Fargʻona viloyati - sifat va samaradorlik yoʻlida

Yer yuzida maktab barcha imoratlar ichida eng ulugʻidir. Unda millat kelajagi poydevoriga asos solinadi. Xalqimizning ertangi kuni qanday boʻlishiga, koʻp jihatdan, bugun farzandlarimiz taʼlim-tarbiya olayotgan ana shu maskanda tamal toshi qoʻyiladi. Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz bebaho boylik boʻlmish ilm-maʼrifat, taʼlim-tarbiyani inson kamoloti hamda millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilib kelishida ham chuqur maʼno yashiringan. 

Fargʻona viloyati xalq taʼlimi tizimi oʻtib borayotgan oʻquv yili hisobiga 48747 nafar pedagog xodimlar faoliyat olib bormoqda. Ulardanoliy maʼlumotlilar – 42883,oʻrta maxsus maʼlumotlilar – 2322 nafar, mutaxassislar 22008 nafarni tashkil etadi. Toifalanish darajasida esa – 1260 nafari oliy, 5184 nafari 1, 18193 nafari esa II toifali hisoblanadi. 

Oʻtgan 2018-2019 oʻquv yilida tizimda 45205 nafar pedagog faoliyat olib bordi. Ulardan oliy maʼlumotlilar – 42837,oʻrta maxsus maʼlumotlilar – 2368 nafarni tashkil etadi. Toifalanish darajasida esa – 1055 nafari oliy, 4476 nafari 1 toifali, 17213 nafari esa II toifali hisoblanadi. Mutaxassislar 22461 nafar boʻlgan. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi topshirigʻi hamda 2016-yil 7-apreldagi “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan viloyatdan 10 mingdan ziyod pedagog kadrlarning roʻyxati shakllantirildi. Mazkur nizomning 37-bandiga asosan oliy va 1-toifaga daʼvogar 6444 nafar pedagog kadlarga 2019-yil 26-martdan 12-aprel kuniga qadar onlayn test sinovlari oʻtkazildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining 2018-yil 10-yanvardagi kengaytirilgan yigʻilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2017-yil 25-yanvardagi koʻrsatma xatiga asosan nafaqadagi harbiy xizmatchilarni umumtaʼlim maktabi direktor, direktor oʻrinbosari hamda chaqiruvga qadar yoshlarni boshlangʻich tayyorlash fani oʻqituvchisi lavozimlariga jalb qilish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. 

Shuningdek, Fargʻona viloyati mudofaa ishlari boshqarmasidan 10 nafar zaxiradagi ofitserlar nomzodlari shakllantirildi. 

Hozirgi kunda nafaqadagi harbiy xizmatchilarni umumtaʼlim maktabi direktor, direktor oʻrinbosari hamda chaqiruvga qadar yoshlarni boshlangʻich tayyorlash fani oʻqituvchisi lavozimlariga jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 16-noyabrdagi qarori, Vazirlar Mahkamasining “OʻZbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 20-fevraldagi 130-qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2018-2019 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlariga nazoratchi sifatida 393 nafar taʼlimi muassasalarida faoliyat yuritayotgan, test sinovlari yuzasidan amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan halol, tajribali, asosiy shtatdagi rahbar kadrlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat test markazi bazasiga kiritildi. 

Fargʻona viloyatida ham oʻtgan 2019-yilda umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, 2019-yilda Investitsiya dasturi boʻyicha 31 ta maktabda 7 ta yangi qurilish, 13 ta rekonstruksiya, 11 ta kapital taʼmirlash ishlari, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jami 55 ta maktabda 24,0 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi Farmoyishi asosida viloyatdagi 31 ta umumtaʼlim maktablariga 5,3 milliard soʻm miqdoridagi mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 254 ta toʻplamda 3959 dona oʻquv parta-stullari, 1118 dona kitob javonlari, 9 ta toʻplamda kutubxona jihozlari ajratildi va 9 ta umumtaʼlim maktablarning faollar zali, oshxonalari zamonaviy talablar asosida jihozlandi.Shuningdek, 9 ta maktab 34 turdagi sport jihozlari va 12 ta maktablar fizika, biologiya, kimyo laboratoriya jihozlari bilan taʼminlandi. Koreya Respublikasining “Eksimbank” kredit mablagʻlari hisobidan “Maktab taʼlimida axborot-kommunikatsion texnologiyalarini yana-da rivojlantirish” loyihasi doirasida viloyatdagi jami 321 ta umumtaʼlim maktablariga 321 toʻplam (4512 dona) kompyuter texnikalari yetkazib berildi. Viloyat hokimligi homiyligi asosida mahalliy byudjet mablagʻlaridan 3 mlrd 600 million soʻmlik 1300 dona kompyuter texnikalari umumtaʼlim maktablariga oʻquvchilar ixtiyoriga topshirildi. 

Oʻtgan yilning kuz-qish mavsumiga hozirlik ishlari ham puxta tashkillandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi qaroriga asosan 2019-2020-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 113 ta maktab joriy taʼmirlanib, 255 ta muassasalardagi mavjud 577 dona isitish qozonlari yangisiga almashtirildi. Koʻmir yoqilgʻisi bilan isitiladigan taʼlim maskanlari uchun 34 193 tonna koʻmir hamda briket yoqilgʻisi yetkazib berildi. Shuningdek, 2019-yilda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 9 ta umumtaʼlim maktablariga toza ichimlik suvi keltirildi. 

Davlatimiz rahbari olib borayotgan izchil islohotlar, xususan, tashabbuslari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2019-yil 15-iyulda uzluksiz professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan majlisda berilgan vazifalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-iyuldagi topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatdagi 50 ta kasb-hunar kollejlari viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufiga oʻtkazildi. 

Mazkur kollejlar hisobidan viloyatda 13 ta yangi maktab tashkil etilib, 37 obyektdan esa maktablar tomonidan qoʻshimcha oʻquv binosi sifatida foydalanilmoqda. Buning natijasida viloyatdagi maktablarning quvvati 29 620 taga oshdi. 

2018-yilda viloyatda 8 ta nodavlat taʼlim muassasalari faoliyat olib borgan boʻlsa, 2019-yilda ular safiga 7 ta nodavlat taʼlim muassasalari, Rishton tumanida“Rostok-2019” NTM, “IBN SINO EDUCATION”, Margʻilon shahrida “GENIUS LAND”, Fargʻona shahrida “TERRA NOVA SCHOOL”, “Islom Karimov izdoshlari”, “Alpomish maktabi – 2019”, “Gulshan intellektual sayyorasi” nodavlat taʼlim muassasalari ishga tushirildi va buning natijasida viloyatda nodavlat umumtaʼlim muassasalari soni 15 taga yetkazildi. 

2020-yilda ham viloyatda bir qator nodavlat taʼlim muassasalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Jumladan: Oltiariq tumanida 250 oʻrinli, Uchkoʻprik tumanida 234 oʻrinli, Bagʻdod tumanida260 oʻrinli, Qoʻqon shahrida 300 oʻrinli,Fargʻona tumanida 256 oʻrinli, Fargʻona shahrida 220 oʻrinli. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab viloyatda 8 ta yoʻnalishdan iborat variativ oʻquv rejalari tajriba-sinovdan oʻtkaziladi. Investitsiya va boshqa dasturlar doirasida viloyatdagi umumtaʼlim obyektlarida bir qator qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi va toʻliq jihozlanishiga erishiladi. 

Oʻtgan 2019-yilda viloyatda jami 1 ta Rishton tumanidagi 1-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktab, shu tumanda “IBN SINO EDUCATION”, Oltiariq tumanida “AHMAD AL FARGʻONIY AVLODLARI”, Margʻilon shahrida “GENIUS LAND”, Fargʻona shahrida “NOVA SHCOOL”, “SIRIUS ALFRAGANUS EDUCATION” nodavlat taʼlim muassasalari ishga tushirildi va buning natijasida nodavlat umumtaʼlim muassasalari soni 15 taga yetkazildi. 

Yaratib berilayotgan bu kabi qulaylik va shart-sharoitlarga javoban viloyat umumtaʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, fargʻonalik pedagog xodimlar hozirgi pandemiya sharoitida maktab oʻquvchilari va xalq taʼlimi tizimi xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratish hamda umumtaʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha qator yoʻnalishlardagi vazifalarni bajarishlari kerak. Jumladan, 2019-2020 oʻquv yilini muvaffaqiyatli yakunlash va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi attestat (shahodatnoma)larni elektron shaklda yetkazish boʻyicha ishlar amalga oshirildi. 

Joriy oʻquv yilida viloyat boʻyicha jami 101047 ta attestat (shahodatnoma)lar, shundan 9-sinf bitiruvchilariga jami 53 136 ta shahodatnoma, 11-sinf bitiruvchilariga esa 47 794 ta attestat, shuningdek, 11-sinf bitiruvchilariga 375 ta oltin va kumush medallar topshirilishi koʻzda tutilmoqda. 

Oʻquvchilarning yozgi taʼtil davri mobanida 3 ta telekanalda “Online-toʻgarak”, oʻqituvchilarning malakasini oshirishi uchun “Online-kasbiy rivojlantirish” loyihalarini amalga oshirish hamda kelgusi oʻquv yilidan “Online-maktab” loyihasini yuqori saviyada tashkil etish orqali joylardagi taʼlim sifatini oshirishga erishiladi. 

2019-yil fan olimpiadasining respublika bosqichida 46 nafar 11-sinf oʻquvchilari ishtirok etib, 1 nafar oʻquvchi 1-oʻrinni egalladi va oʻz yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasasiga grant asosida qabul qilish toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻldi. 

Joyi kelganda shuni ham aytib oʻtish joizki, oʻtgan oʻquv yilida viloyatda umumtaʼlim maktablarining 139 nafar oʻquvchilari oltin va 126 nafari kumush medallar bilan maktabni tamomladi. 

2020-yil fevral oyida Andijon shahrida Hindistonning Sharda universiteti hamkorligida oʻtkazilgan “Talabalikka bir qadam” ochiq olimpiadasida fargʻonalik 150 nafar9-11-sinf oʻquvchilari ishtirok etdi. Olimpiada natijalariga koʻra, 36 nafar oʻquvchi eng yuqori ball toʻplagan boʻlsa, 6 nafari gʻolib boʻldi. Natijada ulardan 3 nafari OʻzbekistonSharda universitetida 100 foiz grant asosida, 1 nafari 50 foiz chegirma asosida va 2 nafari 30 foiz chegirma asosida oʻqish huquqini qoʻlga kiritdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019-yil 29-avgustdagi topshirigʻiga muvofiq umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining maqomi va nufuzini oshirish, taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida 2019-yil noyabr-dekabr oyida respublika Ishchi guruhlari tomonidan viloyat, tuman va shahar maktablarida 18 ta “Vazir soati”, 44 ta “Rektor soati”, 78 ta “Hokim soati”, 62 ta “Tadbirkor va bankir sabogʻi” darslari hamda boshqa tadbirlar tashkil etildi. 

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini yana-da yaxshilash, pedagog xodimlarga oʻz vaqtida metodik yordamni tashkil etish hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilariga taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan metodik xizmat koʻrsatish yoʻnalishida bir qator tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, viloyat boʻyicha 42 ta va shahar-tumanlar boʻyicha 148 ta oʻquv-amaliy seminar tashkil qilindi. 

Viloyatdagi umumtaʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etishda zamonaviy yondashuv va ilgʻor xorijiy tajribalarni qoʻllash, oʻquvchilarning qiziqishlarini inobatga olish, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrishiga keng imkoniyat yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalq taʼlimi vazirining 2019-yil 28-dekabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan24 ta maktabda variativ sinflar tashkil etildi. 

Shular qatorida maktab oʻquvchilari oʻrtasida turli yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va yoʻl harakati qoidalarini mukammal oʻrgatib borish maqsadida 19 ta tuman va shaharlardagi 76 ta maktabda (har bir sektorda 1 tadan) zamonaviy yoʻl harakati xavfsizligi qurilmalari bilan jihozlangan namunaviy innovatsion “Yashil chiroq” xonalaritashkil etildi. 

Aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir. Bu borada amalga oshirilgan ishlar ham diqqatga sazovor. Kompyuter texnologiyalari, robototexnika va kibersport boʻyicha toʻgaraklar yoʻlga qoʻyildi. Yoʻnalishda samaradorlikka erishish maqsadida viloyatda 310 ta taʼlim muassasalarida optik tolali liniyalar orqali yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari olib borilmoqda. Shundan 276 ta umumtaʼlim maktabida optik tolali internet tarmogʻiga ulash ishlari yakunlandi. 

Fargʻona viloyat hokimining 2020-yil 8-apreldagi farmoyishiga asosan umumtaʼlim maktablarining 9-10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Ona tili – millat gʻururi” mavzusida insholar tanlovi, “Kitobxonlik oyligi” doirasida oʻquvchilar uchun “Kitobxon oʻquvchi”, “Mumtoz gʻazallar bilimdoni” ota-onalar uchun“Kitobxon ota” va “Kitobxon ona” onlayn koʻrik–tanlovi hamda 5-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Bilimdon viktorinasi” tanlovi tashkil etildi. Mazkur farmoyishga koʻra bir oy davom etgan insholar tanlovida 9-sinflar boʻyicha 11 496 nafar, 10-sinflar boʻyicha 10 066 nafar 11-sinflar boʻyicha 8 407 nafar, jami 29 969 ta insholar yozilgan boʻlib, shundan 1 311 nafar insho mualliflari tuman, shahar bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblardan437 nafari tanlovning viloyat bosqichi gʻolibi boʻldi. 

Shuningdek, “Kitobxonlik oyligi” doirasida oʻquvchilar uchun “Kitobxon oʻquvchi”, “Kitobxon ota” va “Kitobxon ona” onlayn koʻrik–tanlovlarida 318 nafar,“Mumtoz gʻazallar bilimdoni” tanlovida 12 nafar, “Bilimdon viktorinasi” tanlovida 336 nafar, jami 735 nafar ishtirokchilar tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Gʻolib oʻquvchilarga mahalliy byudjet hisobidan 1 milliard soʻmlik badiiy kitoblar, viloyat hokimligi hamda xalq taʼlimi boshqarmasining Faxriy yorliqlari topshirildi. 

Pandemiya davrida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Onlayn darslar”ni nazorat qilish uchun xalq taʼlimi boshqarmasi va tuman, shaharlar xalq taʼlimi boʻlimi metodistlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilgan guruhlar tomonidan kaskad usuli orqali onlayn darslar muntazam nazorat qilib borildi. 

Viloyatda taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻquvchilarning umumiy sonidan kelib chiqib, har bir shahar va tumandan 2 tadan maktabda taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilandi. Ularda faoliyat olib borayotgan fan oʻqituvchilari taʼlim sifati va samaradorligini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarning mazmun-mohiyatini keng yoritish, xalqaro tadqiqotlardan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tushuntirish boʻyicha asosiy targʻibotchi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 

Joriy yilning yanvar-mart oylarida 19 ta shahar-tuman boʻyicha tayanch maktablarida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish yuzasidan 23 ta koʻrgazmali seminar-trening, 24 ta oʻzaro tajriba almashish, 65 ta mahorat darsi, 4 ta viloyat oʻquv-amaliy seminarlari tashkil etildi.Ularda jami 10 154 nafar rahbar va pedagog xodimlar ishtirok etdi. Tadbirlar ommaviy axborot vositalari, televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. 

Joriy yilning yanvar oyida viloyatdagi har bir taʼlim muassasasiga Milliy markaz tashabbusi bilan chop etilgan 4 tadan jami 3 744 ta oʻquvchilarniing xalqaro tadqiqotlarga samarali tayyorgarlik koʻrishi jarayonida tabiiy, oʻqish, matematika va boshlangʻich sinfda oʻqish savodxonligini oshirish boʻyicha kitoblar tarqatilib, oʻquvchilar ishtirokida tayanch maktablarida tuman-shaharlar kesimida seminar-trening oʻtkazildi. 

Jamiyatimizda ota obroʻsi yuqori boʻlgan oilalar hurmatli oilalar hisoblanishi sir emas. Shuningdek, mutaxassislar erkak oʻqituvchidan taʼlim-tarbiya olgan yigitlarda erkaklik fazilatlari – gʻurur, Vatanga, oilaga sadoqat, mardlik kabi xususiyatlari ustun boʻlishini taʼkidlaydi. Viloyat xalq taʼlimi tizimida erkak oʻqituvchilarning soni 2019-yilda 2018-yilga nisbatan 3875 nafarga oshib, 10 728 nafarga yetdi. Bu koʻrsatkich umumiy oʻqituvchilar soniga nisbatan 22 foiznitashkil etdi. 

Shu bilan birga, joriy yilda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda viloyatimizning barcha umumtaʼlim maktablarida “Otalar majlislari” tashkil etildi va unda otalarda oʻtkazilgan anketa natijalari tahlil qilindi. 

Bugungi kunda tayanch maktablarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar ommaviy axborot vositalarida oʻzlarning ijtimoiy va ilmiy-tarbiyaviy maqolalari bilan nafaqat viloyatdagi, balki respublikamizda xalqaro tadqiqotlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazmoqda. Masalan, joriy yilning 4-aprel kuni Bagʻdod tumanidagi taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan tayanch maktabi etib belgilangan 1-IDUMning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Shohista Qurbonovaning “Oʻzbekiston taʼlimi tizimidagi xalqaro tadqiqotlarning oʻrni va ahamiyati” mavzusidagi maqolasi Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasida chop etiladigan nufuzli “Internauka” ilmiy jurnalida maqolasi eʼlon qilindi. 

Karantin davrida ham umumtaʼlim maktablari rahbariyati va oʻquvchilari tomonidan tashkil etilgan guruhlarda masofaviy tarzda PISA vaPIRLS yoshidagi oʻquvchilar bilan Milliy markazdan yetkazilayotgan materiallar hamda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan onlayn darslarda berib borilayotgan masalalar birgalikda tahlil qilinib, amaliyotga joriy etib kelinmoqda. 

Viloyat va mahalliy hokimliklar bilan ushbu tayanch va tajriba sinov maktablarining infrastrukturasini yaxshilash, internet va elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida talay ishlar olib borilmoqda. 

2020-yilda viloyatimizdagi 5 ta, yaʼni Fargʻona shahridagi 24-maktab, Qoʻqon shahridagi 16-maktab, Bagʻdod tumanidagi 30-maktab, Quva tumanidagi 12 va 62-maktablarda ilk bora PISA tajriba tadqiqot sinovlari, shuningdek, Buvayda tumanidagi 6-maktab, Quvasoy shahridagi 17-maktab, Toshloq tumanidagi 34-maktab, Quva tumanidagi 13-maktabda PIRLS tajriba tadqiqot sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirildi. 

Azaliy bir haqiqat bor: jismonan sogʻlom insondagina maʼnaviy yetuklik boʻladi. Tajribali murabbiylar tomonidan olib borilan saʼy-harakatlar natijasida viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jami 77 nafar iqtidorli oʻquvchilari xalqaro sport musobaqalarida sportning yengil atletika, shaxmat, shashka, yunon-rum va belbogʻli kurash, boks, tennis, badiiy gimnastika, paraatletika turlari boʻyicha ishtirok etishib, yuqori natijalarga erishdi. 

Viloyatda sportni rivojlantirish va ishtirokchilar safini kengaytirish maqsadida oʻquvchilar oʻrtasida turli anaʼnaviy va noanʼanaviysport musobaqalari oʻtkazib keklinmoqda. Oʻtgan davrda 2 615 ta maktab, 469 ta tuman-shahar hamda 142 ta viloyat bosqichi bellashuvlari, jami 3 226 ta sport tadbirlari tashkil etildi. Yil davomida fargʻonalikoʻquvchi sportchilari 9 ta xalqaro turnirda ishtirok etib, 46 ta 1-oʻrin, 45 ta 2-oʻrin va 55 ta 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, boʻlib oʻtgan 30 ta respublika chempionati va birinchiliklarida 817 ta 1-oʻrin, 189 ta 2-oʻrin va 215 ta 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritishga sazovor boʻldi. 

Viloyatda umumtaʼlim muassasalarining amaliyotchi psixologlari ish faoliyatini takomillashtirish borasida ham muayyan ishlar qilindi. Tahlillar shundan dalolat beradiki, 2019-yil davomida tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimlari, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish va pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish shoʻbasi mutaxassislari hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablari amaliyotchi-psixologlari tomonidan pedagoglar va oʻquvchilarga 6 ta viloyat, 100 ta tuman-shaharlar, 3 784 ta maktab miqiyosida psixologik oʻquv-seminarlar hamda 17 183 ta 5-11-sinf oʻquvchilari bilan turli mavzulardagi noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan seminar-trening oʻtkazildi. Ularning 23 tasi ommaviy-axborot vositalarida, 5 482 tasi ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. 

Joylarda boʻlgani kabi viloyatda ham Respublika tashxis markazi tomonidan tashkil etilgan “Umumtaʼlim muassasalari psixologi” huquqini berish boʻyicha qayta tayyorlov kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslarda 99 nafar, jumladan, Qoʻqon davlat pedagogika institutida 60 nafar, viloyat pedagog xodimlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash hududiy markazi tomonidan 30 nafar, jami 189 nafar pedagoglar psixolog mutaxassisliklariga ega boʻlishdi. 

2020-yilda Investitsiya dasturi doirasida Fargʻona viloyatida jami 23 ta maktabda 69,8 millard soʻmlik, jumladan, 6 ta yangi qurilish, 12 ta rekonstruksiya va 5 ta kapital taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 2020-yil Investitsiya dasturiga qoʻshimcha ravishda 33,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, viloyatdagi 7 ta umumtaʼlim maktabi kapital rekonstruksiya va kapital taʼmirlashdan chiqariladi. 

2020-yil umumtaʼlim maktablarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga koʻra, xalq taʼlimi obyektlarida yangi maktab binosi qurilishi, rekonstruksiyava kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini belgilangan muddatda amalga oshiriladi. Shuningdek, mavjud 29 ta atrofi qisman oʻralmagan maktablarning hududlarini devor bilan oʻrash, 18 ta maktabni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, 88 ta maktabga yangi hojatxonalar qurish ishlarni rejalashtirilgan. 

Yuqorida keltirilganidek, viloyat umumtaʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, fargʻonalik pedagoglar quyidagi vazifalarni: 

– umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarini taʼlimning keyingi bosqichi bilan qamrab olish holati boʻyicha bitiruvchilarning kamida 10 foizini 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilinishi choralarini koʻrish; 

– 2019-2020 oʻquv yilida 11-sinf bitiruvchilarning umuman oliy taʼlim muassasalariga kirmagan maktablar boʻlmasligini taʼminlash; 

– 2020-yilda tuman va shahar markazilarga yaqin hududlarda, moddiy-texnika bazasi yetarli hamda malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlangan taʼlim muassasalarida matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish; 

– xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida tashkil etiladigan “Masofaviy taʼlim berish va elektron oʻqitish bazasi” tashkil qilish orqali oʻqituvchilarni ishdan ajralmagan holda malaka oshirishlari hamda oʻz bilimlarini doimiy ravishda yangilab borishlari, shuningdek, uy taʼlimidagi va boʻsh oʻzlashtiruvchi oʻquvchilarga alohida eʼtibor bergan holda oʻz bilimini doimiy ravishda mustahkamlab borishga imkoniyat yaratish; 

– aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalalari boʻyicha “Oʻzbektelekom” AK bilan hamkorlikda 2020-yil yakuniga qadar viloyatdagi barcha umumtaʼlim muassasalarini toʻliq optik tolali liniyalar orqali yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari yakuniga yetkazish; 

– viloyatdagi yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulangan umumtaʼlim maktablarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan “Bir million dasturchi” loyihasi asosida uzbekcoders.uz portali orqali 8-11-sinf oʻquvchilarininig kamida 10 foizini dasturchi mutaxassisligi boʻyicha tayyorlash; 

– tajribali, turli koʻrik-tanlov gʻoliblari, davlat va tarmoq mukofoti sovrindori boʻlgan pedagoglarning ishlarini ommalashtirish hamda ularning tajribalarini boshqalar bilan oʻrtoqlashish maqsadida oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etish, oʻqituvchilarning videodarslarini va dars ishlanmalarini online-maktab.uz tizimi orqali viloyat maktablarida ommalashtirish choralarini koʻrish; 

– viloyatdagi umumtaʼlim maktab oʻqituvchi va oʻquvchilarini 2021-yilda PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturi boʻyicha olib boriladigan tanlovlarda ishtirok etishga tayyorlash; 

– 2020-yilda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 410 nafardan ziyod maktab direktorlari hamda 10 425 nafar pedagog xodimlarining malakasini oshirishni asosiy maqsad qilib qoʻyilgan. 

Bir soʻz bilan aytganda, Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari hamda umumtaʼlim maktablarida farzandlarimizni jismonan va maʼnan yetuk insonlar qilib tarbiyalash yoʻlida astoydil mehnat qilmoqda. 

Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari hamda umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarni oʻz farzandlaridek koʻruvchi jonkuyar pedagog-xodimlarning barchasi bir maqsad yoʻlida faoliyat yuritadi, u ham boʻlsa – kamol topib kelayotgan yosh avlod har tomonlama yetuk, komil inson boʻlib rivojlansin. Bu ezgu maqsad barchani tinmay izlanish, oʻz ustida erinmay ishlashga chorlaydi.

Share to: