Maktablarda Banklararo milliy protsessing markazi tomonidan moliyaviy savodxonlik darslari oʻtkazildi

Joriy yilning 27 va 28-noyabr kunlari Banklararo milliy protsessing markazi tomonidan maktab oʻquvchilari uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha darslar oʻtkazildi. Interaktiv seminarlar 5-sonli va 324-sonli maktab oʻquvchilari uchun oʻzbek va rus tillarida olib borildi.

Joriy yilning 27 va 28-noyabr kunlari Banklararo milliy protsessing markazi (BMPM) tomonidan 5-sonli va 324-sonli oʻrta maktablarning 6-sinf oʻquvchilari uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha interaktiv mashgʻulotlar oʻtkazildi. Loyihaning maqsadi yoshlarda moliyaviy ahloq, asosli qarorlar qabul qila olish va shaxsiy pul mablagʻlariga nisbatan masʼuliyatli munosabatni shakllantirish, moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish sohasida samaradorlikni oshirishdan iborat boʻldi.

“Moliyaviy savodxonlik asoslari boshlangʻich maktabdan boshlab singdiriladigan gʻarb mamlakatlaridan farqli ravishda, bizning diyorimizda maktab oʻquvchilari kreditlar, bank kartalari tushunchalarini yuqori sinflarda oʻtiladigan iqtisodiyot darslaridagina bilib oladilar. Biz yoshlarning moliyaviy savodxonligini shakllantirishda ishtirok etish muhim ahamiyatga ega deb hisoblaymiz va barchalarni oʻz farzandlariga moliya xavfsizligining asosiy jihatlarini oʻrgatishga chaqiramiz.

Biz toʻlov qanday amalga oshirilishi, uning farqi nimadaligi, kartalar naqd pul oʻrnini bosuvchi vosita sifatida, umuman, nima uchun kerakligi hamda inson oʻzini firibgarlikdan qanday himoya qilishi mumkinligi yuzasidan naqd pul va plastik kartalar oʻrtasidagi farqni yaqqol koʻrsatib berdik. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtish kerakki, koʻplab maktab oʻquvchilari plastik kartalar faoliyati tamoyillari haqida yaxshi xabardor boʻlib, qiziqarli savollar yoʻllab, darslarda faol ishtirok etdilar. Kelgusida biz bunday mashgʻulotlarni boshqa maktablarda ham oʻtkazishni, shuningdek maktablar uchun yana bir necha qiziqarli loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz. Oʻquvchilar hech qanday holatlarda hech kimga, hatto kassirlarga ham kartaning PIN-kodi, seriya raqami va amal qilish muddatini aytmasligi kerakligini bilib oldilar, deb umid qilib qolamiz” – deydi BMPM direktori Shuhratbek Qurbonov.

Seminarlar davomida HUMO kartalari egalariga taqdim etiladigan moliyaviy operatsiyalar, shu jumladan kontaktsiz toʻlov imkoniyatlari namoyish etildi.

Share to: