2015.05.12 | Педагогларга

I. O‘QITUVCHINING USTUVOR QADRIYATLARI
 
1.1. Agar sizning javoblaringizda birinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda sizni o‘z kasbining fidoyisi deb atash mumkin. Siz o‘quvchilarning qiziqishi va muammolariga befarq emassiz. Ular bilan muloqotga kirishish siz uchun shunchaki ishga bog‘liq zarurat emas, balki ma’naviy ehtiyojdir. O‘quvchilar sizni shaxs sifatida tan olishadi, siz ularning qiziqishlariga e’tibor bilan qaraysiz, ishonchini qozona olasiz, hurmatiga sazovorsiz. Ular sizning darslaringizda o‘zlarini xavfsiz va yengil his etishadi. Bunday maqbul emotsional holatlar sizning samarali va ijodiy ishlshga imkon beradi. Bu hol o‘zingiz va o‘quvchilar salomatligi uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
1.2. Agar sizning javoblaringizda ikkinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda siz ancha qiyin bo‘lgan o‘qituvchilik faoliyatida hamkasblaringiz qo‘llab-quvvatlashi va e’tirofiga muhtojsiz. Siz uchun ularning fikr-mulohazalari alohida ahamiyatga ega. Ayni vaqtda sizni hamkasblaringiz nafaqat kasbiy mahorat egasi, balki ularning muammolarini tushunuvchi va qo‘llab-quvvatlovchi «hamkor» sifatida qadrlashadi. Biroq o‘quvchilar ham sizning e’tiboringiz va qo‘llab-quvvatlashingizga muhtoj ekanini ham unutmang. Hoynahoy, ular sizni o‘zlariga «hamkor» deb hisoblashmaydi. Sizning ular bilan bo‘lgan munosabatlaringizda shaxsiyatingiz yoki o‘ziga xosligingizni yaxshi ma’noda namoyon eta olmaysiz. Buning oqibatida ularda sizga nisbatan ishonchsizlik va begonalashuv tuyg‘usi paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa ta’lim-tarbiya jarayonida ular bilan hamkorlik qilishingizni qiyinlashtiradi.
1.3. Agar sizning javoblaringizda uchinchi variant ustuvor bo‘lsa, bu hol sizning o‘quvchilar bilan «til topisha olmasligingizni» bildiradi. Ehtimol, sizning qiziqishlaringiz faqat maktab hayoti yoki o‘quvchilar bilangina bog‘liq emas, o‘zingizni namoyon etishning boshqa imkoniyatlari mavjud. Siz o‘z muammo va kechinmalaringizga ehtiyotkorlik bilan yondashasiz. O‘zingiz uchun tayanch izlaysiz. Uni o‘zingizdan va ta’lim muassasasidan tashqarida topishga urinasiz. Yoki siz o‘zingizga yetarlicha ishonasiz-u, ammo hamkasblar va o‘quvchilarning fikr-mulohazasiga qiziqmaysiz, yoki siz ishdan juda toliqqansiz va bu hol sizni ko‘p narsaga befarq qilib qo‘ygan.
 
II. PSIXOEMOTSIONAL HOLATI
 
2.1. Agar sizning javoblaringizda birinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda o‘quvchilar bilan ishlash sizdan ancha ruhiy va jismoniy kuch talab etadi. Siz vaziyatni o‘zgartirish imkoni yo‘qligidan tez-tez asabiy holatga tushasiz, jahlingiz chiqadi, tashvish chekasiz, o‘zingizni ojiz his qilasiz
Ehtimol, siz o‘zining va tevarak-atrofingizdagilarga haddan ortiq talablar qo‘yasiz va shuning uchun ham iztirob chekasiz. Agar siz yuzaga kelgan vaziyatlarga nisbatan o‘z munosabatingizni o‘zgartira olsangiz, u holda o‘qituvchi faoliyati uchun xarakterli bo‘lgan stresslardan ozod bo‘lasiz va o‘zingizning psixoemotsional holatingizni yaxshilaysiz.
O‘quvchilar va jamoa bilan muloqot sizga huzur-halovat bag‘ishlashi uchun o‘zingiz va tevarak-atrofdagilaringiz bilan uyg‘unlikka erishish yo‘llarini axtarishingiz zarur. Insonning ruhiy imkoniyatlari cheksiz. Agar izlansangiz siz yaxshi psixoemotsional holatga erishasiz hamda o‘z-o‘zingizni muvofiqlashtirish uchun zarur bo‘lgan vosita va usullarni topa olasiz.
2.2. Agar sizning javoblaringizda ikkinchi variant ustuvor bo‘lsa, bu sizning asab tizimingizning sezgirligidan dalolat beradi. Siz o‘zga kishining holatini qabul qilish va unga hamdard bo‘lishga qodirsiz. Ehtimol, sizning kayfiyatingiz ko‘proq tashqi omillarga bog‘liq. Noqulay vaziyatlar sizni qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Bunday hollarda siz asabiylashib, bezovtalanasiz. Ojizligingizni namoyon etishingiz mumkin. Bularning barchasi ishingiz samaradorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Noqulay holatlarni bartaraf etishga siz hamisha ham qodir emassiz. Ammo o‘zingizni, his-tuyg‘ularingizni boshqara olishingiz kerak va lozim.
2.3. Agar sizning javoblaringizda uchinchi variant ustuvor bo‘lsa, sizdagi ijobiy psixoemotsional holat ishingiz samaradorligini belgilab beradi. Siz favqulodda holatlarda o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymaysiz, ularning oqibatlari uchun mas’ul qarorlar qabul qilishga qodirsiz. Sizning hissiy barqarorligingiz, uzoqni ko‘ra bilishingiz va mehnatsevarligingiz ta’lim muassasasidagi psixologik muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
 
III. O‘Z-O‘ZINI BAHOLASH
 
3.1. Agar sizning javoblaringizda birinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda o‘zingizni ijobiy qabul qila olasiz. Siz ijodiy fikrlaysiz, darsda jonli muloqot muhitini yaratishga qodirsiz, o‘quvchilar bilan hamjihatlikda ishlab, ularga psixologik yordam ko‘rsata olasiz. Siz o‘quvchilarni shaxs sifatida qabul qilasiz va ularni qadrlaysiz. Bu esa o‘quvchilarning hissiy rivojlanishiga va o‘zlari haqidagi tasavvurlarining reallikka aylanishiga olib keladi. Siz shijoatingiz, yorqin xulq-atvoringiz, ijodiy yondashuvingiz va demokratik tamoyillarga amal qilishingiz bilan ajralib turasiz.
3.2. Agar sizning javoblaringizda ikkinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda o‘z-o‘zingizni baholashingiz nobarqaror. U tashqi shart-sharoitga, kayfiyatga, atrofdagilarning fikriga bog‘liq. Sizning mehnatingizga berilgan ijobiy baho va ko‘tarinki kayfiyat ijodiy parvozingizga turtki beradi. Siz erkin, o‘zingizga ishonasiz, o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsata olasiz va ularning shaxs sifatida shakllanishiga to‘g‘ri yo‘nalish berasiz. O‘z-o‘zingizga berilgan past baho («muvaffaqiyatsizlikdan keyin») tevarak-atrofdagilar bilan munosabatingiz samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kasbiy va hayotiy muammolarni hal etishingizda qiyinchilik tug‘diradi.
3.3. Agar sizning javoblaringizda uchinchi variant ustuvor bo‘lsa, bu hol sizning atrofdagilaringiz bilan har doim ham erkin muloqotga kirisha olmasligingizni ko‘rsatadi. Bu sizning shaxsiyatingiz ahamiyatini pasaytiradi. Xulq-atvoringizda o‘zgarishlar bor. Ko‘p hollarda bu sizda tevarak-atrofdagilarga nisbatan salbiy munosabat tug‘diradi. Bu jonli, ishonch bilan harakat qilishingizga va darsda yaxshi ijodiy muhit yaratishingizga xalaqit beradi. Sinfda o‘zingizni ishonchsiz his qilasiz. Psixologik himoyaga zarurat sezmaysiz. O‘zingiz va o‘quvchilar imkoniyatini cheklaysiz.
 
IV. TA’LIM BERISH USULI
 
4.1. Agar sizning javoblaringizda birinchi variant ustuvor bo‘lsa, bu sizning yetakchilik xususiyatga egaligingiz va «kuchli pedagog» ekaningizdan dalolat beradi.
O‘quvchi siz uchun teng huquqli hamkor emas, balki ta’sir ko‘rsatish obyekti hisoblanadi. Siz o‘quvchilarga keskin va talabchanlik bilan munosabatda bo‘lasiz. Vaziyatlar va o‘quvchilarning fikr-mulohazasini hisobga olmagan holda qarorlar qabul qilasiz.
Sizning o‘qitish usulingizdagi yakka hokimlik (avtoritarlik) darslarda ijobiy psixologik muhit va ishonchli munosabat o‘rnatishga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda o‘quvchilar o‘z faolligi va mustaqilligini yo‘qotadi, ular o‘z-o‘zini ancha past baholaydi, o‘zini psixologik himoya qilish maqsadida agressiv kayfiyatga beriladi.
Ehtimol, sizni endi «o‘qituvchi-boshliq» vazifasi unchalik qanoatlantirmas va shuning uchun ham kasbiy va shaxsiy sohada o‘zingizni kamol toptirishga, o‘zaro muloqot tamoyillarini yanada chuqurroq o‘zlashtirishga qodirsiz?
4.2. Agar sizning javoblaringizda ikkinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda siz tinchliksevarlik tarafdorisiz. Siz ruhiy zo‘riqishdan, ziddiyatlardan o‘zingizni olib qochasiz. Siz ko‘p hollarda o‘zingizni aybdor his qilasiz va o‘zgalar yumushini o‘z zimmangizga olasiz. O‘quvchilar faoliyatini tashkil etish va nazorat qilishingizda izchillik yo‘q. Sizda ikkilanish va qat’iyatsizlik kuzatiladi.
Ta’limdagi bunday erkin usul o‘quvchilarda o‘qituvchiga nisbatan hurmat rivojlanishiga, ishni samarali tashkil etish va mas’uliyat hissining ortishiga olib kelmaydi. Siz ko‘p yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yasiz. Sizda o‘zingizdan qoniqmaslik, bezovtalanish, qo‘rquv va ishonchsizlik hissi yuqori. Siz uchun tevarak-atrofingizdagilar va o‘quvchilar bilan yangi hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish payti kelmadimikan?
4.3. Agar sizning javoblaringizda uchinchi variant ustuvor bo‘lsa, u holda siz uchun o‘quvchi teng huquqli hamkor. Siz o‘quvchilarni qaror qabul qilishga jalb etasiz, ularning fikr-mulohazalarini tinglaysiz, mustaqil fikrlashini rag‘batlantirasiz, nafaqat bilimlarni o‘zlashtirishini, balki shaxsiy sifatlarini ham e’tiborga olasiz.
Maslahat, iltimos, faoliyatga rag‘bat uyg‘otish, ruhlantirish sizning asosiy ta’sir ko‘rsatish vositangiz hisoblanadi. O‘z kasbiy faoliyatingizdan qanoatlanasiz. O‘zingiz va boshqalarni tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga harakat qilasiz. O‘quvchilar va jamoa bilan erkin muloqotga kirishasiz. Ruhiy-hissiy holatingiz ijobiy. Bu tarbiyalanuvchilar ruhiyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatib, ta’lim samaradorligini oshiradi.
 
V. JAVOBLARNING ISHONCHLILIGI
 
Birinchi-ikkinchi variantning ustuvorligi o‘z-o‘zingizni baholashda xolis va haqqoniy ekaningizni bildiradi. Uchinchi variant javoblarining ustuvorligi esa sizning ijtimoiy me’yorlarga bog‘liqligingizni bildiradi.

O‘zingizni yanada mukammal bilishni istasangiz psixolog mutaxassislarga murojaat qiling

Рўйхатдан ўтиш





Топ Рейтинг НИПС www.uz
100187, Ўзбекистон, Тошкент шаҳри, М.Улуғбек тумани, Буюк ипак йўли кўчаси, 243-уй.
Телефон: (+99871)265-90-92, факс: (+99871)265-90-92 e-mail: uzedu@exat.uz
Вазирлик иш кунлари: душанба-жума(9.00-18.00гача, 13.00-14.00гача тушлик),
дам олиш кунлари: шанба, якшанба ва байрам кунлари.
Матбуот хизмати рақами: (+99871)266-18-53

Ўзбекистон Республикаси Халқ таълими вазирлиги

Cайтнинг очиқлик сиёсати

Материалдан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда, uzedu.uz манбаси кўрсатилиши шарт.

Вазирлик сайтининг олдинги варианти.

Ҳозир сайтда: 38

Хато кўрсангиз белгиланг ва Ctrl+Enter ни босинг.