda oʻquvchilarga ushbu darslarni tushuntirib borishlarini tavsiya etamiz. Hozircha qoraqalpoq tilida Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalliy telekanali bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda. 

Boisi (1) qoʻshimcha tillar uchun yana telekanallar kerak. (2) Videodarslarni tasvirga olish uchun qoʻshimcha studiya kerak. Hozir deyarli barcha telestudiyalar band. (3) Toshkent shahrida tojik, turkman, qozoq, qirgʻiz tillarida dars oʻtiladigan maktablar yoʻq, shuning uchun ushbu tillarda dars beradigan barcha fanlardan oʻqituvchilarni topish ham muammo. Karantin davrida viloyatlardan oʻqituvchilarni poytaxtga olib kelishning ham iloji yoʻq. 

8-savol: Videodarslar orqali taʼlim olish jarayonida oʻqituvchi va ota-onalar nima qilishlari kerakligi haqida maʼlumot bersangiz?

Joriy yilning 1-aprelidan boshlab, barcha umumtaʼlim maktablarida 4-chorak oʻquv jarayonlarini masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyish maqsadida vazirlikning tegishli (2020-yil 31-martda 91-sonli) buyrugʻi qabul qilindi. 

Unga koʻra joriy yilning 1-aprelidan boshlab: 

a) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv yilining IV choragi uchun rejalashtirilgan dars mashgʻulotlarini masofaviy videodarslar shaklida tashkil etilganligi sababli oʻqituvchilarning ish faoliyati masofaviy tarzda (ish haqi toʻliq saqlangan holda) davom ettiriladi; 

b) navbatdan tashqari mehnat taʼtilida boʻlgan xodimlarning taʼtil muddatini yillik asosiy mehnat taʼtili hisobidan uzaytiriladi; 

v) qolgan xodimlarga zaruratga koʻra yillik taʼtildan foydalanish grafigidan qatʼiy nazar asosiy mehnat taʼtili hisobidan haq toʻlanadigan yillik mehnat taʼtili taqdim etiladi. 

Fan oʻqituvchisi: 

Oʻz ish faoliyatini masofaviy tarzda davom ettirayotgan fan oʻqituvchilari televizion dars orqali oʻquvchilarga berilayotgan uy vazifalarini ota-onalar bilan birgalikda bajarilishiga koʻmaklashadi va ularni baholab boradi. 

Bunda oʻquvchilarning uy vazifalari yuzasidan olgan baholari Toshkent shahrida elektron jurnalga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻqituvchilar oʻzi uchun qayd etib boradi. 

Ota-onalar: 

farzandlariga televizion darslarni koʻrish va uy vazifalarini bajarishga sharoitlar yaratib beradi; 

farzandlarining televizion darslarni oʻz vaqtida koʻrishini nazorat qiladi; 

farzandlariga uy ishini qilishga va natijalarini fan oʻqituvchisiga yetkazishga koʻmaklashadi, shuningdek, bu borada fan oʻqituvchisi bilan hamkorlik qiladi. 

Uy vazifasi: 

Oʻquvchilar faqat televizion darsda berilgan uy vazifasini bajaradi. 

Oʻz ish faoliyatini masofaviy tarzda davom ettirayotgan fan oʻqituvchilari tomonidan ushbu uy vazifalarini bajarishda koʻmaklashadi.

Share to: