Zangiota tumani hokimi oʻrinbosari oʻqituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Nazorat-huquqiy xizmati va Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi hamkorlikda Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Mamadaliyevni oʻqituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb qilgani uchun 15,61 mln. soʻm jarimaga tortdi.

Oʻrganish davomida Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimi oʻrinbosari Baxtiyor Mamadaliyevning joriy yil 15-yanvardagi ogʻzaki topshirigʻiga koʻra tumandagi barcha umumtaʼlim maktablari 10 dan ortiq roʻznomalarga obuna boʻlishga majbur etgan.

Joriy yilning 14-may kuni ZOOM dasturi orqali tumandagi jami 44 ta umumtaʼlim maktabi direktorlariga onlayn tarzda yigʻilish oʻtkazib, umumtaʼlim maktab mikrohududidagi mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi kam taʼminlangan aholini xatlovdan oʻtkazib, hisobotlarni hokimiyatga topshirish toʻgʻrisida koʻrsatma bergan.

Uning mazkur koʻrsatmasiga asosan umumtaʼlim maktab direktorlari pedagog xodimlar bilan bir hafta mobaynida aholini xonadonma-xonadon yurib xatlovdan oʻtkazib, kam taʼminlangan oilalarning roʻyxatini shakllantirib hokimiyatga taqdim etgan.

Shuningdek, B.Mamadaliyev tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirini majburlab, tumandagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorlariga joriy yilning 28-may kuni ertalab soat 6:45 da yoshlar yetakchisi va yana bir nafar xodim bilan birgalikda yigʻib, tumandagi barcha maktab direktorlari va 80 nafardan ortiq oʻqituvchilarni oʻsgan oʻtlarni tozalash va yerni chopiq qilish, yumshatish koʻrinishidagi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Bu bilan Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Mamadaliyev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi PQ-3931-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-fevraldagi 146-sonli qarorlari talablari buzilganligi holati aniqlandi.

Shu sababdan, Zangiota tumani hokimining oʻrinbosaridan tushuntirish xati olinganida, u ushbu ishlarga jalb etganligini tasdiqlab tushuntirish berdi.

Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy oʻrganib chiqib, hokim oʻrinbosariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 15,61 mln. soʻm jarima jazosi qoʻllagan.

2018-yil 14-avgustda Prezidentimizning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga koʻra, xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Hujjatning 16-bandiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga (telefon: 1007) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga (telefon: 2001176) pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini oʻtkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

Share to: