Sirdaryoda maktab direktorlari uchun “Menejerlik” kurslari tashkil etildi

Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim maktablari direktorlari bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida maxsus “Menejerlik” kurslari tashkil etildi. 

Mazkur kurslarda viloyatda faoliyat yuritayotgan 309 nafar umumiy oʻrta taʼlim maktablari direktorlari ishtirok etmoqda. Oʻqituvchilarga qulaylik yaratish uchun kurslar Boyovut, Mirzaobod va Guliston tumanlarida faoliyat olib bormoqda. 

Uch kun davom etadigan kurslarda dars mashgʻulotlari A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMO instituti va Guliston Davlat universitetining tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan olib boriladi. 

“Menejerlik” kurslari jarayonida viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktab direktorlarining taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy taʼlim menejmenti, moliya-iqtisod asoslari sohalaridagi bilim va malakalarini yana-da oshirish hamda ularga bilim, koʻnikma va kompetensiyalarni baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS) boʻyicha tushunchalar beriladi. 

Avval xabar qilganimizdek, Prezidentimiz tomonidan taʼlim sifati boʻyicha Sirdaryo viloyatini namunali hududga aylantirish tashabbusi ilgari surilgan edi. 

Mazkur tashabbus doirasida viloyat oʻqituvchilari va direktorlari bilimlarini baholash uchun test sinovlari oʻtkazildi. Test natijalariga koʻra, oʻqituvchi va direktorlarning bilim, koʻnikmalarni takomillashtirish boʻyicha tadbirlar rejasi qabul qilindi. 

Hozirda oʻtkazilayotgan kurslar qabul qilingan tadbirlar rejasining bir qismi boʻlib, natijada viloyat maktablarida taʼlim sifatini oshishiga turtki boʻlishi kerak.

Share to: