2015.05.12 | Педагогларга

Quyida pedagoglarning kasbiy faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan bir necha pedagogik vaziyatlarni keltirib o‘tamiz.

Birinchi vaziyat. Deylik, sizsinfda dars o‘tayapsiz, hamma o‘quvchi tinchlandi, sinfda jimlik hukm surmoqda, ammo ko‘p vaqt o‘tmay o‘quvchilardan biri birdaniga qattiq kulib yubordi.
Siz ajablanib, uning sababini bilish maqsadida kulgan o‘quvchi tomon nigoh tashlashingiz bilanoq, u sizga qarab shunday dedi: «Domla, sizga qarasam negadir kulgim kelaveradi va shuning uchun ham siz dars o‘tishni boshlashingiz bilanoq o‘zimni to‘xtata olmay kulib yuboraman. Hozir ham xuddi shunday hol yuz berdi».
Bunday holda siz unga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz. quyida bildirilgan munosabatlarning bir necha varianti so‘zlar bilan ifodalangan. Keltirilgan variantlardan birini tanlang va belgilang.
1.«Ana, xoloo...s!»
2. «Xush, senga nima kulgili tuyulayapti?»
3. «Kulging kelgan bo‘lsa, mayli xohlaganingcha kulaver!».
4. «Nima, sen ahmoqmisan?»
5. «Xushchaqchoq insonlarni juda yaxshi ko‘raman-da...».
6. «Agar men senga yaxshi kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsam, bundan juda xursandman».
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

Ikkinchi vaziyat. Birinchi-ikkinchi darsingiz boshidanoq yoki bir necha mashg‘ulot o‘tkazganingizdan keyin o‘quvchilardan biri sizga «Mening fikrimcha, siz pedagog sifatida bizga biror narsaga o‘rgata olmasangiz kerak» degan fikrni bildirdi. Siz uning bu fikriga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz?
1. «Sening ishing — o‘qish, o‘qituvchiga o‘rgatish emas».
2. «Albatta, senga o‘xshaganlarga men hech narsa o‘rgata olmayman».
3. «Ehtimol, yaxshisi sening boshqa sinfga o‘tganing yoki o‘zga o‘qituvchidan saboq olganing ma’quldir?».
4. «Sen dangasasan, o‘zing o‘qishni istamaysan».
5. Sening nima uchun bunday o‘ylashing sababini bilish — men uchun qiziq».
6. Kel, yaxshisi bu haqda sen bilan batafsil gaplashib olaylik. Ehtimol, mening xulq-atvorimda senda ana shunday fikr tug‘dirgan biror kamchilik bordir».

Uchinchi vaziyat. Deylik, siz o‘quvchiga biror topshiriq berdingiz. U uni bajarishni istamadi va «Men bu ishni qilishni xohlamay-
man» deb sizga e’tiroz bildirdi. Siz bunday holatda qanday yo‘l tutgan bo‘lar edingiz?
1. «Topshiriqni bajarishni xohlamasang — bajarishga majbur qilamiz».
2. «Topshiriqni bajarishni xohlamasang, sen nima uchun o‘qishga kelding».
3. «Topshiriqni bajarishni qanchalik xohlamasang, shunchalik o‘zinga yomon bo‘ladi, o‘qishni istamasang battar bo‘l. Sening fe’l-atvoring bamisoli o‘zining xunukligini ko‘rib, burunini kesmoqchi bo‘lgan odamninkiga o‘xshaydi».
4. «Bu ishning oqibati nima bilan tugashi haqida o‘zinga hech hisobot berib ko‘rganmisan».
5. «Agar buning sababini sen menga tushuntirib bera olsang, juda yaxshi bo‘lardi.»
6. «Kel, yaxshisi bu masalani sen bilan birgalikda muhokama etib ko‘raylik, balki sen haqdirsan».
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

To‘rtinchi vaziyat. Deylik, o‘quvchi o‘zining o‘quv faoliyatida juda katta yutuqlarga erishdi. U hatto bundan ajablandi ham va o‘z qobiliyatiga, o‘quv materiallarini to‘la o‘zlashtirib olganiga shubhalandi. Natijada u sizga shunday so‘zlar bilan murojaat qildi: «Sizningcha, men a’lo baholarga o‘qiy olamanmi, sinfdagi boshqa o‘quvchilardan o‘zlashtirish borasida orqada qolib ketmaymanmi? Sizning shu haqdagi fikringizni bilmoqchi edim.» Siz quyidagi javob variantlaridan qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?
1. «To‘g‘risini aytganda, sening yaxshi o‘qib ketishinga shubha bilan qarayman».
2. «Albatta, sen bunga hech shuhbalanmasang ham bo‘ladi».
3. «Sening juda ajoyib qobiliyating bor, men senga juda katta umid bilan qarayman».
4. «Sen nima uchun o‘z qobiliyatinga shubha bilan qaraysan?»
5. «Kel, yaxshisi sen bilan bu haqda batafsil gaplashib olaylik va muammoning sababini oydinlashtiraylik».
6. Ko‘p narsa mening sen bilan qanday ishlashimga bog‘liq bo‘ladi».
7... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

Beshinchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchiga deydi: Sizning keyingi darsingizga men qatnasha olmasam kerak, chunki yosh ijrochilar ishtirokida o‘tkaziladigan konsertga bormoqchi edim (variantlar: do‘stlarim bilan uchrashib sayr qilmoqchi edim, sport musaboqalarida ishtirok etmoqchiman, darslardan toliqdim, dam olmoqchi edim)». Bu gapga sizning munosabatingiz qanday bo‘ladi? quyida keltirilgan variantlardan birini tanlang:
1. «Darsimga qatnashmay ko‘r-chi».
2. «Agar sen mening navbatdagi darsimga qatnashmasang, keyingi safar ta’lim muassasasiga ota-onangni taklif etamiz»!
3. «Bu sening ishing, imtihon (sinov) topshiradigan sen, men emas. qoldirgan darslaringni bari bir o‘zlashtirishing kerak, chunki men ularni sendan so‘rayman».
4. «Mening nazarimda, sen mashg‘ulotlarga mas’uliyat bilan yondashmaysan».
5. «Balki sen o‘qimasdan kollejni umuman tashlab ketarsan?»
6. «Agar sen hozir o‘qimay qo‘ysang, keyin nima bilan mashg‘ul bo‘lmoqchisan»?.
7.Konsertga borishing (do‘stlaring bilan sayr qilishing, musobaqani tomosha qilishing) sen uchun kollejdagi mashg‘ulotga qaraganda ham qiziqmi? Buning sababi bo‘lsa kerak, bilsak bo‘ladimi?».
8. «Albatta, men seni tushunaman. Dam olish, konsertga borish, musaboqalarni tomosha qilish, haqiqatan ham sen uchun kollejda o‘qishdan ko‘ra qiziqroq. Shunday bo‘lsa-da, men buning nega aynan sen uchun muhimligini bilishni istayman».
9. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

Oltinchi vaziyat. Sinfga kirib kelganingizdan keyin o‘quvchilardan biri sizga qarab shunday deydi: «Domla, bugun negadir siz ancha horg‘in va toliqqan ko‘rinasiz. Tobingiz yo‘qqa uxshaydi?». Siz o‘quvchining bu gapiga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz?
1. «Mening nazarimda, sening menga bunday tanbeh berishing odobdan emas».
2. «Ha, to‘g‘ri aytasan, men o‘zimni negadir yomon his qilayapman».
3. «Men haqimda qayg‘urmay qo‘ya qol, yaxshisi o‘zingning ahvolinga bir nazar tashlab ko‘r».
4. «Bugun men yaxshi uxlay olmadim, ishlarim esa juda ko‘p».
5. Sen tashvish chekma, mening bu holatim mashg‘ulot o‘tkazishimga sira xalaqit bermaydi».
6. «Sen juda e’tiborli o‘quvchisan-da, menga g‘amxo‘rliging uchun senga rahmat!»
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

Yettinchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchiga dedi: «Mening his qilishimcha, siz o‘tkazayotgan mashg‘ulotlardan men uchun biror foyda bo‘lmasa kerak. Shuning uchun mening mashg‘ulotga umuman qatnashmaganim ma’qul deb o‘ylayapman». O‘quvchining bu fikriga sizning munosabatingiz?
1. «Bunday be’mani gaplarni so‘zlama!»
2. «Seni qara-yu, nimalarni o‘ylamaysan-a!»
3. «Balki sen boshqa o‘qituvchidan saboq olarsan?»
4. «Men senda nima uchun bunday istak paydo bo‘lgani sababini batafsil bilishni xohlayman?»
5. «Sening muammolaringni hal etishga ikkalamiz birgalikda urinib ko‘rsak yaxshi bo‘larmidi?»
6. «Ehtimol, sening muammongni boshqa yo‘l bilan hal etish mumkindir?»
7... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

Sakkizinchi vaziyat. O‘quvchi o‘ziga haddan tashqari ishongan holda o‘qituvchiga shunday dedi: «mening qo‘limdan kelmaydigan biror ishning o‘zi yo‘q, faqat menda xohish bo‘lsa bas, hamma yumushni uddalayman». Shu jumladan, siz saboq berayotgan o‘quv predmetini ham hech qanday qiyinchiliksiz o‘zlashtira olaman». O‘quvchining bu fikriga siz qanday munosabat bildirasiz?
1. «Sen o‘z imkoniyatlaring to‘g‘risida hech o‘ylab ko‘rganmisan?»
2. «Senda bunday qobiliyat borligiga men shuhba bilan qarayman!».
3. «Bunday balandparvoz gaplaringa qaraganda, sen o‘zinga haddan ortiq bino qo‘ygansan sheklli? Kamtarroq bo‘lganing yaxshi».
4. «Albatta, hech shubham yo‘q, bilamanki, agar sen astoydil harakat qilsang, hamma ishni eplaysan.
5. «Haynahoy, bu sendan juda katta kuch talab qilsa kerak».
6. «O‘ziga haddan ortiq ishonish — ishga zarar keltiradi».
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

To‘qqizinchi vaziyat. O‘qituvchining tanbehlariga e’tiroz bildirgan holda o‘quvchi o‘quv predmetini yaxshi o‘zlashtirishi uchun unga ortiqcha topshiriqlarning kerak emasligini aytdi va deydi: «Meni qobiliyati yuksak o‘quvchi deb hisoblashadi». quyida keltirilgan javob variantlardan birini tanlang.
1. «Ehtimol, bu fikrga sen unchalik munosib emasdirsan».
2. «Mening kuzatishimcha, shu vaqtgacha sen duch kelgan qiyinchiliklar va bugungi kundagi biliming darajasi sening qobiliyating yuksakligidan dalolat bermaydi».
3. «Ko‘p odamlar o‘zini qobiliyatli hisoblaydi, aslida ular qobiliyatli bo‘lmaydi».
4. «Men o‘zing haqingda shunday yuksak fikrda ekaningdan xursandman. Faqat inson o‘z fikriga munosib bo‘lishi kerak, albatta».
5. «Bu sendan o‘qishingda yanada katta kuch sarflashingni talab etadi».
6. «Bu gap sening o‘z qobiliyatinga ishonmayotganingdan dalolat beradi».
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

O‘ninchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchiga dedi: «Men daftarimni olib kelishni (uy vazifasini bajarish)ni yana yodimdan chiqaribman». Bu gapga sizning munosabatingiz qanday bo‘ladi?
1. «Ana xalos, dars tayyorlash yana yodingdan chiqibdi-da».
2. «Bu senga mas’uliyatsiz ekaningni namoyon etmayaptimi?»
3. «O‘ylaymanki, sen endi bu ishga jiddiy munosabatda bo‘lasan».
4. «Men buning sababini bilishni istayman».
5. «Ehtimol buning uchun sening imkoning bo‘lmagandir?»
6. «Sen hech o‘ylab ko‘rganmisan, nima uchun men bu haqda har doim senga eslataman?»
7... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

O‘n birinchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchi bilan gaplashish jarayonida unga shunday dedi: «Men boshqa o‘quvchilarga qaraganda sizning menga yaxshiroq munosabatda bo‘lishingizni istayman».Quyida keltirilgan javob variantlaridan birini tanlang va belgilang:
1. «Nima uchun boshqa o‘quvchilarga qaraganda senga men yaxshiroq munosabatda bo‘lishim kerak?»
2. «Men o‘quvchilarni yaxshi va yomonga ajratmayman, hammaga bir xil munosabatda bo‘laman».
3. «Men senga o‘xshab gap uqtiradigan o‘quvchilarni yoqtirmayman».
4. «Nima uchun men seni boshqa o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishim kerak?. Buning sababini bilsam bo‘ladmi?».
5. «Agar men seni boshqa o‘quvchilarga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘raman deb aytsam, sen o‘zingni yaxshiroq his qilgan bo‘larmiding?»
6. «Seningcha, aslida men senga qanday munosabatdaman?»
7... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

O‘n ikkinchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchi saboq berayotgan o‘quv predmetini yaxshi o‘zlashtirish imkoniyati bo‘yicha o‘z fikrini izhor qilib, o‘zining quyidagi mulohazalarini bildirdi: «Men sizga ilgari nimadan tashvishlanayotganim haqida aytgan edim. Siz menga ayting-chi, buning sababi nimada va sizningcha, endi men o‘quv predmetlarini yaxshi o‘zlashtirishim uchun nima ish qilishim kerak?» Keltirilgan javob variantlaridan o‘zingizga ma’qulini tanlang.
1. «Mening nazarimda, sening ancha-muncha kamchiliklaring borga o‘xshaydi».
2. «Sening o‘quv predmetlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tashvishlanishingga hech qanday asos yo‘q deb o‘ylayman».
3. «Men senga biror asosli fikr aytishimdan oldin sening muammong mohiyati nimada ekanini yaxshi tushunishim kerak».
4. Mayli, bir oz vaqt o‘tsin, birgalikda ishlab natijalarni ko‘raylik, keyin bu masalani muhokama qilamiz. Men o‘ylaymanki, bu muammoning yechimini sen bilan birgalikda topa olamiz.
5. «Men senga hozir biror aniq javob aytishga tayyor emasman, men bu haqda o‘ylab ko‘rishim kerak shekilli».
6. «Sen tashvishlanma, men ham o‘quvchilik paytimda dastlab o‘quv predmetlarini o‘zlashtirishda ancha qiynalgan edim. Mehnat qilsang hamma narsaga erishasan».
7... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

O‘n uchinchi vaziyat. O‘quvchi o‘qituvchiga dedi: «Sizning mashg‘ulotlarda so‘zlayotgan gapingiz va ko‘tarayotgan masalangiz menga yoqmaydi». Keltirilgan javob variantlaridan o‘zingizga ma’qulini tanlang.
1. «Bu — yomon»
2. Sen, ehtimol, bu masalani yaxshi tushunmayotgandirsan».
3. «Men umid qilamanki, kelgusida, bizning mashg‘ulotlarimizda sening bu fikring o‘zgaradi».
4. «Nima uchun?»
5. «Sen ko‘proq qaysi mavzu va masala haqida ma’ruza tinglashni xohlaysan?»
6. Har kimning didi o‘zgacha va har kim har xil rangni yaxshi ko‘radi».
7. «Bu gaplarni nima uchun gapirayatganim haqida hech o‘ylab ko‘rganmisan?»
8.. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...

O‘n to‘rtinchi vaziyat. O‘quvchi o‘e sinfdoshlarining biriga nisbatan yomon munosabatda ekanini namoyon etib, o‘qituvchiga shunday dedi: «Men u bilan birga ishlash (o‘qish)ni istamayman». O‘quvchining bunday gapga sizning munosabatingiz qanday?
1. «Xohlamasang, nima bo‘pti?»
2. «Ilojing qancha, bari bir birga ishlashingga to‘g‘ri keladi.»
3. «Bunday qaysarlik qilishing yaxshi emas».
4. «Nima bo‘pti, bu gapingni eshitgandan keyin u ham seni bilan birga ishlashni xohlamaydi».
5. «Nima uchun?»
6. «Men o‘ylaymanki, sen nohaqsan?»
7. ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...
Sinaluvchining har bir javobi jadvalda keltirilgan «kalit» ga muvofiq ravishda baholanadi. Jadvalda chapda vertikal bo‘yicha pedagogik vaziyatlar tartib raqamlar bilan ko‘rsatilgan, o‘ngda yuqorida tartib bilan ularning bu vaziyatlardagi muqobil javoblari keltirilgan.

Jadvalda turli pedagogik vaziyatlar uchun keltirilgan javoblarning turli variantlari uchun beriladigan ballar ko‘rsatilgan (jadvalga qarang)

Рўйхатдан ўтиш





Топ Рейтинг НИПС www.uz
100187, Ўзбекистон, Тошкент шаҳри, М.Улуғбек тумани, Буюк ипак йўли кўчаси, 243-уй.
Телефон: (+99871)265-90-92, факс: (+99871)265-90-92 e-mail: uzedu@exat.uz
Вазирлик иш кунлари: душанба-жума(9.00-18.00гача, 13.00-14.00гача тушлик),
дам олиш кунлари: шанба, якшанба ва байрам кунлари.
Матбуот хизмати рақами: (+99871)266-18-53

Ўзбекистон Республикаси Халқ таълими вазирлиги

Cайтнинг очиқлик сиёсати

Материалдан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда, uzedu.uz манбаси кўрсатилиши шарт.

Вазирлик сайтининг олдинги варианти.

Ҳозир сайтда: 38

Хато кўрсангиз белгиланг ва Ctrl+Enter ни босинг.