Toshkent shahrida yangi qurilgan “Chinobod plaza” sanatoriysida birinchi mehmonlari sifatida respublikamizning barcha hududlaridan pedagoglar tashrif buyurganligi toʻgʻrisida xabar bergan edik.
Mazkur sanatoriyda pedagoglar oʻn kun davomida dam olib, salomatliklarini mustahkamladilar. Jumladan, oshqozon-ichak kasalliklari, ortiqcha tana vaznining oshishi (metobolik sindrom), qandli diabet, oshqozon osti bezi kasalliklari, oʻt qopi, oshqozon yarasi hamda jigar kasalliklarini davolash va profilaktika qilish boʻyicha muolajalar oldi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan sanatoriyda dam olayotgan pedagoglarni muolajadan boʻsh vaqtlarida madaniy hordiq chiqarishi uchun ham sharoitlar yaratildi.
Xususan, Toshkent shahridagi koʻngilochar obyektlar, muzeylarga tashriflar uyushtirildi hamda “Oʻqituvchilar assotsiatsiyasi” va taniqli shoir, yozuvchilar, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari bilan turli madaniy uchrashuvlar tashkil etildi.