“Xalq taʼlimi tizimida onlayn taʼlim berish faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi muhokamaga qoʻyildi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantindan keyin oʻquvchilarni bilim olishi uchun Online-maktab loyihasi doirasida 3 ta telekanal orqali videodarslar namoyish etildi.

Ikki yarim oy davomida 3900 dan ziyod videodarslar tasvirga olindi va efirga uzatildi.

Mazkur loyihani yana-da takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimida onlayn taʼlim berish faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun eʼlon qilindi.

Qaror loyihasiga koʻra, koronavirus pandemiyasi davrida televizion videodarslar namoyish etilgan uchta telekanaldan “Online-maktab” loyihasini davom ettirish maqsadida foydalaniladi va yana-da takomillashtiriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida 2020-yil 1-avgustdan boshlab, 2020/2021 oʻquv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida televizion videodarslar har oʻquv yili davomida efirda namoyish etib boriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida jalb etiladigan oʻqituvchilarga har bir televizion videodars va videomashgʻulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha haq toʻlash taklif etilmoqda.

Online-maktab loyihasining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

  • umumiy oʻrta taʼlim tizimida masofaviy oʻqitish tizimini takomillashtirish;
  • televizion videodarslar tayyorlash boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribalardan foydalanish;
  • umumiy oʻrta taʼlim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
  • oʻquvchilar va oʻqituvchilarni xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga (PISA - 15 yoshli oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy yoʻnalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash, PIRLS - boshlangʻich 4-sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish va tushunish darajasini baholash, TIMSS – 4 va 8-sinf oʻquvchilarining matematika va tabiiy yoʻnalishdagi fanlardan oʻzlashtirish darajasini baholash, TALIS - rahbar va pedagog kadrlarning umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitish va taʼlim olish muhitini hamda oʻqituvchilarning ish sharoitlarini oʻrganish va boshqa) tayyorgarligini kuchaytirish;
  • barcha umumtaʼlim fanlari, birinchi navbatda STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematika) (keyingi oʻrinlarda - STEAM) fanlarining oʻqitish sifatini oshirish;
  • oʻquvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, yetakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni yechish kabi XXI asr koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
  • oʻquvchilarga oʻquv materiallarini chuqur oʻrganishga va takrorlashga imkoniyat yaratish;
  • bosqichma-bosqich fanlar va sinflar kesimida barcha mavzular boʻyicha videodarslar bazasini yaratish;
  • yetakchi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, oliy oʻquv yurtlari va boshqa taʼlim muassasalarining ilmiy va metodik salohiyatlaridan foydalanish orqali taʼlim berish sifatini oshirish.

Online-maktab loyihasi doirasida darslarni tasvirga olishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi:

  • oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi murakkab boʻlgan mavzularni kengroq ochib berish;
  • amaliy mashgʻulotlar va virtual laboratoriyalarni namoyish qilish;
  • darslik va oʻquv dasturlariga qoʻshimcha tarzda qiziqarli va foydali maʼlumotlarni berib borish;
  • oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish;
  • oʻqituvchilar tomonidan ilgʻor xorijiy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
  • televizion videodarslarni oʻzbek, rus va ayrim fanlardan ingliz tilida namoyish qilinishini tashkil etish choralarini koʻrish.

2020-yil 1-sentyabrga qadar televizion videodarslardan foydalanishda oʻquvchi, oʻqituvchi va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida www.maktab.uz  platformasi yaratiladi va umumtaʼlim muassasalar tizimida yagona markazlashgan virtual (onlayn) maktab sifatida tatbiq etiladi.

Maktab.uz platformasida oʻquvchilarda taʼlim olishga boʻlgan qiziqishni uygʻotadigan zamonaviy mexanizmlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Oʻquvchilarning bilim salohiyati, oʻzlashtirilmagan darslarni aniqlaydigan testlar ishlab chiqilib, ular asosida oʻquvchilarga yordamchi oʻquv darslarini, tematik oʻyinlarni tavsiya etadigan va ota-onalar hamda oʻqituvchilarga bolaning bilim olish jarayonidagi mavjud kamchiliklari haqida xabar beradigan tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻquvchilarning onlayn taʼlim olishga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish maqsadida tegishli telekanallar va maktab.uz portalida bolalar viktorinalarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Maktab.uz portalini rivojlantirish maqsadida mazkur portalni mobil aloqa operatorlari tomonidan doimiy ravishda begʻaraz targʻibot ishlari (mijozlarga SMS xabarlar orqali va qoʻshimcha xizmat tariqasida) olib borish taklif etilmoqda.

Oʻquvchilarni geografiya, texnologiya, fizika, kimyo, biologiya, zoologiya, jahon tarixi va boshqa fanlarga qiziqishini yana-da oshirish maqsadida Discovery, National Geographic va BBC kabi xorijiy media-korporatsiyalar bilan hamkorlikda, ularning hujjatli ilmiy-maʼrifiy filmlarini oʻzbek va rus tillariga tarjima qilinib, Online-maktab kanallarida efirga uzatilishini hamda maktab.uz portaliga bosqichma-bosqich integratsiya qilish ishlarini amalga oshiradi.

Oʻquvchilarni yurtimiz tarixi, tarixiy obidalari, yer osti tabiiy boyliklari, ularning topilish tarixi va qayta ishlaydigan milliy zavodlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ular haqidagi zamonaviy hujjatli filmlarni ishlab chiqib, Online-maktab telekanallari orqali efirga uzatish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Share to: