Xalq taʼlimi tizimida vakant lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonini ochiq, mustaqil tanlov asosida tashkil etish boʻyicha seminar oʻtkazildi

Bugun, 18-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Xalq taʼlimi tizimida vakant lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonini ochiq, mustaqil tanlov asosida shaffof tashkil etish” mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi.

Oʻquv-seminari ZOOM dasturi orqali onlayn videokonferens-aloqa shaklida oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari kadr boʻyicha boʻlim boshliqlari hamda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari kadrlar boʻyicha mutaxassislari ishtirok etdi.

Onlayn oʻquv-seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boʻlim boshligʻi A.Akramov va Xalq taʼlimi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi A.Xasanov maʼruza bilan qatnashdi.

Seminarda Xalq taʼlimi vazirligi markaziy apparati, hududiy boshqaruv organlari va taʼlim muassasalardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonida ochiq mustaqil tanlov asosida shaffof tashkil etish tizimi hamda mazkur jarayonda yuzaga kelish mumkin boʻlgan xato va kamchiliklarni oldini olish boʻyicha tushuntirishlar berildi.

photo2021-01-1817-28-04.jpg

Maʼlumki, 2020-yil 20-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi markaziy apparati, hududiy boʻlinmalar, tizimdagi tashkilotlar va muassasalardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga oʻtkazishda tanlov asosida saralab olish tartibi” tasdiqlandi.

Shunga koʻra, bugungi kunga qadar mazkur tartib asosida tizimdagi 42 ta vakant lavozimga vacancy.argos.uz orqali eʼlon berildi. Shundan 33 ta lavozimga 547 nafar (shundan, 208 nafar yoshlar - 38%) nomzod daʼvogar sifatida hujjat topshirdi. Nomzodlardan 176 nafari (32,2 %) tegishli lavozim boʻyicha malaka talablariga mos kelgan boʻlsa, 307 nafari (56,1 %) malaka talabiga mos kelmasligi aniqlandi. Shuningdek, 6 ta lavozimga barcha nomzodlarning hujjatlari malaka talabiga mos kelmaganligi sababli ushbu lavozimlarga takroran eʼlon berildi.

Hozirda 64 nafar (11,7 %) nomzodning hujjatlari malaka talablariga mosligi oʻrganilmoqda. 10 ta lavozim boʻyicha oʻtkazilgan test sinovlarida 44 nafar nomzod qatnashdi, shundan 21 nafari (47,7 %) testdan oʻtdi, 23 nafari (52,3) testdan oʻtmadi. Shuningdek, 15 ta lavozim boʻyicha test sinovi oʻtkazish rejalashtirilmoqda. 6 ta lavozim uchun 17 nafar nomzod suhbatga jalb etilgan boʻlib, shundan 16 nafari (94,1 %) suhbatdan oʻtmadi.

Amaliy seminar xalq taʼlimi tizimida mutaxassis kadrlarning oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi va kelgusi faoliyatini samarali tashkil etishiga xizmat qiladi.

Share to: